Mehnat qiyqiriqlari nazariyasi. Bu nazariya tarafdorlari tildagi barcha so`zlar ibtidoiy kishilarning birgalashib mehnat qilishlari jarayonida mehnat qilishga undaydigan ixtiyorsiz qiyqirishlar natijasida paydo bo`lgan, deb da’vo qiladilar. Uning asoschisi XIX asrning ikkinchi yarmida yashagan fransuz faylasufi L.Nuaredir. Nemis olimi Karl Byuxer ham shu nazariyani qo`llab quvvatlagan. Mehnat qiyqiriqlari nazariyasi undov nazariyasiga o`xshab ketadi. Biroq bunda qiyqiriq va hayqiriqlar kishilarning mehnati jarayonida yuz beradi. Instinktiv qiyqiriqlar mehnat bilan bog`liq bo`lsa-da , u biologik faktordir. Mehnat qilishdagi hayqirishlar mehnat jarayonidagi harakatni bir maromga solish uchun vosita bo`lgan, xolos. (Bu hozirda ham xuddi shunday.) Ammo hayqiriqlar, qiyqiriqlar mantiqan hech qachon kishilarning aloqa vositasi bo`la olgan emas.
Imo – ishoralar nazariyasi. Bu nazariyaning asoschilari nemis olimi Vundt va akademik N.Y.Marr bo`lib, ularning fikricha, insonlar tovush tili paydo bo`lgunga qadar bir birlari bilan imo-ishora orqali aloqa qilganlar. Marrning da’vo qilishicha , odamlar yarim million yil davomida “imo-ishora tili” orqali aloqa qilganlar va keyinchalik bu tovush tiliga aylangan. Agar insoniyatning hayvonot dunyosidan ajralib chiqqanligini, qorin to`yg`azish maqsadidagina mehnat qilganligini, jamoa bo`lib mehnat qilish natijasida tilning paydo bo`lishiga ehtiyoj tug`ilganligini hisobga olsak, kishilarning muhim aloqa vositasi bo`lgan tilga imo-ishora juda kichik bir qo`shimcha vosita bo`lganligini anglab yetish qiyin emas. Demak, inson nutqi taraqqiyotining ma’lum bir bosqichida imo-ishora tili kishilarning o`zaro aloqa qilishlarida yagona vosita bo`lgan edi, degan fikr ilmiy jihatdan asosli emas.
XIX asrning ikkinshi yarmida ijtimoiy kelishuv nazariyasi ham paydo bo`ldi. Bu nazariya vakillarining fikricha, narsa- buyum, voqea- hodisalarni nomlashda odamlar o`zaro kelishib olishgan. Bu fikr ijtimoiy kelishuv nazariyasining ham asosi aniq emasligini ko`rsatib turibdi. Vaholanki, o`zaro kelishuv vositasi, asosan, tildir. O`zaro ijtimoiy kelishuv uchun insonda yuqori darajada rivojlangan tafakkur va til bo`lmog`i zarur. Bu nazariya tilning paydo bo`lishini emas, balki til rivojlanishining ba’zi tomonlarinigina ko`rsatib bera oladi, xolos.
Yuqorida sanab o`tilgan nazariyalarning hech biri tilning paydo bo`lishi masalasini inson, tafakkur va jamiyatning paydo bo`lishi bilan bog`lab o`rganmaydi. Shunga ko`ra, ular tilning kelib chiqishi va rivojlanishi masalasini to`g`ri yoritishga ojizdir. Bu masalaga XIX asr oxiri XX asr boshlarida paydo bo`lgan dialektik matearializm asoschilari, yuqoridagilardan farqli o`laroq, bir qadar to`g`ri yondashadilar.
Diniy ta’limotga oid muqaddas kitoblarda esa til insoniyatga olloh tomonidan in’om etilgan ne’matdir, mazmunidagi fikrlar ilgari suriladi.
Xullas, tilning kelib chiqishi tafakkurning paydo bo`lishi, qolaversa, yer yuzida inson zotining paydo bo`lishi kabi muammolar bilan uzviy bog`liq bo`lib, bu muammolar insoniyat tarixida uzil – kesil yechimini topgan emas.
Yuqorida bayon etilgan fikrlardan ma’lum bo`ladiki, til hayvonot dunyosidan ajralib chiqqan kishilar ibtidoiy jamoasining mehnat jarayonida eng zaruriy ehtiyoji natijasida paydo bo`lgan. Garchi qadimgi ibtidoiy jamoa tillarning qachon paydo bo`lganligi, u tillar qanday til ekanligi, ularning lug`at tarkibi, grammatik qurilishi nimalardan iboratligini isbotlovchi dalillar bo`lmasa-da, yozuv paydo bo`lgandan keyingi, ya’ni bundan 15-20 ming yillar oldin yozib qoldirilgan yodgorliklarga asoslanib, ba’zi tillarning shakllanishi va taraqqiyoti to`g`risida mulohaza yuritish mumkin. Bu xususda keyingi mavzularimizda batafsil to`xtalamiz.
Dostları ilə paylaş: |