www.ziyouz.com kutubxonasi
145
uning yuragi shuvillay boshladi.
U Virjiniyaning deyarli haq ekani haqida o‘yladi. O’zining butun oilaviy umri davomida bunaqasi
bo‘lmagandi, ya’ni hech bo‘lmaganda shunga o‘xshaganrog‘i bo‘lmagandi, o‘zining gapini o‘zi
to‘g‘riladi Palmer. To‘g‘ri, o‘n yilcha muqaddam Los-Anjelesda bir voqea sodir bo‘lgandi, o‘shanda
Eddi Xeyin tungi soat uchda bo‘kib ichib olgandan keyin Palmerning xonasiga ikki nafar uchiga
chiqqan fohishani olib kirishdi. Hatto o‘shandan keyin ham Palmer nima bo‘lganini aniq-tiniq eslay
olmagandi. Shu oqshomning klinik, deyarli muolajalik muhitini u juda yaxshi eslaydi: go‘yoki u
me’daning kuchli ifloslanishidan aziyat chekayapti; shunda qiz tantanavor tusda uning oshqozonini
yaxshilab yuvgandi. Endi Palmerning eslashicha, o‘sha qiz juda ham chiroyli edi. “Bu yerda dunyodagi
eng go‘zal fohishalar ishlashadi,” — deb uni ishontirgandi Xeygen. Bundan tashqari qiz sabr-bardoshli
va oqko‘ngil edi. Shungacha bironta ham ayol zoti uning uchun, to‘g‘rirog‘i, unga bu qadar g‘amxo‘rlik
ko‘rsatmagandi. Avvaliga bu Palmerga qandaydir taajjubli bo‘lib tuyulgandi. Ketar chog‘da
Xeygenning qizlarga yuz-yuz dollardan tutqazganini ko‘rgach, uning taajjubi biroz susaygandi. Ilgarigi
bilan hozirgisining o‘rtasidagi farq shundan iboratki, deb o‘yladi Palmer, erinibgina kelayotgan liftning
qaysidir qavatda to‘xtagan ovoziga quloq solarkan, Los-Anjelesda u jismoniy lazzat olmagandi —
hammasi deyarli uning ishtirokisiz sodir bo‘lgandi. U bilan qiz o‘rtasida faqat mutaxassis tabib va
bemorning halol munosabatlarigina bor edi, xolos va nihoyat, Chikagoga qaytib kelishidan avval
butun bir hafta o‘tgandi, bu hafta davomida g‘ira-shira xotiralar go‘yo g‘ilof tagiga yashirib
tashlangandi. U Edisni bokira, dilbar va vafodor bir holatda uchratishga muvaffaq bo‘lgandi.
Bugungi ish boshqacha edi.
Lift eshigi ochildi va undan iljaygan liftchidan boshqa hech kim chiqmadi:
— Ha, mister Palmer, ser.
Bugungi ish boshqacha edi, mushohada qildi Palmer lift xonasi yuqorilab borar ekan. Hislarini
tartibga solib olishi uchun esa uning vaqti yo‘q edi.
Ular kerakli qavatga juda tez yetib borishdi.
— Marhamat, ser.
Palmer o‘z kvartirasiga qarab ketdi. Eshikka yaqinlashganda qadamlarini sekinlatishga sira
odatlanmagan edi, bu gal ham shunday bo‘ldi. Biroq uning fikrlari go‘yo eng quyi tezlikka tushirib
qo‘yilganday edi. Bog‘lamdan kerakli kalitni topguniga qadar Palmerning fikrlari vazmin va jiddiy tus
oldi. Bu hol quyi tezlikka solayotib “jip” haydovchisi loyga botgan mashinani chiqarib olish uchun
g‘ildiraklarning aylanishiga zo‘r berganiga o‘xshab ketardi.
— Kim u?
— Xayrli kech, Edis, — dedi u eshikni ichkaridan zichlab yoparkan.
— Men Edismas, Jerriman.
Palmer orqasi bilan eshikka suyandi-da, bir lahza ko‘zlarini yumdi.
— Oying qani?
— Ular sizni rosa kutdilar, — dedi qizi yo‘lakdan unga tomon yurib kelarkan. U yalang oyoqlarning
har doimgiday polga og‘ir-og‘ir shapillab urilganini eshitib turardi. — Keyin ketdilar.
Palmer ko‘zini ochdi-da, qiziga qaradi. Endi 11 yoshga kirsa ham yalang oyog‘i bilan bo‘yi 167
smga yetgandi. Dahlizdagi g‘ira-shira yorug‘da uning yaltiroq sochlari odatdagidan ko‘ra qoraroq
bo‘lib ko‘rinardi. Tikka farq qoq ikkiga bo‘lib turgan sochlari rafaelcha usulda yelkasiga tushib turardi,
so‘nggi vaqtda yoshlar orasida bu ancha keng urf bo‘lgandi. Modomiki, 11 yoshga to‘libdimi, o‘yladi
Palmer, Jerri o‘zini bo‘y yetgan qiz deb hisoblasa bo‘laveradi. Uning oqish chehrasi onasiga tortgan,
yoz paytlarda yengil sepkil qoplaydi. Biroq yuz tuzilishi esa Palmerning o‘zi — cho‘zinchoq, ensiz va
yonoqlari chiqiq. Ko‘zlarining, o‘zicha dedi Palmer, ilgari ham bir necha marta payqaganimdek, bir-
biridan uzoqligi mening o‘zimday, tiniq va tim-qoralikni esa Edisdan olganday, biroq yuqorigi ko‘z
milkining g‘alati tarzda salqi tortib turishi uning chehrasiga sharqona tus berib turadi.
— Soat 10 dan oshib ketibdi-ku, — dedi u.
Jerri terlagan burni uchini otasining iyagiga surtib oldi, ingichka qo‘llari bilan belidan quchoqladi va