www.ziyouz.com kutubxonasi
163
— Co‘nggi vaqtlarda men birjadagi ahvolni kuzatdim, — yolg‘onladi u, hozirgina makleridan olgan
ma’lumotlarga tayanib. — Bilasizmi, — davom etdi u, — YuBTK aktsiyalari ahvoli bilan qiziqish uchun
bir amallab vaqt topishga harakat qilayapman. Men har kuni sotuvga qancha aktsiya kelib tushishini
tekshirayapman. Asta-sekinlik bilan bo‘lsa ham, ammo aktivlar muntazam o‘sib bormoqda.
— Sening ko‘zlaring menikidan o‘tkirroq, — keskin ohangda javob berdi Berkxardt.
— Siz hech narsani ko‘rmadingizmi?
— Men odatdagi aktiv talabi va taklifini ko‘rganman, xolos. YuBTK aktsiyalari boshqa aktsiyalar
qatori jadal sotilmoqda va sotib olinmoqda. Ammo jadallik umumiy. Bu bevosita YuBTKga daxl
qilmaydi.
— Men bunga ishonmayman.
— Vudi. — Berkxardt sanchqini shunday keskin qo‘ydiki, Palmer cho‘chib tushdi. — Bu o‘zi, jin
ursin, gapni qayoqqa burayapsan?
— Modomiki siz bu faollik risoladagiday dedingizmi, men sizning so‘zingizga ishonishim kerak.
— Ishonaver, jin ursin, — shartta dedi Berkxardt.
— Yaxshi, — yon berdi Palmer. — Keling, so‘nggi bir necha oyni olaylik. Aktsiya baholari biroz
tushdi. Uning birjadagi narxlari tebranib turibdi. Shunday kun va haftalar bo‘ladiki, YuBTK aktsiyalari
ko‘payib ketadi, shunday kun va haftalar bo‘ladiki, ular ozayib qoladi. Bu beqaror bozor. Vaqti-vaqti
bilan narx ko‘tarilishi kuzatiladi, chunki ularda ko‘plab tajribasiz havaskorlar ishtirok etadilar. Ammo
narxni tushirib o‘ynaydigan chayqovchilar hamon faol va vaqtinchalik vaziyatdan o‘z manfaatlariga
foydalanib qoladilar. Agar siz hisobotlarni o‘rgangan bo‘lsangiz, ko‘plab tarqoq bank ishlarini
payqagan bo‘lishingiz kerak. Men sizga aytgan haligi ikkitasini istisno qilganda yorqin
tendentsiyalarning yo‘qligi. Birjada nima qilinayotganidan, u yoki bu haftaning umumiy yo‘nalishi
qandayligidan qat’i nazar, siz YuBTKning sotilgan aktsiyalari miqdorining birmuncha ortganini albatta,
ko‘rasiz. Bir necha oy muqaddam kunduzgi me’yor taxminan soat uchlarga teng kelgan edi. Kecha olti
mingtasi sotilgandi. Bu bitta tendentsiya. Ikkinchisi — bu narx. Bir necha oy muqaddam u yetmish
ikkida muqim turgan edi. Kecha, birja yopilganda, yetmish sakkiz edi.
Berkxardt qo‘llarini ikki tomonga yoydi.
— Men senga hozirgina aytdim, bizlar — birjaning asosiy ustunimiz, deb. O’zing ayt-chi, nima
uchun bizning aktsiyalarimiz shunchalik ko‘p jamg‘armalarning portfellarida bor? Agar jiladigan
bo‘lsak, yuqoriga qarab jilamiz. Asta-sekinu ammo bir tekis jilamiz. Endi bunaqa safsatalaringga balo
bormi? Undan ko‘ra muddaoga o‘tib qo‘ya qol.
Palmer lablarini qimtidi.
— Meni gapdan chalg‘itishga urinmang, — sovuq ohangda dedi u. — Bu qo‘lingizdan kelmaydi.
Berkxardt unga uzoq qarab qoldi. So‘ng YuBTK Prezidentining yuzida qandaydir o‘zgarish yuz
berdi. Ko‘zlari atrofidagi qoramtir ajinlar chuqurlashdi. Palmer suhbatdoshining qansharidagi tomirlar
bo‘rtganini, pastki jag‘i oldinga turtib chiqqanini payqadi.
— Gapir, — dedi Berkxardt muzdek sovuq ohangda. — Davom et. Gapir.
— Men aytadiganimni aytib bo‘ldim, endi navbat sizga.
— Mening nima deyishimni istaysan? — so‘radi Berkxardt. Endi uning ovozida bo‘g‘iq shikoyat
ohangi bor edi. — Sen haqsan deyishim kerakmi? Ha, ehtimol, sen haqdirsan.
— Unda tushuntirib bering, bu nimani anglatadi? — iltimos qildi Palmer.
— Agar bilganimda... — Berkxardt xo‘rsinig‘ini bosdi. — Bo‘pti. Men buni uch haftacha ilgari
payqagan edim. Sen ham, aftidan, payqagan ko‘rinasan, men oldingi oylarni tekshirib chiqdim va bu
ancha vaqtdan beri sodir bo‘lib kelayotganini ko‘rdim. Men tushuntirib bersin deb darhol Kliffni
chaqirdim. U bunday ishlardan doim xabardor bo‘lib turishi va u biron narsani sezgan zahoti menga
ma’lum qilishi shart. Xuddi menga o‘xshab, Kliff ham hayron edi.
— Axir bu yaxshi emas-ku. U bilishi kerak edi!
— Nazariy jihatdan shunday. Lekin u bu narsaning oddiy hol ekaniga ishonib qo‘ygandi.
— Bir daqiqa siz bayon etgan keng mulohaza — bu Kliff Mergendalning izohi edimi? —