4.7. Kodeksning 180-moddasi 9-bandiga muvofiq Yakka tartibdagi tadbirkor bilan mehnat munosabatlarida bo’lganlar – yakka tartibdagi tadbirkor bilan tuzilgan mehnat shartnomasiga ko’ra bajargan ishlari uchun olgan daromadlari bo’yicha, soliq solishdan to’liq ozod qilinadi.
4.8. Soliq kodeksining 276 va 291-moddalariga kiritilgan o’zgartirishlarda jismoniy shaxs yoki oilaviy korxona turar joydan yoki yer uchastkasidan unda istiqomat qilish bilan birga tovarlar ishlab chiqarish (ishlar bajarish, xizmatlar ko’rsatish) uchun ham foydalangan taqdirda, mol-mulk va yer soliqlarini jismoniy shaxslar uchun belgilangan stavkalar bo’yicha to’lash belgilandi.
4.9. Kodeksning 311-moddasiga muvofiq Sug’urta badallari soliq to’lovchining kalendar oyda ishlagan kunlari sonidan qat’i nazar, majburiy tartibda quyidagicha to’lanishi belgilandi:
1) yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan – oyiga eng kam ish haqidan kam bo’lmagan miqdorda;
2) yakka tartibdagi tadbirkorlar bilan mehnat munosabatlarida bo’lgan jismoniy shaxslar tomonidan (bundan buyon matnda yakka tartibdagi tadbirkorning xodimlari deb yuritiladi) – oyiga eng kam ish haqining 50 foizi miqdorida;
3) yuridik shaxs tashkil etmagan holda oilaviy tadbirkorlik shaklidagi faoliyatni amalga oshiruvchi oila a’zolari tomonidan:
yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro’yxatdan o’tgan oila a’zosi tomonidan – oyiga eng kam ish haqidan kam bo’lmagan miqdorda;
oilaning boshqa a’zolari tomonidan (o’n sakkiz yoshga to’lmaganlar bundan mustasno) – oyiga eng kam ish haqining 50 foizi miqdorida.
Yuridik shaxs tashkil etgan va tashkil etmagan holda tuzilgan dehqon xo’jaliklarining a’zolari sug’urta badallarini ixtiyoriylik asosida yiliga eng kam ish haqining to’rt yarim baravaridan kam bo’lmagan miqdorda to’laydi. Belgilangan miqdordagi sug’urta badallarining to’lanishi dehqon xo’jaligi a’zosining mehnat stajini hisoblab chiqarishda bir yil deb hisobga olinadi.
Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida ko’rsatilgan, yoshga doir pensiya olish huquqiga ega bo’lgan shaxslar, shuningdek I va II guruh nogironi bo’lgan shaxslar uchun sug’urta badalining miqdori uning belgilangan eng kam miqdorining kamida 50 foizini tashkil etishi kerak. Mazkur imtiyozlar pensiya guvohnomasi yoki tibbiy-mehnat ekspert komissiyasining ma’lumotnomasi asosida beriladi. Imtiyozga bo’lgan huquq kalendar yil davomida vujudga kelgan yoki bekor bo’lgan taqdirda, sug’urta badallarini qayta hisob-kitob qilish ushbu huquq vujudga kelgan yoki bekor bo’lgan oydan e’tiboran amalga oshiriladi.
Sug’urta badallarini to’lash quyidagicha amalga oshiriladi:
ushbu moddaning birinchi qismida ko’rsatilgan shaxslar tomonidan – har oyda, tadbirkorlik faoliyati amalga oshirilgan oyning 25-kunidan kechiktirmay;
yuridik shaxs tashkil etgan va tashkil etmagan holda tuzilgan dehqon xo’jaliklarining a’zolari tomonidan – hisobot yilining 1 oktabrigacha. Bunda sug’urta badallarining miqdori to’lov kuniga belgilangan eng kam ish haqi miqdoridan kelib chiqqan holda hisoblab chiqariladi.
Yangi ro’yxatdan o’tgan yakka tartibdagi tadbirkorlar va yuridik shaxs tashkil etmagan holda oilaviy tadbirkorlik shaklidagi faoliyatni amalga oshiruvchi oila a’zolari tomonidan sug’urta badallarini to’lash ular yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro’yxatidan o’tkazilgan oydan keyingi oydan boshlab amalga oshiriladi.
Sug’urta badallarini to’lash majburiyati quyidagilarning:
yuridik shaxs tashkil etmagan holda oilaviy tadbirkorlik shaklidagi faoliyatni amalga oshirayotgan oila a’zolari uchun – oilaviy tadbirkorlik sub’ekti nomidan ish yuritadigan, yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro’yxatdan o’tgan oila a’zosining;
yakka tartibdagi tadbirkorning xodimlari uchun – ushbu xodimlar bilan mehnat shartnomasini tuzgan yakka tartibdagi tadbirkorning zimmasiga yuklatiladi.
To’lov topshiriqnomasida (kirim orderida) soliq to’lovchining familiyasi, ismi, otasining ismi, identifikatsiya raqami va to’lov to’lanayotgan davr albatta ko’rsatilishi shart. Bunda oila a’zolari – oilaviy tadbirkorlik ishtirokchilari va xodim yollagan yakka tartibdagi tadbirkorlar bo’yicha to’lov topshiriqnomasi (kirim orderi) har bir oila a’zosi uchun va yakka tartibdagi tadbirkorning har bir yollangan xodimi uchun alohida-alohida yoziladi. Agar to’lov topshiriqnomasida (kirim orderida) davr ko’rsatilmagan bo’lsa, to’lov u amalga oshirilayotgan oy (dehqon xo’jaliklari a’zolari uchun – yil) uchun to’langan deb hisoblanadi.
Qonun hujjatlariga muvofiq sug’urta badallarini hisoblash va ushlab qolish majburiyati zimmasiga yuklatilmagan ish beruvchidan daromadlar oluvchi jismoniy shaxslar sug’urta badallarini jami yillik daromad to’g’risidagi deklaratsiyada ko’rsatilgan mehnatga haq to’lash tarzidagi daromadlar summasidan kelib chiqqan holda, sug’urta badallarini to’lash haqida jami yillik daromad to’g’risidagi deklaratsiyani taqdim etish bilan bir vaqtda beriladigan ariza asosida ixtiyoriy ravishda to’laydi.
Ushbu moddaning sakkizinchi qismida ko’rsatilgan shaxslar tomonidan sug’urta badallarini to’lash jami yillik daromad to’g’risidagi deklaratsiya ma’lumotlari bo’yicha davlat soliq xizmati organlari tomonidan hisoblab chiqariladigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig’ini to’lash muddatlarida amalga oshiriladi.
O’zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari xodimlarining, shuningdek O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan xalqaro hukumatlararo tashkilotlarga kvota qilingan lavozimlarga xizmat safariga yuborilgan shaxslarning sug’urta badallarini to’lash bo’yicha majburiyati O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining zimmasiga yuklatiladi. Sug’urta badallarini to’lash ushbu Kodeks 310-moddasining to’rtinchi qismida nazarda tutilgan muddatlarda amalga oshiriladi.