Harakat motivlari va motivlar kurashi. Kishi biron maqsadni, ayniqsa, shu maqsadga etish uchun biron yo‘l va usulni tanlar ekan, nega boshqa maqsadni emas, xuddi shu maqsadni tanlashi kerak, bu maqsadga nima uchun boshqa yo‘llar bilan emas, balki mana shu yo‘llar bilan hal etishi kerak degan savolni ko‘ngildan o‘tkazadi. Maqsadni va unga etish yo‘lini tanlash jarayonida unga ma’qul yoki noma’qulligi nuqtai nazaridan baho beriladi.
Maqsadni va unga etishish yo‘llarining ma’qulligi yoki noma’qulligini belgilab beradigan hamma narsa ish-harakat motivlari deb ataladi. Kishi nega boshqa bir maqsadni emas, balki xuddi shu vositalar bilan ish ko‘rishni, yoki ish ko‘rmoqchi bo‘layotganining sababi nima degan savolga javob motiv mazmunini tashkil etadi.
Irodaviy ixtiyoriy harakatlar g‘ayri ixtiyoriy (irodadan tashqari) harakatlardan farq qilib, motiv tufayli sodir bo‘ladi.
Qarorga kelish. Maqsadga etishish yo‘llarini va vositalarini tanlash jarayonida rejalashtirish, motivlar kurashi bilan bog‘langan bo‘lib, qarorga kelish bilan tugaydi. Qarorga kelish-muayyan bir maqsadni va shu maqsadga erishish yo‘lida harakat usullaridan birini tanlab olish demakdir. Motivlar kurashida buning ma’nosi shuki, motivlardan biri hal qiluvchi rol o‘ynagan bo‘ladi. Masalan, kechqurun qayoqqa borish kerak – teatrgami yoki o‘rtog‘ining yonigami-degan motivlar kurashi natijasida kishi bormoqchi bo‘lgan joyi haqida qarorga keladi.
Qarorni ijro etish. Qaror unga muvofiq keladigan choralar ko‘rish va harakat qilish uchun qabul qilinadi. Qarordan harakatga o‘tishni ijro qilish (yoki bajarish) deyiladi. Irodaviy jarayonda eng muhim narsa-qabul qilingan qarorni ijro etishdir. Irodaviy harakatlar ikki xil bo‘ladi: jismoniy va aqliy harakatlar. Jismoniy harakatlarga har xil mehnat operatsiyalari, o‘yin, sport mashg‘ulotlari va boshqalar. kiradi. Aqliy harakatlarga esa masala echish, yozma ishlar, dars tayyorlash, ilmiy tadqiqot ishlarini olib borish va shu kabilar kiradi. Ko‘p vaqt takrorlanib, o‘zlashib ketgan ko‘nikma va odat bo‘lib ketgan harakatlar ham murakkab irodaviy harakatlardandir.
Qarorni ijro etish odatda ma’lum vaqt, muddat bilan bog‘liq bo‘ladi. Qaror kechikmasdan belgilangan vaqtda ijro etilsa bu irodaning ijobiy sifatidan dalolat beradi. Bu esa ishchanlik, puxtalikni bildiradi.
Kishining irodaviy sifatlari ya’ni iroda kuchi, mustaqilligi jihatidan ayrim hollarda turlicha namoyon bo‘ladi. Har bir kishida irodaning ayrim sifatlari umr bo‘yi mustahkamlanib, shu odamning xususiy sifatlari (ya’ni doimiy xislatlari) bo‘lib qolishi mumkin. Shaxsning bu o‘ziga xos xususiyatlari xarakter xislatlari deb ataladi. Har bir kishidagi biron bir irodaviy sifatlarning har qanday namoyon bo‘lishi shu kishi xarakterining xislati bo‘lavermaydi.
Ofitserga duch kelib qolgan askar beixtiyor o‘ng qo‘lini o‘ng qulog‘ining ustiga qo‘ygancha unga harbiychasiga salom berdi, xolbuki u buni qilmasligi lozim edi, chunki uning bosh kiyimi yo‘q edi. Askarning bu harakatiga kutilmagan, bexosdan bo‘lgan, reflektiv harakat deyiladi. Kishining hamma ta’sirlanishlari reflektor tabiatga ega, lekin askarning yuqorida tasvirlangan harakati ongning nazoratisiz yoki uning etarli ishtirokisiz, ma’lum bir maqsadsiz amalga oshirilgan bo‘lib, shu sababli ixtiyorsiz harakat yoki ataylab qilinmagan harakat deyiladi. Lekin har bir kishi juda ko‘p oddiy va murakkab harakatlarni amalga oshiradiki, ular batamom ongli ravishda bajariladi va muayyan maqsadni ko‘zlaydi.
Iroda – bu shaxsning ongli harakatlarida, o‘z-o‘zini tuta bilishida ifodalanadigan, ayniqsa, maqsadga erishish yo‘lida uchraydigan jismoniy va ruhiy qiyinchiliklarni engib chiqishda namoyon bo‘ladigan ixtiyoriy faolligi.
Iroda ham boshqa ruhiy hodisalar singari voqelikni, xususan jamiyatdagi, alohida kishilar hayotidagi zaruratni aks ettirishning maxsus shakli hisoblanadi. Shuning uchun ham iroda, garchi kishilarning ixtiyoriy faolligi bo‘lsa ham, ob’ektiv sabablar, shaxsning yashash tartibi va sharoitlari bilan belgilanadi.
Irodaviy xatti-harakat uch bosqichdan iborat: