Mavzu: virtual o`yinlarning asoratlari reja


Behzod kompyuteriga yangi o`yinlar o`rnatdi. Endi olti yoshga to`layotgan o`g`liga “Speed Racing Car” – “Mashinalar poygasi” o`yinini qanday o`ynashni ko`rsatib berdi



Yüklə 77 Kb.
səhifə2/2
tarix24.11.2023
ölçüsü77 Kb.
#133835
1   2
VIRTUAL O`YINLARNING ASORATLARI

Behzod kompyuteriga yangi o`yinlar o`rnatdi. Endi olti yoshga to`layotgan o`g`liga “Speed Racing Car” – “Mashinalar poygasi” o`yinini qanday o`ynashni ko`rsatib berdi.
O`yinga diqqat bilan tikilib turgan o`g`li “dada, mashinangiz odamlarni bosib ketyapti” dedi. Shunda Behzod “o`g`lim, bu o`yinda odamlarni mashina bosib ketsa ham hech narsa qilmaydi, sen mashinangni haydab ketaverasan, tushundingmi?” deb o`g`lini kompyuter yoniga o`tqazib qo`ydi.
Oradan ikki oy o`tgach Behzod o`g`lini bog`chadan olib, avtomobillar to`xtovsiz harakatlanayotgan katta yo`ldan o`tishga shaylandi. Shu orada o`g`li qo`ldan chiqib, tinimsiz o`tib turgan mashinalar orasidan yo`lning narigi betiga yugurdi. Bola sabab bir necha avtomobil bir-biriga to`qnashdi. Yaxshiyamki, haydovchilarning hushyorligi sabab bolakay omon qoldi. Farzandining beboshligidan jahli chiqqan Behzod yugurib borib:
– Nega bunday qilding, – deb baqirdi.
Mo`ltirab turgan o`g`li:
– Dadajon, mashina bosgani bilan baribir menga hech narsa qilmaydi, o`zingiz aytgansiz-ku? – deb javob berdi...
Bugun zamonaviy axborot texnologiyalari, eng so`nggi turdagi kompyuterlar ko`pchilikning uyidan joy olgan, ulardan voz kechib bo`lmaydi. Chunki, virtual olam odamni, ayniqsa, yoshlarni ohangrabodek o`ziga tortmoqda.
Eng so`nggi turdagi texnik vositalarni puxta o`zlashtirib, zamon bilan hamnafas bo`lib bormoq kerak, aks holda, taraqqiyotdan ortda qolib ketish hech gap emas. Ammo tanganing ikki tomoni bo`lganidek, zamonaviy texnologiyalarning ham salbiy oqibatlari bo`lishi mumkinligini unutmaslik lozim.
Doimiy ravishda kompyuter o`yini o`ynashni odat qilgan bola haqiqiy hayotni o`yindan farqlay olmay qolishi holatlari kuzatilmoqda. Bu aksariyat ota-onalar ish ko`payib ketganini ro`kach qilib, farzand tarbiyasini o`z holiga tashlab qo`yganligining natijasida kelib chiqayotir. Jigarporasini turli xavf-xatardan asragan ota-ona ong-u tafakkurga kelganda beparvolik qilib, farzandining ovunishi, bo`sh o`tirmasligi uchun kompyuter o`yinlariga ro`baro` qilishga urinadi. Natijada bola kompyuter o`yinlarining asiriga aylanmoqda.
– Bunday muhitda vaqt qanday o`tgani sezilmaydi, shuning uchun o`smir bolalar kompyuter o`yinlariga mutloq tobe bo`lib qolmoqda, –deydi bolalar shifokori Dilmurod Karimov. – Bolalar o`yinga berilib ketganidan hatto qorni ochganini ham bilmay, kasallik orttirib olishi kuzatilmoqda. O`yinlarning salbiy oqibatlari farzandlarimizning ruhiyatiga ham ta`sir qilmoqda. Kompyuter nuri nafaqat bolalarni, hatto kattalarni ham ruhan, ham jismonan toliqtiradi. Afsuski, bola kerakli fiziologik quvvatni texnika yonida soatlab o`tirishi natijasida yo`qotadi. Bola organizmi o`sishni istaydi, lekin kuchi etmaydi. Shundan u so`lg`in, ruhan jizzaki, odamovi bo`lib qoladi.
