Amerika Qoʻshma Shtatlari AQShda media savodxonlikni oshirish boʻyicha bir-nechta federal agentliklar tomonidan dasturlar ishlab chiqilgan. Masalan, AQSh federal savdo komissiyasi tomonidan ishlab chiqilgan Admongo dasturi 8-12 yoshdagi bolalar uchun moʻljallangan boʻlib, unda bola www.admongo.gov sayti orqali onlayn oʻyinni oʻynaydi. Bu oʻyin bolalarda media savodxonlik hamda reklamalarni tahlil qilish qobilyatini oshiradi. Tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, Admongoni muntazam ravishda oʻynab kelgan bolalar, bu oʻyinni oʻynamaganlarga nisbatan media savodxonlik boʻyicha oʻtkazilgan testda 9 %ga yaxshiroq natija koʻrsatgan.[2] 2010-yilda AQShda qabul qilingan AQSH Milliy Taʼlim Texnologiyasi rejasida ham Taʼlim departamenti tomonidan ilgari surilgan „Media kelajagi“ tashabbusi aholi orasida raqamli va media savodxonlik darajasini oshirishga qaratilgan dasturlarni oʻz ichiga olar edi. Ketrin T. Makartur jamgʻarmasi ham raqamli media va taʼlim sohasidagi tadqiqotlar uchun 80 million dollardan koʻproq mablagʻ ajratib, turli tadqiqot va amaliy loyihalarni qoʻllab-quvvatladi.[3] Yana bir AQShdagi media savodxonlik darajasi va reklama tahlil qilish qobilyatini aholi orasida keng targʻib etib kelayotgan tashkilotlardan biri — Media savodxonlikni oshirish milliy assotsatsiyasi hisoblanadi. Bu tashkilot 1997-yildan buyon faoliyat olib boradi va NAMLE konfrensiyasi, Media savodxonlik haftaligi kabi dasturlari orqali media savodxonlikni targʻib qilib kelmoqda.[4] Kanada Kanadada media savodxonlikni targʻib etish va rivojlantirish XX asrning oxirlarida yuksala boshlandi. Shimoliy Amerikada taʼlim mavzusi sifatida ommaviy media savodxonlikka yondashuvning boshlanishi 1978-yilda Ontarioda joylashgan Association for Media Literacy (Media Savodxonlik Uyushmasi) (AML) tashkil etilishi bilan bogʻliq. Oʻsha vaqtgacha ommaviy axborot vositalarida oʻqitish odatda individual tarzda amalga oshirilgan. 1987-yilda Ontario Media Savodxonligi Assotsiatsiyasidan (AML) bir guruh oʻqituvchilar Ontario hukumati uchun Media savodxonlikning asosiy tushunchalarini ishlab chiqdilar. Oʻsha paytda media savodxonlik 8-13-sinflar uchun ingliz tili oʻquv dasturining bir qismi sifatida belgilab qoʻyilgan edi. Tadqiqotchilar bir necha oy davomida ishlab, Avstraliya va Buyuk Britaniyadagi turli manbalardan olingan asosiy tushunchalarni, xususan, Len Masterman va kanadaliklarni ham gʻoyalarini qoʻshishdi.[5] Ushbu loyihada faol ishtirok etgan kanadaliklardan biri Jon Pungente boʻlib, keyinchalik u oʻzining More Than Meets the Eye: Watching Television Watching Us asarida ham media savodxonlik konsepsiyalarini bayon etadi.
Kanada Shimoliy Amerikada birinchi boʻlib maktab oʻquv dasturida media savodxonlikni targʻib qildi. Har bir viloyat oʻz oʻquv dasturida ommaviy axborot vositalarini majburiy ravishda belgilab qoʻydilar. Masalan, Kvebekning yangi oʻquv dasturi 1-sinfdan oʻrta maktabning soʻnggi yiligacha media-savodxonlikni qamrab oladi. Kanadada media-taʼlimning boshlanishi ikki sababga koʻra yuzaga keldi. Buning bir sababi Amerika ommaviy madaniyatining keng tarqalishi haqidagi xavotir boʻlsa, ikkinchisi yangi taʼlim paradigmalari uchun kontekstning taʼlim tizimiga bogʻliqligi edi. Kanadalik olim Marshall Makluan 1950- va 60-yillarda media savodxonlik boʻyicha Shimoliy Amerika taʼlim harakatini yaratdi.[6] Yevropa Yevropada oʻtkazilgan taʼlim islohotlari negizida media savodxonlikni oshirishda katta yutuqlarga erishildi. Birlashgan Qirollikda Aloqa agentligi media savodxonlikni oshirish boʻyicha yirik siyosiy tashabbusni amalga oshirdi. Raqamli, madaniyat, media va sport departamenti (DCMS) ham 2021-yildan boshlab britaniyalik bolalar orasida media savodxonlikni oshirish strategiyasini boshladi. Strategiyaning maqsadi yosh avlodni notoʻgʻri maʼlumotni aniqlashga oʻrgatish. Natijalar esa quyidagicha boʻldi:
Bolalarning faqat 2 % notoʻgʻri maʼlumotni aniqlash uchun zarur boʻlgan koʻnikmalarga ega
Oʻqituvchilarning yarmi (53,5 %) milliy oʻquv dasturi bolalarga soxta yangiliklarni aniqlash uchun zarur boʻlgan savodxonlik koʻnikmalarini bermaydi, deb hisoblaydi*
5 ta ota-onaning 2 tasi (39 %) hech qachon uyda bolasi bilan yangiliklarni tomosha qilmaydi, tinglamaydi yoki oʻqimaydi[7] Yevropa komissiyasi tomonidan media savodxonligini oshirish va axborot almashishni rivojlantirishga yordam berish uchun stipendiyalar ham joriy qilingan.
