Ikkinchi bosqich ishlab chiqarishning sanoatlashuv davriga to’g’ri kelib, yirik mashinalashgan ishlab chiqarishning vujudga kelishi va tadbirkorlarning ko’proq foyda olishga intilishi tashqi savdoni deyarli barcha milliy xo’jaliklarning tarkibiy qismiga aylantirib qo’yishi natijasida XVIII-XIX asrlarda rivojlangan jahon bozori paydo bo’ldi. Uchinchi bosqich XIX-XX asrlarga to’g’ri kelib, bu davrda jahon xo’jaligi tizimi shakllandi.
To’rtinchi bosqich XX asrning 60-yillaridan boshlab, ya’ni ko’plab mustamlaka mamlakatlarning siyosiy qaramlikdan ozod bo’lishi natijasida zamonaviy jahon iqtisodiyotida ijobiy o’zgarishlarning yangi tendentsiyalarini paydo bo’lishi bilan bog’liq. Bu tendentsiyalar quyidagilardan iborat:
iqtisodiy manfaatdorlik asosidagi xalqaro hamkorlik;
ishlab chiqarishning baynalminallashuvi;
jahon miqyosidagi bozor makonlarining kengayishi;
jahon xo’jaligi aloqalari majmuining rivojlanishi.
«Jahon xo’jaligi», «butunjahon xo’jaligi», «jahon iqtisodiyoti» tushunchalari bir xil ma’noni anglatib, ba’zi manbalarda ularning keng va tor ma’nolari farqlanadi. Keng ma’nosiga ko’ra, jahon xo’jaligi – bu jahondagi barcha milliy iqtisodiyotlarning yig’indisidir. Tor ma’nosiga ko’ra – bu milliy iqtisodiyotlarning faqat tashqi dunyo bilan o’zaro aloqada bo’lgan qismlari majmuidir. Biroq, bu ikkala ma’no o’rtasidagi tafovut borgan sari sezilmay qolmoqda, chunki barcha mamlakatlarda tashqi dunyo bilan bevosita yoki bilvosita aloqaga kirishmagan tarmoq yoki sohalar tobora kamayib bormoqda.
Demak, jahon xo’jaligi – bu xalqaro mehnat taqsimoti, savdo, ishlab chiqarish, moliyaviy, ilmiy-texnikaviy va boshqa iqtisodiy aloqalari kuchaygan turli mamlakatlar xo’jaliklari umumiy tizimidir.
Jahon xo’jaligi sub’ektlari bo’lib quyidagilar hisoblanadi:
- o’z ichiga milliy iqtisodiyot majmuini oluvchi turli mamlakatlar;
- transmilliy korporatsiyalar;
- xalqaro tashkilot va institutlar;
- milliy iqtisodiyot chegarasidan chiqqan, xo’jalik barcha sohalari tarkibidagi firmalar.
Jahon xo’jaligi milliy xo’jalikdan yagona jahon bozorining mavjudligi bilan farqlanadi. Jahon bozorining amal qilishiga rivojlangan mamlakatlarning iqtisodiy siyosati ahamiyatli ta’sir ko’rsatadi. Jahon bozorining o’ziga xos xususiyati bo’lib jahon narxlari va xalqaro raqobat tizimining amal qilishi hisoblanadi. Aynan xalqaro raqobatning mavjudligi turli darajadagi milliy qiymatlarni yagona baynalminal qiymatga keltiradi. Jahon narxi jahon bozoriga ne’matlarning asosiy hajmini yetkazib beruvchi mamlakatlardagi shart-sharoitlar orqali aniqlanadi. Mamlakatlar o’rtasida sotish bozorlarini egallash uchun keskin raqobat kurashi olib boriladi.
Jahon xo’jaligida har bir o’zgarishlar (jahon bozoridagi narxlar harakati va alohida mamlakatning eksport imkoniyatidan tortib dunyo iqtisodiyotidagi tarkibiy siljishlar va xalqaro monopoliyalar faoliyatigacha) dunyodagi barcha mamlakatlar manfaatini o’ziga tortadi. Mamlakatning savdo, ishlab chiqarish, valyuta-moliya sohalaridagi jahon tamoyillariga bog’liqlik ob’ektiv reallik hisoblanadi.
