www.ziyouz.com kutubxonasi
18
— Aftidan, men o‘z fikrimni aniq ifodalamadim, shekilli. U mening eski do‘stlarimdan biri.
Palmer yuzini burishtirdi:
— Ha, bu og‘ir.
— Juda ham.
Uylar ortiga o‘tib, ko‘zdan g‘oyib bo‘lgan tanker izidan qararkan, Palmer so‘radi:
— Nima qilmoqchisiz?
— Hech nima, — dedi Berkxardt nihoyat. — Bularning hammasini yangi vitse-prezidentim yelkasiga
ortmoqchiman.
— Tashakkur.
— Bundan tashqari, — davom etdi qariya kutilmaganda ishonchli ohangda, — mana shu omonat
banklari g‘alvasini sizga yuklamoqchiman.
— Sizning yo‘riqlaringiz?
— Men ularning hammasini yer yuzidan supurib tashlanishini istayman.
Palmer derazadan o‘girilib, qariyaga qaradi.
Bor-yo‘g‘i bir nechtagina so‘z shu tongga burilish bag‘ishladi, ikkalovi o‘rtasidagi o‘zaro
munosabatlarga ham shunchalik kutilmagan aniqlik kiritdi.
— Qachon boshlash kerak?
Berkxardt panel qoplangan devorga yaqinlashdi, devordagi javon eshikchalari surildi, qariya u
yerdan shlyapasini olib, chaqqongina boshiga qo‘ndirdi.
— Nimani kutamiz? — dedi u. — Qani, yur-chi, ularni tugatishda sizga yordam bera oladigan epchil
makkor bilan uchrashib ko‘raylik.