Sirpanuvchi ipchalar nazariyasi
Muskul tolasining qisqarish jarayonini L.Xaksli, J.Xanson va M.Xaksli kabi olimlar tomonidan yaratilgan sirpanuvchi tolalar nazariyasi tushuntiradi. Ammo bu nazariya miozin koʻprikcha boshchalarining aktin tola bilan bogʻlanishi va undan ajralishi jarayonini toʻla ochib bermaydi. Devis tomonidan bu jarayon quyidagicha tushuntiriladi. Yaʼni aktin va miozin molekulasi oʻrtasida hosil boʻluvchi koʻprikchalar miozin molekulasi oxiridagi spiral holatda oʻralgan polipeptid zanjirdan iborat boʻlib, bu strukturaning hosil boʻlishi juft manfiy zaryadlarning oʻzaro itarilishi natijasida kelib chiqadi. Bu zaryadli qismlardan biri ATF aza fermenti faolligiga ega koʻprikcha asosida, yana biri esa koʻprikcha oxirida, ATF molekulasining miozin bilan birikkan sohasida joylashadi. Muskul tolasi qisqarishi jarayonida Sa2+ ionlari koʻprikcha oxiridagi ATF bilan aktin tolasida joylashgan ADF molekulasi oʻrtasida bogʻlanish hosil qiladi va ATF dagi manfiy zaryad neytrallanadi. Natijada elektrostatik itarilish kuchlari yoʻqolib, koʻprikcha polipeptid zanjiri vodorod va gidrofob bogʻlar hisobiga α-spiral koʻrinishga keladi. Koʻprikcha qisqarib aktin tolaning soʻrilishiga olib keladi. Qisqargan koʻprikchaning ATF molekulasiga ega boʻlgan uchi bu holatda ATF ning faol markazi turgan asosga yaqinlashadi. Bu faol markaz taʼsirida ATF parchalanadi va natijada aktomiozin bogʻlanish yoʻqoladi. Soʻngra kretinfosfat gidrolizlanishi koʻprikchada ATF ning qaytadan sintezlanishiga va uning uchida manfiy zaryad hosil boʻlishiga olib keladi. Bu zaryad taʼsirida fiksatsiyalangan manfiy zaryaddan koʻprikchaning asosida itarilib, α-spiralning choʻzilishiga olib keladi. Soʻngra aktin tolasining keyingi qismi bilan yangi taʼsir uchun sharoit yaratiladi.
Shu bilan birga muskullar qisqarish mexanizmini faqat sirpanuvchi tolalar nazariyasi bilan tushuntirib boʻlmasligini koʻrsatuvchi ilmiy qarashlar ham mavjud. Masalan, G.M.Frank tomonidan qisqarish jarayonida muskul tolasida aktin va miozin tolalari oʻzaro sirpanishi bilan birga oʻzlari ham faol qisqarish xususiyatiga ega ekanligi koʻrsatib berilgan. Muskullar qisqarishi va boʻshashishi jarayonida bu jarayonlar amalga oshishini taʼminlovchi omil mavjudligi Marsh tomonidan taʼkidlanadi. Marshning boʻshashtiruvchi omili muskul tolasi qisqarish jarayonida hujayra sarkoplazmasida Sa2+ ionlari miqdorining koʻpayishi taʼsirida faoliyatinini susaytiradi, soʻngra faollashishi natijasida Sa2+ ionlarining sarkoplazmatik retikulum sisternalariga yigʻilishini taʼminlaydi. Shuningdek bu omil muskul tolalari boʻshashish boskichida ATF aza fermenti faoliyatini susaytiruvchi taʼsir koʻrsatishi taʼkidlangan.
Dostları ilə paylaş: |