www.ziyouz.com kutubxonasi
142
— Rahmat. — Juvon oynaga o‘girildi va barmoqlari bilan sochlarini savalay boshladi. Oynada
ularning ko‘zlari to‘qnashdi. — Men seni hayratga solmoqchiman, — dedi juvon.
— Yanami?
— Bilasanmi, — davom etdi Virjiniya, — men... seni nima deb chaqiray? Ishda o‘zim bilaman, lekin
bu yerda-chi?
— Uzoq vaqtgacha meni Palmer-kichik deb kelishdi, — javob berdi Palmer. — Hech qachon bunday
qilishga urinma.
— Ko‘rdingmi... Vuds, — dedi juvon. — Vudimi?
— Qani, qani. Bir qiynal-chi.
Juvon o‘girildi-da, unga jilmayib qaradi.
— Vuds, men senga hayratomuz e’tirof qilmoqchiman. Nima bo‘lganda ham men uchun u
hayratomuz. Cho‘milayotib, hisob qilib chiqdim. Menda bunaqa narsa bo‘lmaganiga qariyb ikki yil
bo‘libdi.
— Sen haqsan, bu taajjub.
— Rostdanmi? Bu shuning uchunki, buni o‘zim xohlamagan edim — bir necha marta.
— Nyu-yorklik erkaklarga rahmim keladi.
Juvon bosh irg‘adi.
— Men senga bir vaqtlar uchrashishimizga to‘g‘ri kelgan nyu-yorklik erkaklar haqida so‘zlab
beraman. — Juvon yaqin bordi-da, qo‘lini yigitning yelkasiga qo‘ydi. Juvonning badani muzday va
g‘oyat tarang edi. — Lekin hozir emas. Biz xonani bo‘shatib qo‘yishimiz vaqti kelganini sezayapman.
— Navbati bilan.
— Qat’iy ravishda, — rozi bo‘ldi juvon. — Men birinchi chiqib ketaman. Lekin ketishdan oldin men
bu yerni biroz sarishtalayman.
— Yo‘q, buni o‘zim qilaman, — turib oldi Palmer. — Buni qanday uddalashni men ancha yaxshi
bilaman.
Juvon bir lahza unga hayron bo‘lib qaradi, so‘ng:
— E-ha! Sobiq josuslik zobiti. Nahotki u yerda olgan barcha saboqlarni shundoq esda saqlab
qolgan bo‘lsang? — dedi.
— Bular saboqlar emasdi, miyani yuvish edi. Bunaqasini unutib bo‘lmaydi.
Virjiniyaning barmoqlari uning yelkasini qisdi.
— Bitta bo‘sa, mana shunday holatda, — dedi u. — Kiyingandan keyin u qadar bo‘lmaydi.
Kirib kelgandagi emas, boshqa eshikdan chiqishni aytib, Virjiniya ketgach, Palmer o‘zi his
etayotgan qandaydir g‘alati tuyg‘uning tagiga yetishga harakat qilgach, mehmonxona bo‘lmasi
o‘rtasida bir lahza turib qoldi. Birozdan so‘ng u anglab yetdi: yengillashgan ekan.
Visol uchun qulay sharoitga qaramay unda yaqqol notinchlik hukm surmoqda edi. Berns qaytib
kelib qolishi va ularni birga ko‘rib qolishi mumkin. Xavf o‘tib ketgani uchun emas, balki hech
bo‘lmaganda Virjiniya ketishi bilan tartib o‘rnatishning birinchi bosqichi nihoyasiga yetdi.
Palmer qadahlarni, muzli chelakni ko‘zdan kechirdi va ular hech qanaqangi sirni oshkor qilmaydi
degan qarorga keldi. U yotoqxona bo‘lmasiga kirdi va chiroqni yoqdi. Karavotning ahvolini ko‘rib,
uning kayfi uchib ketdi. U o‘z narsalarini hammomxonaga olib borib qo‘ydi, qaytib keldi va
karavotdagi matratsdan boshqa hamma narsani olib tashladi. So‘ng matratsga to‘shalgan, qattiq
g‘ijimlanib ketgan choyshab o‘rniga boshqa silliqrog‘ini yoyib qo‘ydi. Bunda yotadigan navbatdagi
odamga matratsdagi choyshabni ko‘rib olish qiyin bo‘lmasligi uchun shunday qildi, oldingisi esa adyol
tagidan deyarli ko‘zga tashlanmas edi. Palmer yostiq jildlarining teskarisini ag‘dardi, yostiqlarni
do‘pposladi va yopqi choyshabni qo‘li bilan tekisladi. Ikkala kuldonni mehmonxona bo‘lmaga olib
bordi, ichidagilarni o‘sha yerda turgan katta kuldonga to‘kdi, kichkinalarini ho‘l qog‘oz salfetka bilan
tozalab artdi va qog‘ozni unitazdan oqizib yubordi. Qaytib kelib, kuldonni karavot yonidagi stolchaga
qo‘yish uchun u yana bir marta xonaga ko‘z yugurtirib chiqdi va hatto tizzasida cho‘kib, karavot
tagiga ko‘z soldi — tag‘in bitta-yarimta sirg‘asi tushib qolmaganmikin?