www.ziyouz.com kutubxonasi
22
— Ularning miqdorini ko‘paytirishmoqchi, albatta.
Berkxardt yelkalarini qisdi.
— Ha, shahar chekkalarida. Hozir shahar chetidagi qasabalarga qo‘llari yetmaganidan paytavasiga
qurt tushgan ularning.
— Ularning omonatchilari, aftidan, qasabalarga ko‘chib o‘tishmoqda.
— Umuman shunday, — tasdiqladi Berkxardt. — Ammo jamg‘arma banklari o‘zlaridan bo‘lak hech
kimni ayblay olmaydilar. Urush boshlanishi bilan ular ko‘plab sarmoyasini garovga qo‘ydilar. Bu ularda
qarz berishning yagona turidir va, albatta, juda ham yanglishdilar. Ular omonatchilarning shahardan
chiqib ketishlariga yordamlashdilar, o‘zlari esa ular izidan borolmayaptilar.
— Unda bunchalik tashvishning nima keragi bor? — so‘radi Palmer. — Agar o‘z qopqonlariga o‘zlari
tushgan bo‘lsalar, azobini o‘zlari tortaversinlar.
— Ular o‘z qopqonlarida azoblanish niyatida emaslar. Ular katta erkinlik berilishini talab qilayaptilar
va bunga erishish uchun hamma narsaga tayyorlar.
Palmer tushunaman, deganday bosh irg‘adi:
— Og‘ir vaziyat. — U yo‘l tirbandligidan to‘xtab qolgan mashinalarga qaradi.
Ancha oldinda Uchinchi avenyuda bir binoni buzishayapti, uning oldida yuk mashinalari navbat
kutib, turib qolibdi. Ko‘cha bo‘ylab torgina yo‘lak qolgan bo‘lib, Berkxardtning mashinasi o‘tib ketishi
uchun o‘z navbatini kutardi. Burchakdagi taxta to‘siqlarda yorqin lavhalar ko‘zga tashlanardi. Ularda
yuzlarida tabassum balqib turgan kishilar g‘azna darchasiga shoshilishyapti. Lavhalarga «Endi ko‘p
kutmaymiz» degan shior yozilgan. Tez orada bu yerda «Merrey Xill» bankining yana bir bo‘limi
qulaylik tug‘diradi. U Nyu-Yorkning tejamkor aholisiga to‘rt yarim foizdan to‘lashga tayyor.
Palmer istehzoli kulib, qariyaga o‘girildi:
— Mana shu burchak yonidan o‘tayotganimizda qon bosimingizni nazorat qilib turing, — dedi. —
Bu yerda «Merrey Xill»ning yana bir bo‘limi ochilayapti.
— Bilaman, — ming‘irladi Berkxardt, — har kuni ertalab shu yerdan o‘taman.
— Men ularning bankida filiallarga nisbatan muayyan cheklovlar bor, deb o‘ylardim.
— Shu yilning bahorida ular boshqa bir jamg‘arma banki bilan birlashdilar. Uning esa uchta filiali
bor. Bu shulardan bittasi.
Palmer yengil hushtak chalib yubordi:
— Bu jarayonni nima bilan to‘xtatish mumkin?
— Hech narsa bilan, — to‘ng‘illadi Berkxardt. — Ular istagancha birlashaverishlari mumkin. Banklar
faoliyatini boshqarib turuvchi ma’murlarimiz rozilik berar ekan, bu ish davom etaveradi.
Endi ularning har ikkovi ham mashinaning yon oynalaridan ko‘chani kuzatishardi. Uchinchi avenyu
burchagida maxsus taxtada «Merrey Xill» banki bo‘limining qurilayotgan binosining ulkan loyihasi aks
ettirilgandi. «Rolls-Roys» tezligini pasaytirib burchakka yaqinlashganda Palmer rasmdagi bo‘lajak
o‘ttiz qavatli binoning tarhini diqqat bilan ko‘zdan kechirdi.
— Xizmat binosi uchun juda g‘alati joylashgan-ku bu, — ming‘irladi u. Lekin shu payt nigohini
ko‘chani kesib o‘tmoqchi bo‘layotgan ayol tortdi. U baland bo‘yli, to‘ladan kelgan, xushbichim oyoqlari
go‘yo...
— Sen hali ham ko‘hna Uchinchi avenyu haqida o‘ylayapsan-a? — dedi Berkxardt.
Palmer unga qarab o‘girildi-yu, qariya ham boyagi ayolni ko‘rganini payqadi.
— Eldagi eski uylar buzib tashlanishi bilan, — davom etdi Berkxardt, — bu yerda «Blumingdeyl»
univermagi qad rostladi, u yerda esa ma’muriy binolar tiklana bordi.
— Holbuki pul hozir ancha tanqis.
— Jamg‘arma banklarida esa pul bor, jin ursin ularni, bu — yaraga tuz sepganday gap! Ularga pul
oqib kelmoqda. Ularning aktivi1 — naqd pul yoki ularga teng bo‘lgan davlat zayomlaridir, buning
ustiga yana garov vasiqalari ham bor. Bu axir, bu xuddi... Berkxardt alam bilan tufladi.
— Xuddi bankdagi naqdgina pul, — shipshitdi Palmer istehzo bilan.
Berkxardt unga sovuq qarash qildi.