Skandinaviya mamlakatlarida media savodxonlikning taʼlimga kirib kelishi XX asrning 70-80- yillarida sodir boʻldi. Xususan, 1970-yilda Finlyandiyada boshlangʻich taʼlimga media savodxonlik dasturi qoʻshilgan boʻlsa, 1977-yilda oʻrta maktablarda ham media savodxonlik dars sifatida oʻtila boshlandi. Finlyandiyada mediataʼlim nafaqat bolalar bogʻchalari va maktablarda, balki kutubxonalar, oʻyin xonalari, yoshlar markazlari, hatto virtual jamoalar va raqamli oʻyinlarda, xullas, bolalar va yoshlar boʻlgan barcha joylarda amalga oshiriladi. Finlandiyada media savodxonlikni targʻib qiluvchi qariyb 100 ta tashkilot mavjud boʻlib, ulardan bir Finlyandiya mediataʼlim jamiyati hisoblanadi. Bu tashkilot nafaqat ushbu sohada milliy miqyosdagi tadqiqot va amaliyotni qoʻllab-quvvatlaydi, balki aholi orasida media axborot savodxonligini rivojlantirishga yordam beradi..Yana bir Finlandiyadagi media savodxonlik targʻibotchilaridan biri Taʼlim va madaniyat vazirligi huzuridagi Milliy audiovizual instituti boʻlib — Finlyandiya mediataʼlim boʻyicha idorasi boʻlib, uning vazifasi mediataʼlimni targʻib qilishdan iborat.
Fransiyada ommaviy axborot vositalarida faoliyat olib boruvchi va taʼlim beruvchi oʻqituvchilar uchun konferensiyalar va media kurslar doimiy tarzda tashkil etiladi.
1970-1980-yillarda Germaniyada media savodxonlik boʻyicha nazariy nashrlar paydo boʻldi va 80-90-yillarda media savodxonlik taʼlim tizimiga kiritildi, shuningdek, odamlar orasida media taʼlimiga qiziqish ortdi.
Rossiyada 1950-yillarning oxiri — 1960-yillarning boshlarida oʻrta maktablarda, universitetlarda, maktabdan tashqari bolalar markazlarida (asosan Moskva, Leningrad, Voronej, Samara, Kurgan, Tver, Rostov, Taganrog, Novosibirsk, Ekaterinburg va boshqa shaharlarda) media taʼlimi paydo boʻla boshladi. Gʻarbiy yarim sharda ommaviy axborot vositalarining taʼlim yondashuvlari jadal qayta koʻrib chiqilgan bir paytda, 1970-1980-yillarda Rossiyada media taʼlim estetik tushuncha doirasida rivojlandi. 1970-1990-yillardagi muhim yutuqlar orasida: taʼlim vazirligi tomonidan nashr etilgan birinchi rasmiy kino va media taʼlim dasturlari, media taʼlimi boʻyicha eksperimental nazariy va amaliy ishlar ham bor. Shuningdek, 2002-yilda pedagogika oliy oʻquv yurtlari uchun yangi ixtisoslashuv — „Media Education“ hamda 2005-yilda yangi „Media Education“ nashri ishga tushirildi. Bu nashr Moskvadagi UNESCO byurosi koʻmagida roʻyxatga olindi. Bundan tashqari, Rossiya kino taʼlimi va media pedagogika assotsiatsiyasining Internet saytlari (rus va ingliz versiyalari) yaratildi.[8] Osiyo Oʻz qadriyat va ananalariga ega boʻlgan Osiyo mamlakatlarida media savodxonlik va uning taʼlimga kirib kelishi jarayoni Gʻarb mamlakatlarininkidan farq qiladi. Oʻtgan asrning 90-yillaridan boshlab Sharqiy Osiyoda media savodxonlik tomon siljish kuzatildi. Soʻnggi yillarda Osiyoda media savodxonlik darajasi oʻsib bormoqda va Osiyo-tinch okeani mintaqasida media savodxonlik boʻyicha bir nechta dasturlar ham amalga oshirilmoqda.
