www.ziyouz.com kutubxonasi
12
berish bilan boshlanib, istioralarga to‘lib toshgandi:
«O’sha unutilmas yilda, sentyabr oyida, Berkxardt dengiz shamollari oqartirib yuborgan yaxtachi
qalpog‘ini tashlab, eskirib g‘ijirlay boshlagan (1798 yilda qurilgan) moliyaviy kema ruliga o‘tirdi. Bu
kema Nyu-Yorkning Uoll-stritida «Yunayted benk end trast kompani» nomi bilan mashhur edi. Pirl-
Xarbordagi 1941 yilgi voqealar paytida kemaning taqdiri ishonchli qo‘llarda, Berkxardt nazorati ostida
edi.
YuBTK rulini boshqaruvchi yangi kapitan nazoratni shunchalik mahorat bilan qo‘lga oldiki, tashvishli
elliginchi yillar oson kechdi, so‘ngra mamlakatdagi eng yirik moliyaviy bunyodkorlik davri boshlandi.
Bu, albatta, qo‘shilish yo‘li bilan amalga oshirildi. Shunday qilib, Uoll-stritda «Cheyz Manxetten benk»
va «Fyorst neshnl siti benk» singari ulkan kemalar qatorida qudratli YuBTK ham suzishga chiqdi. Shu
tariqa, ikki pahlavon yoniga uchinchisi qo‘shildi. Kaliforniya ahli hamon faxr bilan «Benk of Amerika»ni
ulkan deb hisoblardilar. Chunki o‘shanda Nyu-Yorkdagi banklar u bilan bellasha olmasdilar.
Shu haftada Leyn Berkxardt va «Xadson trast» vakili Pol Jerati tushlik payti «Yunion lig» klubida
uchrashishdi. Tushlik so‘ngida Berkxardt «Xadson trast»ni ellikta filiali bilan birgalikda yutib yubordi.
Shu tariqa «YuBTK» bir sakrashdayoq shunchalik oldinga o‘tib ketdiki, endilikda Nyu-Yorkning ulkan
uchligi Bir qo‘shuv Ikkiga aylandi. «Yunayted benk» aktividagi 12441 207 353 dollar «Benk of
Amerika»ning 11 milliardidan o‘zib ketdi.
O’z taxminlarini oshkor qilishni istamagan shum niyatli moliyachilar Berkxardtning yutgan yog‘li
luqmasini hazm qilishiga shubhanalardilar. «Xadson trast» portfeli elektronika va raketasozlik singari
nobarqaror tarmoqlardagi o‘ta qaltis sanoat zayomlari bilan to‘lib ketgan. Bu zayomlar moliyaviy
tanglik uchun jiddiy sharoitni vujudga keltirishi mumkin edi».
Gazetadan olingan bu qiyqimni chetga olib qo‘yar ekan, Palmer Berkxardt telefon qilganidan beri
uni tashvishga solayotgan masala haqida o‘ylab qoldi.
U karavotdan turdi, o‘ziga oro berganday bo‘ldi, yana ko‘zgu oldiga bordi, o‘ziga bir nigoh tashladi,
bir zumga ko‘zlariga tikildi. Shunda uning esiga bir hafta burun Chikagoda telefondagi suhbati tushdi.
Issiq va rutubatli kun edi, tund osmon bag‘rini chaqmoqlar chaqini tilib tashlardi. U endigina matbuot
konferentsiyasidan chiqqan. Konferentsiyada u otasining bankini sotishga qaror qilgani haqida
bayonot bergandi. Palmer buni qo‘shilish niqobi ostida amalga oshirish niyatida edi.
Uning ilhomi kelib ketdi, go‘yo hozirgina dadil harbiy yurishni muvffaqiyatli amalga oshirgandek
edi. Lekin baribir, shu ishga kirishar ekan, u ancha ehtiyotkor edi va belgilangan an’analarga amal
qilib, otasi vafotidan bir yil o‘tishini kutdi. Uning bankdan va u bilan bog‘liq barcha narsadan tezroq
xalos bo‘lishga qanchalar intilganini hech kim fahmlamadi ham.
Aslida bu bankning merosxo‘ri akasi Xenli bo‘lishi kerak edi. Xenli ukasi Vudsga qaraganda ancha
vazmin va ko‘ngilchan bo‘lib, otasiga uncha tashvish keltirmasdi. Biroq, 1941 yilning boshlarida Xenli
otasining izmidan chiqib ketdi. U harbiy katerda Pensakoladan dengizga chiqib ketdi-yu, shu bo‘yi
qaytib kelmadi...
Palmer ko‘zgudan o‘girildi-da, xayolan Chikagoga, o‘sha unutilmas kunga uchdi. Jurnalistlar
matbuot konferentsiyasi o‘tgan zalni hozirgina tark etishdi. U bir o‘zi qoldi, erkning mastonavor
kayfiyatidan anchagina sarxush o‘tirdi. Uning yelkalaridan otasi bankining og‘ir yuki olib tashlandi.
Shu yuk bilan birga otasi unda uyg‘otgan ezguvchi his-tuyg‘u ham yo‘qoldi. Umrining yarmi o‘tdi, balki
undan ko‘prog‘i o‘tib bo‘ldi, lekin endi u yana o‘ziga o‘zi xo‘jayin.
Xuddi shu payt telefon jiringlab qoldi. Bu xizmat telefoni emas, shaxsiy telefoni bo‘lib, daftarda
qayd etilmagandi. Nyu-Yorkdan qo‘ng‘iroq qilishayotgandi. Go‘shakda gapirayotgan Berkxardt edi.
Palmerning matbuot konferentsiyasidagi bayonoti unga ma’lum bo‘lgandi. Hali matbuotda
bosilmasdan oldin unga yetkazishgandi.
— Vudi, — dedi baland ovozda Berkxardt, — oliy toifadagi komandaga o‘tish vaqti kelmadimikin?
— Nima, Chikago oliy nufuzdagi komanda emasmi? — e’tiroz bildirdi Palmer.