Berilib kompyuter o`ynashning salbiy oqibatlari ko`p. Eng asosiysi, insonning ko`rish qobiliyati pasayadi. Vaholanki, yosh bolalar ekranga kunlik qarashining me`yori 45 daqiqa etib belgilangan. Kompyuter o`yinida g`alabaga intilayotgan bola o`z maqsadiga erishmaguncha soatlab harakat qiladi. Bu undagi xudbinlikni (egoizm) kuchaytiradi. Atrofdagilarga bemehr bo`ladi. U o`yinda dushmanni o`ldiradi. Natijada hayotda odamlarga befarq bo`lib qoladi. Ularga maxluq sifatida qaraydi. Dars, mutolaadan tashqari, ota-onani, kattalarni hurmat qilish tuyg`ulari so`nib boradi.
Virtual o`yinlarining salbiy oqibatlari haqida ommaviy axborot vositalarida bot-bot bong urishsa ham baribir internet-kafelarining doimo yoshlar bilan gavjumligi, u erda o`smirlarning turli o`yinlarga mukkasidan ketayotgani va qimmatli vaqtini behuda o`tkazayotgani dilni xira qiladi. Ayniqsa, bolalarning diqqatini monitordan uzmagan holda bir-biri bilan so`kishib, bir-birini behayo so`zlar bilan haqoratlab gaplashishi internetdan ma`lumot olish uchun kelgan qizlar, ayollarning jiddiy e`tiroziga sabab bo`lmoqda.
– Ish yuzasidan internet-kafega kirishimga to`g`ri keldi, – deydi poytaxtimizning 218-maktab o`qituvchisi Ra`no Nazarova. – U erda 11-12 yoshdagi bolalarning badxulqligidan kirganimga afsus qildim. O`shandan buyon bunday joylarga kirishga yuragim betlamaydi. Har doim ota-onalar majlisi o`tkazganimda ularga o`zim ko`rgan holatni gapirib beraman va farzandini o`z holiga tashlab qo`ymaslikni, bola tarbiyasiga jiddiy qarashini, eng muhimi, bola virtual o`yinlar qahramoniga aylanib qolmasligini tayinlayman.
Psixologlarning kompyuter o`yinlarini o`ynash har kunlik rejimga aylanishi inson ruhiyatiga o`ta salbiy ta`sir qilishi haqidagi ilmiy qarashlari ulug` bobokalonimiz fikrlariga hamohangdir. Buyuk qomusiy olim Abu Ali ibn Sino vaqtini behuda sarflovchi kishilar haqida bundan bir necha asr ilgari “Bekorchilik va aysh-ishrat nafaqat nodonlikka olib keladi, ayni vaqtda turli kasalliklarning paydo bo`lishiga ham sabab bo`ladi”, deb yozgan.
Chegara bilmas axborot makoni rivojlanayotgan bugungi kunda yosh avlodni kompyuter texnologiyalaridan to`g`ri foydalanishga o`rgatish milliy qadriyatlarimizga sodiq, komil farzandlarni voyaga etkazishda muhim ahamiyat kasb etadi. Kompyuter xizmatlari keng rivojlanayotgan bir paytda yoshlarning internet-kafelar xizmatidan to`g`ri foydalanishini ta`minlash, behayo saytlar yoki turli o`yinlar ta`siriga tushib qolishining oldini olish ota-onalar va o`qituvchilar zimmasidagi mas`uliyatli vazifadir.
Zamonaviy axborot-resurs markazlari elektron darslik va milliy o`yinlar bilan bugun global tarmoqqa ulangan internet-kafelar bir paytning o`zida tezkor pochta, ma`lumotlar bazasi, dunyodagi turli voqea va hodisalar yoritiladigan informasiya manbayi bo`lish bilan birga, zo`ravonlik, behayolik kabi illatlarni targ`ib qiladigan, yosh avlod ong-u shuuriga mafkuraviy tazyiq o`tkazadigan turli o`yinlar o`chog`iga ham aylanmoqda.
Shuning uchun ham ma`rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniyning “Agar bir kishi yoshligida nafsi buzilib, tarbiyasiz, axloqsiz bo`lib o`sdimi, bunday kishilardan yaxshilik kutmak erdan turib yulduzlarga qo`l uzatmak kabidir. Din va e`tiqodi salomat bo`lmagan kishilar haqni botildan, foydani zarardan, oqni qoradan, yaxshini yomondan ayira olmas, bunday kishilardan na o`ziga va na boshqa kishilarga va na millatga tariqcha foyda yo`qdur”, degan so`zlari bir asr avval millatimiz uchun qanchalik dolzarb bo`lgan bo`lsa, hozir ham o`z ahamiyatini yo`qotgani yo`q.
http://fayllar.org
Yüklə 77 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin