Didaktik talablar. Tabiatshunoslik darslarini o’tkazishning aniqligi vaqtdan oqilona foydalanish, dars mavzusi, maqsadi va vazifalarini to’g’ri qo’yish bilan ta‘minlanadi.
Dars vazifalarini belgilagach, o’qituvchi uning muvofiqroq strukturasini tanlashga kirishadi, ya‘ni so’rash, tushuntirish, mustahkamlash, yangi va ilgari o’zlashtirilganlarni nazorat qilish, bilimlarni umumlashtirish va sistemalashtirishlarni qanday izchillikda o’tkazish kerakligini, so’rashning qaysi turidan - yakka (individual) so’rash yoki umumiy so’rashdan foydalanishni o’ylab chiqadi.
Yangi materialni o’rganish vaqtini to’g’ri belgilash katta ahamiyatga ega. Yaxshi dars shu bilan farq qiladiki, unda yangi materialni o’rganish o’qituvchi va o’quvchilarning diqqat markazida turadi. U kengaytirilgan so’rash yoki takrorlash bilan to’sib qolinmaydi. Yangi material mazmunida o’quvchilar e‘tibori markazlashtirilishi zarur bo’lgan lahzalar alohida ajralib turadi. Yangi materialni o’rgana turib, o’qituvchi ilgari o’rganilganlarga albatta tayanadi, boshqa mavzular bilan eng muhimlarini ajratadi. Bunga “Cho’llar”( 4-sinf) mavzusi misol bo’lib xizmat qilishi mumkin.
Bu mavzuni o’rgana turib, o’quvchilar o’qituvchi rahbarligida cho’l iqlimining belgilarini: atmosfera yog’inlari miqdorining juda ozligini, yozning issiqligini, havo va tuproqning sutkalik hamda yillik o’zgarishining juda kattaligini sanab chiqadilar.
Xarita va suratlar bilan ishlash o’quvchilarga cho’l yuzasining xilma-xilligi, daryolar va ko’llarning kamligi, tuprog’ining asosan qumli va loyli ekanligi, o’simliklarning siyrakligi, ko’pincha o’tsimon ekanligi haqida xulosalar chiqarishga imkon beradi.
Eng muhim ma‘lumotlarni ajratish bilimlarni yaxshiroq o’zlashtirib olishga yordam beradi va uy vazifasini bajarish vaqtida o’quvchilarga og’ir bo’lishini oldini oladi. O’qituvchi uy ishining o’quvchilar vaqtini mo’ljallanganga qaraganda ko’p olmasligi to’g’risida g’amxo’rlik qilmog’i lozim.
Tabiatshunoslik darslarini o’tishda o’rganishni rag’batlantiruvchi metodlarga alohida e‘tibor ajratmoq kerak. Buning uchun qiziqarli masala va mashqlar, idrokiy o’yinlar, ko’rgazmali qurollardan foydalaniladi. Biroq har bir dars ham qiziqarli bo’lavermaydi. Oldinda turgan qiyinchiliklarni hisobga olib, o’quvchilarda iroda va astoydillikni hosil qilmoh kerak.
Darsni muvaffaqiyatli o’tishi uchun o’qituvchi rejadan tashqari uning mazmunini ifodalovchi konspektini tuzishi kerak. Unda darsda beriladigan savollar ro’yxati berilgan bo’ladi, qiziqarli - idrokiy materialdan foydalanib, hosil qilinadigan aniq vaziyatlar ko’rsatiladi. Konspektda darsda foydalaniladigan qo’shimcha manbalar (she‘rlar, maqollar, matallar, topishmoqlar, yozuvchilarning asarlaridan parchalar) ko’rsatilgan bo’lishi lozim. Endi ish boshlagan o’qituvchi darsda so’raydigan o’quvchining familiyasini ko’rsatishi va so’rash turini (barcha mavzu bo’yicha, yangi yoki o’tilgan material bo’yicha) va bajariladigan ishni (dars jarayonida ishtirok qilinishi, kuzatishlar, kundalikdagi ishlar, tabiatshunoslik daftarlaridagi ishlar, kontur yoki tabiiy xarita bilan ishlar va shu kabilarni) mo’ljallashi kerak.