Hozirgi davrda har qanday mamlakatni uning iqtisodiyoti qanday rivojlangan bo’lishidan qat’iy nazar, jahon xo’jaligi aloqalariga jalb qilmasdan to’laqonli iqtisodiy rivojlanishini ta’minlash mumkin emas.Dunyo bir-biridan maqsadlari, amal qilish mexanizmi bilan farqlanuvchi turli xil ijtimoiy-iqtisodiy tuzumlar, xalqaro guruhlarga bo’lingan. Jahon hamjamiyati mamlakatlarini turkumlash har xil mezonlar asosida amalga oshiriladi.
Turli mamlakatlarning iqtisodiy rivojlanish ko’rsatkichlarining turli-tumanligi ular taraqqiyot darajasini qandaydir bitta nuqtai-nazardan baholash imkonini bermaydi. Shunga ko’ra, mazkur maqsadda bir necha asosiy ko’rsatkich va mezonlardan foydalaniladi:
- mutlaq va nisbiy YaIM;
- milliy daromad va uning aholi jon boshiga to’g’ri keluvchi miqdori;
- milliy iqtisodiyotning tarmoq tuzilmasi;
- mamlakat eksporti va importi tarkibiy tuzilmasi;
- aholining turmush darajasi, sifati va boshqalar.
Mamlakatning jahon xo’jaligidagi o’rnini aniqlashda bir necha yondashuvlar mavjud. Ulardan eng oddiylari – mamlakatlarni aholi jon boshiga to’g’ri keluvchi daromad darajasi bo’yicha guruhlarga ajratish hisoblanadi. Bunday yondashuv BMT, Xalqaro valyuta fondi (XVF), Jahon tiklanish va taraqqiyot banki (JTTB) tomonidan qo’llaniladi. Masalan, JTTB daromad darajasiga ko’ra mamlakatlarning uchta guruhini farqlaydi. 1995 yili aholi jon boshiga to’g’ri keluvchi milliy daromadlarning quyidagi chegaraviy miqdorlari belgilangan edi:
- daromadlarning past darajasi – 765 dollargacha (49 ta mamlakat);
- daromadlarning o’rtacha darajasi – 766 dollardan 9385 dollargacha (58 ta mamlakat);
- daromadlarning yuqori darajasi – 9386 dollar va undan yuqori (26 ta mamlakat).
Jahon hamjamiyati mamlakatlarini turkumlashga umumiy asosda yondashib xo’jalik tizimlarining xususiyatlariga mos ravishda davlatlarning uchta guruhini ajratib ko’rsatish mumkin: rivojlangan, bozor iqtisodiyotiga asoslangan holda rivojlanayotgan va bozor iqtisodiyoti mavjud bo’lmagan mamlakatlar. Rivojlanganlik darajasi bo’yicha ham o’z navbatida uchta guruh farqlanadi: past, o’rtacha va yuqori rivojlangan mamlakatlar. Shimoli-sharqiy Osiyo va Lotin Amerikasidagi yangi industrial mamlakatlar (YaIM), yuqori daromadli neft eksport qiluvchi mamlakatlar (Saudiya Arabistoni, Quvayt va boshqalar), eng kam rivojlangan mamlakatlar (EKRM), shu jumladan eng kambag’al mamlakatlar (CHad, Bangladesh, Efiopiya), har xil mintaqaviy ittifoqlar va baynalminal guruhlarga ajratiladi.Bu barcha turli-tumanlik bir butun yaxlitlikka o’zaro iqtisodiy bog’liqlikning har xil jihatlari orqali tortiladi. Hozirgi xo’jalik aloqalarining chuqurlashib borayotganligi, baynalminallashuvning kuchayishi hamda fan-texnika inqilobining keng qamrovli tavsifi, aloqa va kommunikatsiya vositalarining butunlay yangi roli sharoitida milliy iqtisodiyot o’z-o’zini ta’minlash orqali samarali amal qilishi mumkin emas.
Dostları ilə paylaş: |