Xitoyda oʻqituvchilar boshlangʻich maktablarda media savodxonlikni oʻqitishning muhimligini taʼlimda media savodxonlikka boʻlgan ehtiyojdan kelib chiqqan holda tan olishadi. Xitoyda media savodxonlikka oid dasturlar orasida bolalar tomonidan yaratilgan „Little masters“, bolalarning jamoaviy jurnali va muloqotning asosiy koʻnikmalarini oʻrganishga yordam beradigan, turli muammolarni yoritadigan Xitoy nashrlari eng ommalashgan dasturlar sanaladi.[9] Xitoy va Tayvanda xitoy tilida soʻzlashadigan talabalar orasida media savodxonlikni tekshirish boʻyicha tadqiqotlar olib borildi, ammo natijalar yanada ishonchli boʻlishi uchun qoʻshimcha tadqiqotlar talab etiladi.[10] Hindistonda 2001-yilda boshlangan „Cybermohalla“ dasturi yoshlarni texnologiyalarga kirish uchun katta xizmat qilgan loyiha boʻldi.[11] Vyetnamda bir guruh yosh jurnalistlar tomonidan1998-yilda UNICEF va Vyetnam milliy radiosi bilan hamkorlikda soxta ommaviy axborot vositalariga qarshi kurashish uchun YOJO tashkiloti tashkil etildi.
Singapurda ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish idorasi (MDA) media savodxonlikni XXI asr yashash uchun muhim vosita sifatida tan oladi.[12] 2017-oʻquv yilidan boshlab Tayvanda bolalar targʻibot va manbalarni tanqidiy oʻqish uchun moʻljallangan yangi oʻquv dasturi boʻyicha oʻrganmoqdalar. Kurs „media savodxonlik“ deb nomlanadi va yangi axborot jamiyatida jurnalistikani oʻqitishni taʼminlaydi.[13] 2018-yilda Eronda „Nasra“ — barcha bolalar, yoshlar va kattalarning taʼlim ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan harakat tashkil etildi. Ushbu ijtimoiy harakat raqamli media va aqliy salomatlikdan foydalanishga qaratilgan boʻlib, ommaviy axborot vositalaridan jamoatchilik uchun foydalanish qobiliyatini oshiradi.
Iordaniya ommaviy axborot vositalari va axborot savodxonligini rivojlantirishda oldinga siljimoqda,[14][15]Iordaniya Media instituti ommaviy axborot vositalari va aloqa texnologiyalari vositalari, raqamli axborot vositalari bilan ijobiy taʼsir oʻtkazish tushunchalari va koʻnikmalarini tarqatish, hamda ularning kamchiliklarini kamaytirish ustida ishlamoqda.[16]Livanning Beyrut shahrida 2013-yilda ochilgan akademiya Beyrut Media and Digital Literacy Academy(MDLAB) deb nomlangan boʻlib, talabalar tanqidiy media isteʼmolchilari boʻlishlarini maqsad qilgan.
Turkiyada media savodxonlik boʻyicha dasturlar Milliy taʼlim vazirligi va Radio va televideniya oliy kengashi (RTÜK) hamkorligida 6-, 7- va 8-sinf oʻquvchilari uchun media savodxonlik boʻyicha tanlov kursi sifatida boshlandi. Oliy Kengashning tartibga soluvchi organi ommaviy axborot vositalarining taʼsiri, jamoatchilik fikri va turli guruhlarning televizor koʻrish odatlari haqidagi tadqiqotlari va ularning natijalari Turkiyada media savodxonlik taʼlimi boshlanishiga asos boʻldi. 2000-yildan boshlab RTÜK bolalarni televizorning nojoʻya taʼsiridan himoya qilish maqsadida teledasturlar uchun „smart sign“larni joriy qildi.[17]Boshqacha qilib aytganda, Turkiyadagi media savodxonlik odamlarni ommaviy axborot vositalarining salbiy taʼsiridan xabardor boʻlishga oʻrgatish va bu taʼsirlardan qochishga imkon beradi; mediasavodxonlik kurslari esa bu maqsadni amalga oshirishning bir usuli sifatida qabul qilinadi.
Oʻzbekistonda 2021-2022-oʻquv yilidan boshlab 10-11-sinf oʻquvchilarining „Tarbiya“ darsligiga „Media savodxonlik“ boʻlimi kiritildi. Respublikaning OʻzJOKU, TDShU, OʻzMU, OʻzDJTU, QDU, SamDChTI kabi oliygohlarining jurnalistika fakultet va yoʻnalishlarida media savodxonlik darslari oʻtiladi.