www.ziyouz.com kutubxonasi
125
Haydovchi to‘satdan shartta o‘ngga burdi va Palmer charm tutqichdan ushlab qoldi. Qirq ikkinchi
ko‘chaga chiqaverishda turib qolmaslik uchun mashina boshqa yengil avtomashinalar safiga qo‘shilib
oldi. Bir lahza Palmerning ko‘z oldida Birlashgan Millatlar binosi namoyon bo‘ldi, so‘ng mashina uning
tagidagi yo‘lakka sho‘ng‘idi. Palmer kamarni qo‘yib yubordi-da, o‘rindiqqa qulayroq joylashib oldi.
Bordi-yu, agar keksa Berkxardt uni takadan sut olishga o‘rgatganida ham, oxir-oqibatda unga baribir
emasmi? Nima uchun Lumis bu uning uchun shunchalik ahamiyat kasb etishi kerak deb hisoblaydi?
Axir Palmer bank aktsiyalarining yangi asosiy tutib turuvchilaridan biri emas, balki bor-yo‘g‘i ombor
xodimi edi-ku. Uning moliyaviy ahvolini, shubhasiz, Lumis yaxshi bilardi.
O’rtacha Chikago banki aktsiyalarining katta miqdorini sotgandan keyin kishida albatta u kundalik
xarajatlariga ishlatganidan ancha ko‘proq pul qiladi. Palmer maosh uchun emas, balki bu ishdan
oladigan zavq uchun ishlayotganini Lumis, shubhasiz, bilardi.
Palmerning bu nuqtai nazaridagi qaltislik ishni uning uchun yana-da maroqliroq qiladigan tavakkal
bilan bog‘liqligini nahotki Lumis tushunmadi?
Mashina shohrohga burilib, ular shaharga kirib kelganlarida Palmer hammasini joy-joyiga qo‘yib
olganidan mamnun holda bosh irg‘ab qo‘ydi. Birinchi marta u buning uddasidan chiqib turibdi. Axir u
Edisga hech narsani tushuntira olmas edi-da. Endi esa hamma narsa mantiqiy ma’noga ega bo‘ldi.
Xotiniga o‘z fikrini qanday anglata olishini u tasavvur qilishga urinib ko‘rdi.
Palmer. Bilasan-ku, men pul uchun ishlamayman. Faqat o‘zim eng yaxshi bilgan ish bilan mashg‘ul
bo‘lish imkoniyatiga duch kelib qolganman. Buning ustiga menga to‘la mustaqillik berib qo‘yilgan.
Edis. Chikagoda otang o‘lganda ham shunday imkoniyatga ega eding.
Palmer. Lekin u yerda men otam arvohlarining butun bir lashkari qurshovida qolib ketgan
bo‘lardim. Bu yerda esa men bamisoli ilg‘or safda, qattiq jangning eng qizg‘in o‘chog‘idaman.
Chikagoda men hech qachon bunday imkoniyatga ega bo‘lmasdim. Yo‘q, faqat bu yerdagina bor
bunday imkoniyat.
Edis. Bu yerda-ya? Berkxardtning oyog‘i ostida-ya?
Palmer. Yo‘q, uning hokimiyatidan ancha olisda. U istagan paytda aralashishga juda uzoq joyda.
Garchi uning shunday niyati yo‘q emasligiga ishonchim komil bo‘lsa-da.
Edis. Azizim, ehtiyotkor cholginam.
Palmer. Berkxardtni esdan chiqaraylik. Asosiysi — bu men. Men yoshman, ishga, hokimiyatga,
yaratishga chanqoqman.
Edis. Qirq besh — bunda yoshlik qolibdimi?
Palmer. Dekabrdagina qirq beshga kiraman.
Edis. Sug‘urta daftarchasida seni qirq beshga kirgan deb yozib qo‘yilgan.
Palmer ko‘zlarini qattiq qisdi va titroq qovoqlari ostidan, ko‘zlarining milkidan hatto yosh chiqib
ketdi. Nima uchun Edis unga doim shunaqa zaharli rolda namoyon bo‘ladi? Nima uchun uning
haqidagi fikr nafratdan boshqa hech qanaqa tuyg‘u uyg‘otmaydi? Axir unda ijobiy jihatlar ham bor-ku.
Mashina yurishini sekinlatdi-da, yo‘lkaning naq chetiga kelib to‘xtadi.
Ko‘zlarini ochib, Palmer o‘zining bankini ko‘rdi, uning shakl-shamoyili bir lahza notekisdek va xira
ko‘rinib ketdi. Palmer yoshni sidirib tashladi, haydovchi bilan hisob-kitob qildi va bankka kirdi.
Shveytsarning salomiga bosh irg‘ab javob qilib, Palmer u yoq-bu yoqqa qarab o‘tirmay, lift
tomonga o‘tdi. Yuqori qavatda u shift yog‘dusida yo‘lak bo‘ylab, devorlarda osig‘liq suratlar yonidan
odimlab ketdi, zarrin tusli to‘q yashil gilamga bir lahza qarab qoldi, borib sochi oppoq, siynalari g‘o‘ch
kotibasi yonida to‘xtadi.
— Hammalari xonangizda...
Xonasiga kirgach, Palmer juvonning nima demoqchi bo‘lganini shunda angladi. Xona haddan
tashqari keng-kovul bo‘lishiga qaramay, u odamlarga to‘la edi. Garri Elder Palmerning yozuv stoli
qirrasiga qo‘ngan, uning siyrak oppoq sochlari oynavand shiftdan tushayotgan nurdan yiltirardi. Stol
qarshisidagi o‘rindiqlardan birida Virjiniya o‘tirardi. Aftidan Palmerni birgina u kutmoqda edi. Mak
Berns katta deraza oldida Palmerga notanish bo‘lgan bir kishiga pastdagi Beshinchi avenyudan