Ko’mikning rivojlanishi tog’ayning suyaklanishi bilan parallel yuz berib, u embrion taraqqiyotining ikkinchi oyida dastlab o’mrov suyagida paydo bo`ladi. Ko’mik kurtagi dastavval periost tomondan bo’lajak suyak kurtagiga o’sib kiruvchi mezenxima hujayralaridan iborat bo’ladi. Shu yo’l bilan 3 oyda yassi suyaklarda (o’mrov, qovurg’a, to’sh, umurtqa va boshqa suyaklarda), 4 oyda esa naysimon suyaklarda suyak ko’migi paydo bo’ladi. Mezenxima differensiallashib, mikromuhit hosil qiluvchi retikulyar to’qimaga aylanadi. Bu to’qimaga qon tomirlar o’sib kirib, sinusoid gemokapillyarlarni hosil qiladi. Shu bilan birga mezenxima hujayralaridan qon tomirlar atrofida qonning o’zak hujayralari hosil bo`ladi. Embrion taraqqiyotining 6–7 oylarida suyak ko’migida qon yaratilish faoliyati boshlanadi va unda asosan eritrotsitlar, qisman granulotsitlar va qon plastinkalari hosil bo’ladi. Embrion taraqqiyotining oxirgi oylarida naysimon suyaklarning diafiz qismida joylashgan suyak ko’migida yog’ hujayralari paydo bo’ladi. Bu hujayralar bo’lg’usi sariq suyak ko’migining kurtaklari hisoblanadi. Sariq suyak ko’migi (ilik) yosh ulg’ayishi bilan ko’payib borib, naysimon suyaklar-ning diafizini to’ldiradi va deyarli yog’ hujayralaridan iborat bo’ladi. Homila tug’ilishi paytiga kelib qizil suyak ko’migi markaziy qon yaratuvchi a’zo sifatida xizmat qiladi.
Tuzilishi.
Voyaga yetgan organizmda qizil va sariq suyak ko’migi farqlanadi. Katta yoshdagi odamlarda g‘ovak, yassi suyaklar va uzun naysimon suyaklarning epifizlarida qizil ilik (medulla osseum rubra) va naysimon suyaklar diafizining ilik kanalida joylashgan sariq ilik (medulla osseum flavum) tafovut qilinadi. Qizil suyak ko’migi (medulla osseum rubra) qon yaratuvchi a’zo bo’lsa, sariq suyak ko’migi (medulla osseum flava) sog’lom organizmda qon yaratish qobiliyatiga ega bo’lmaydi. Qizil suyak ko’migi barcha yassi suyaklar g’ovak moddasini va naysimon suyaklarning epifiz qismini to’ldirib turadi. U organizm umumiy og’irligining 4–5 foizini tashkil etadi va o’rta hisobda 3–3,5 kg atrofida bo’ladi. Qizil suyak ko’migi to’q qizil rangli va qonga nisbatan xiyla quyuqroqdir. Uning yarim suyuq holatda bo’lishi undan surtmalar tayyorlab tekshirish imkoniyatini beradi. Ko’mikni tirik organizmdan punksiya usuli bilan olib tekshirish turli qon kasalliklarini aniqlashda g’oyat muhim ahamiyatga ega.