Elektron ta’lim platformasi uchun sifatli videodarslar yaratish Rahmonova Gulhayo Saidjon qizi A.Avloniy nomidagi pedagoglarni kasbiy rivojlantirish va yangi metodikalarga o‘rgatish milliy-tadqiqot instituti tayanch doktoranti E-mail: rahmonova17@gmail.com Videodarslar, darsliklar, o‘quv qo‘llanma va adabiyotlar, ma’ruza matnlari, slaydlar, elektron doskadagi yozuvlar, plakat, laboratoriya jihozlari va boshqa o‘quv materiallarining sifati shuningdek, ularning yetarliligi, mavzuga aynan mosligi, mavzuni yoritishdagi ahamiyati va dolzarbligi elektron ta’lim platformalarida o’qitish sifatiga ta’sir qiladi.
Ma’ruza ta’lim oluvchilarga nazariy bilimlar berishga qaratilgan o‘quv mashg‘ulotlarining asosiy shakli hisoblanadi. Masofaviy o‘qitishda ma’ruzaga bo‘lgan umumiy talablar, ya’ni ilmiylik, shakl va mazmun birligi, o‘quv mashg‘ulotining boshqa turlari bilan aloqasi kabi talablar saqlanib qoladi.
Garchi ma’ruza tez-tez “uzatiladigan bilim” g‘oyasiga asoslangan passiv o‘qitish usuli sifatida tanqid qilinsada, u hali ham o‘qitishning asosiy qismini tashkil etadi. Ta’lim sohasida raqamli texnologiyalarning kirib kelishi ma’ruzalarni onlayn formatda taqdim etish imkoniyatini yaratdi. Onlayn format deganda, ko‘p hollarda, ma’ruza video (yoki audio) tasmasining uning taqdimoti (ma’ruza yozuvlari yoki elektron slaydlar) bilan birga sinxronlashtirilgan holda namoyish etilishi tushuniladi. Bunday formatdagi ma’ruza raqamli ma’ruza deb atalib (ba’zi adabiyotlarda texnologik ma’ruza), u o‘quv moslashuvchanligini oshiradi, chunki ta’lim oluvchilar ma’ruzaga oson kirishlari va kerak bo‘lganda uni qayta ko‘rishlari, foydalanishlari mumkin.
Jonli va raqamli ma’ruzalarning qiyosiy tadqiqotlari erta davrda, televizor va video lentalar, raqamli texnologiyalar keng qo‘llanilishidan ancha oldin paydo bo‘lgan. Televideniya orqali uzatiladigan va sinf ma’ruzalarini taqqoslashga yo‘naltirilgan 400dan ortiq tadqiqotlar natijalari sarhisob qilinganda, ta’lim oluvchilar texnologiya bilan ta’minlangan muhitdan tez va samarali o‘rganishlari ma’lum bo‘lgan [1-3]. Tadqiqotchilar L. Ellis va D. Mathis [4] 1957-yildayoq jonli ma’ruzalarda qatnashadigan ta’lim oluvchilar va televizion ma’ruzalarda qatnashadiganlar o‘rtasida o‘n ikkita tajriba o‘tkazishgan va ta’lim natijasining sifatida sezilarli farqni aniqlay olmaganliklari haqida xabar berishgan.
M.M. Vofford va boshqalar [5] tibbiyot sohasida jonli va raqamli ma’ruzalarni taqqoslash bo‘yicha tajribalar o‘tkazishgan. Ular “an’anaviy klinik ma’ruzani kompyuterga ko‘chirish, ta’limdagi xarajatlarni qoplash muammosi uchun tegishli strategiya bo‘ladi”, – degan fikrni oldinga surishgan. Mualliflar tibbiyotda jonli va raqamli ma’ruzalarning farqlariga oid sakkizta tadqiqot o‘tkazadilar. Ushbu tadqiqotlarning oltitasida o‘qitish samaradorligi farq qilmaydi, ikkitasida esa kompyuterga asoslangan strategiyada o‘qitish samaradorligi yuqori deb baholanadi. Mualliflar raqamli ma'ruzalarning an'anaviy ma'ruzalarga nisbatan samarasi past bo‘lmaydi degan degan xulosaga kelishadi.
So‘nggi yigirma yil ichida videodarslar multimediyali o‘quv vositasi sifatida keng qo‘llanilmoqda. Udemy, Coursera, Lynda va Khan Academy kabi o‘quv videolarini asosiy o‘qitish vositasi sifatida ishlatadigan masofaviy ta’lim platformalari soni oshib bormoqda. Ta’lim oluvchilar bunday platformalardan o‘z-o‘zini rivojlantirish yoki o‘quv jarayonini qo‘llab-quvvatlash uchun yordamchi vosita sifatida foydalanishmoqda. Masofaviy ta’lim platformalari soni va foydalanuvchilari ko‘p bo‘lishiga qaramay, bu platformalarning dizayni bo‘yicha tadqiqotlar kam o‘tkazilgan.
Yuqori sifatli videodarslarni ishlab chiqishda o‘quv videosini loyihalash muhim hisoblanadi, ya’ni videodars vaqtining uzunligi, konteksti, harakatlar va qo‘shimcha belgilar me’yorga solinishi lozim.
Xorijlik olimlardan R.A. Berk videodarslarni yaratishda quyidagilarga e’tibor qaratish lozimligini ta’kidlaydi [6]:
Birinchidan, agar shu vaqt ichida ta'lim mazmunini ko‘rib chiqish mumkin bo‘lsa, video uch daqiqadan ko‘p davom etmasligi kerak;
Ikkinchidan, videodarsning maqsadi va mazmunini yoritishda ruxsat etilgan darajada kundalik so‘zlashuvdan foydalanish yaxshiroqdir;
Uchinchidan, videoning maqsadiga bog‘liq bo‘lmagan harakatlardan qochish kerak;
To‘rtinchidan, maqsadni hisobga olgan holda videodagi aktyorlar (ma’ruzachilar) soni ortiqcha bo‘lmasligi kerak.
Ushbu bayonotlardan ta'lim maqsadlari uchun mos bo‘lgan o‘quv videosini olish uchun keraksiz elementlardan qochish kerak degan xulosaga kelish mumkin.
J.Kim, R.Rubin va boshqalar videodarslarning umumiy uzunligidan qat’iy nazar, videodarslarda diqqatni ushlab turish vaqti ko‘pi bilan olti daqiqa ekanligini aniqlashgan [7-8].
P. Pelea, T.Lunt videodarslar uzunligi o‘n daqiqadan oshmasligi lozim degan xulosaga kelishgan. Bundan tashqari tadqiqotchilar talabalar ko‘pincha ma’ruza matnini so‘rashsa-da, undan kamdan-kam hollarda foydalanishlarini aniqlashgan [9].
UNCUYO universiteti olimlari ham videodarslarning davomiyligi 8-10 daqiqadan oshmasligi va diqqatni jamlash uchun har 4-5 daqiqada savollar bilan boyitilishi lozimligini ta’kidlashadi [10].
Depositphotos sayti ma’lumotlariga ko‘ra , onlayn ta’lim oluvchilarning 68%i yangi bilim olishning afzal usuli sifatida qisqa videolarni tanlashadi. Respondentlarning ushbu formatda olingan ma'lumotlarni eslab qolish ko‘rsatkichi 95% ni tashkil etgan.