X!X asrning 60-yillariga qadar o’zbek tilshunosligida shevalar monografik usulda o’rganilib kelingan, bu jarayon hozirgi kunga qadar davom etib kelmoqda. Biroq 60- yillardan so’ng o’zbek shevalarini o’rganish ikki xil yo’nalishda: 1) monografik usul; 2)lingvografik asosida o’rganila boshlandi.
Monografik usul bilan o’rganishda shevalar tavsifiy usulda yozib olinib, boshqa o’zbek shevalari va adabiy tilda qabul qilingan so’zlar tovush va qo’shimchalar bilan qiyoslanar edi.
Bu usulda og’zaki nutqni transkriptsiyaga yozib olish, yozib olingan matnlarni izohlash, dialektal xususiyatlarni o’rganish, dialektal lug’atlar tuzish monografiyalar yaratish va shu kabilardan iborat.
Birinchi asosiy savolning bayoni:
Lingvistik geografiya (lingvo-geografiya) – tilshunoslikning bir bo’limi bo’lib, u ma’lum territoriyada tarqalgan til hodisalari (tovushlar, grammatik formalar, so’zlar)ni aniqlaydi, ularni o’sha joyga bo’lgan munosabatini ko’rsatadi. Territorial til xususiyatlarini xalq tarixi til tarixi bilan aloqador holda taqqoslab, tushuntirib, kartalar orqali ifodalaydi. Lingvistik geografiya ham territorial dialektlarni o’rganadi. Uning eng muhim xususiyatlaridan biri ko’rgazmaliligi bo’lib, unda ma’lum til hodisalarining o’rni va tarqalish chegarasi karta va atlas vositasida aniq belgilab berildi. Karta va atlas ham lingvistik geografiyaning ifoda vositasi bo’lib, uning asosiy maqsadi tilning taraqqiyot qonuniyatlari va yo’llarini, konkret dialektlarni paydo bo’lishi va ularning milliy tilga bo’lgan munosabati, o’zaro aloqasini tushuntirib berishdan iboratdir. Lingvistik geografiya bir qator umumlingvistik problemalarni ya’ni tilda lahja, dialekt shevalar mavjud bo’lsa, ularning xususiyatlari nimalar bilan chegaralanishlari, dialektlarning umummilliy tilga bo’lgan munosabati va shu kabi masalalarni hal qilmog’i kerak.