1 – asosiy masalaning bayoni: Sirojiddin Sidqiy 1884 yil Toshkent yaqinidagi Xondaqlik qishlog’ida tug’ildi. Otasi Mirzohidoxun o’qimishli kishilardan bo’lgan. Shoir o’z otasining «kamdastroq», «bechoraholroq» bo’lganligidan xabar beradi.
Olti–etti yoshlarida Sirojiddinning savodi chiqadi. Xati ravon bo’lib, qisqa muddatda sheriklari orasidan ko’zga tashlanib qoladi. 1909 yilda Toshkentga kelib, Kesakqo’rg’on mahallasidagi Mardrasai Rahmatullohda Shomuhiddin ohund qo’lida arab tili sarf (morfologiya) u nahv (sintaksis)ini o’rganadi. Hattotlikka muhabbat qo’yib, zamonasining mashhur kotibi Muhammad Shohmurodga shogird tushadi. So’ngra Farg’ona vodiysiga borib, Mirzo Hoshim Xo’jandiydan suls, taliq ruq’a, yoqutiy, ubaydiy, lohuriy kabi xatlarni o’rganadi. Ayni paytda sher mashq qila boshlaydi. Tarjima bilan shug’ullanadi. Mo’minjon Muhammadjonovning malum qilishicha, Sidqiy «Ko’kaldosh» madrasasida Miskin va Xislatlar bilan bir vaqtda o’qigan. So’ng Sidqiy «Beklarbegi»da tahsil olgan. Sidqiy o’z tarjimai holida Xislatning nomini alohida ehtirom bilan tilga oladi, undan sher ilmini o’rganganini aytadi. Sidqiyning shoir sifatida shakllanishida Karimbek Kamiyning xizmati katta bo’ldi.
Sidqiyning ilk sherlari muhabbat mavzusida yozilgan va bularni (2 sher kitobi) u «Shavkat» taxallusi bilan yozdi. 1913 yilda «Tuhfai Shavkat», 1914 yilda esa «Savg’oti Shavkat» kitoblarini nashr ettirdi. Shoir bir qator sherlariga «Shevan» (nola, fig’on) taxallusini ham qo’llagan. Lekin keyinchalik barcha asarlarini Sidqiy taxallusi bilan chop etdi. Hatto eski g’azallarini ham tahrir qilib, «Sidqiy»ga o’zgartirgan, devonining nomini «Devoni Sidqiy» atagan edi.
Shoirning o’zi tabiatan mehnatkash, hunar va kasb o’rganishga moyil va mohir bir kishi edi. U xushxatlikdan tashqari tosh yo’nib, unga turli ishlov berish, xat yozish, turli bezaklar tushirish, suratlar ishlash, muhr «qazish»ni o’rniga qo’ygan. U hushtak yasash, qush ovlash, parvarish qilishga ham usta bo’lgan. Asalari boqqan.
Adabiyotga oshiqona sherlar bilan kirib kelgan shoir o’z hayoti davomida janri, mazmun yo’nalishi, maqsad-mohiyatiga ko’ra xilma-xil asarlar yozdi. U badiiy ijodga badiiy lazzatgina oladigan bir go’zallik timsoli deb qaramadi. Uni hayot va kurash uchun vosita ham deb bildi. Shuning uchun hajviyot shoir ijodidan keng o’rin oldi.
Sidqiy tabiatan tikso’z, hozirjavob, haqtalab, adolatsizlik bilan hech bir chiqisha olmaydigan, ayniqsa, tekinxo’rlik, tama’girlik va poraxo’rlikni insonlikka buyuk ofat biluvchi g’oyat pokiza vijdon egasi edi. U buning jabrini ham ko’p ko’rdi.
Chunonchi, uning O’nqo’rg’on qozisi haqida bir voqeiy hikoyasi bor. Bu sheriy hikoya elon qilingach, shoirning boshi baloga qoladi va 2 yil Farg’onada qochib yurishga majbur bo’ladi.
Darhaqiqat shoirning «Yuz ming osafki, charx mani qildi bevatan» deb boshlanadigan musaddasi vatandan ayrilgan paytdagi yuzaga kelgan ijod namunalaridan biridir.
Bu hol sho’rolar zamonida yanada kuchaydi. Inqilobdan oldin tinimsiz ijod qilgani, o’nlab sheriy, nasriy asarlar, hajviyalar, tarjima yozib nashr ettirgani holda sovet davrida durustroq bir asar yozmaganligini shoir quyidagicha izohlaydi:
«Barchaga mashhurdirki, har bir mol xaridor birla rivoj topadigi kabi so’z ham haridor ko’plugi birlan va talabgor jo’shishi ilan taraqqiy etar. So’z haridori o’lmag’ondurki, hozirgi asrimizda qadimgi shoirlarimizning amsolini ko’rmaydurmiz.
Bechora Sidqiyning oz sher aytmog’iga bois so’z xaridorining yo’qligidir».
Shoirning oilaviy ahvoli rohatda kechgan emas. O’g’illari Fathulkarim va Omonullolarning ketma–ket vafoti Sidkiyning qaddini tamom bo’qib qo’ydi. Sidqiy 1934 yili o’z tug’ilib o’sgan qishlog’ida vafot etdi.