www.ziyouz.com kutubxonasi
283
chizilgan. Yoqdimi?
— Bu — dahshat!
— Bolakay!
— Ha, ha, — davom etdi Palmer. — Sarlavhadagi “sotsialistik” so‘zini “sotsialist” so‘ziga almashtir.
Shunda mas’uliyati kamroq bo‘ladi. O’roq bolg‘ali bayroqni olib tashla. Yana, xudo haqqi, bir qarab
ko‘r, qon tomchilarisiz iloji yo‘qmikan? Baribir nishonga tegadi, tanlab o‘tirishga imkonimiz yo‘q.
— To‘ppa-to‘g‘ri. Endi maqolaning nusxasini eshit.
— O’qi.
— Hmm. U mana bunday boshlanadi: “Xushyor bo‘linglar! O’rmalovchi sotsializm arvoh yoki telba
odamning alahlashi emas. Sotsialistik an’analar davlatimizning yuragida, eng og‘riq joyi — sizning
hamyonlaringizda paydo bo‘la boshladi. So‘z boshi. Keyin Sirakuzadagi nutqingdan bir jumla olamiz,
o‘zingga yoqqan edi-ku? Tra-ta-ta. Keyin: “Sotsialistik banklar qoningizni ichishiga yo‘l bermang.
Nozik mijoz imtiyozli jamg‘arma banklarni tejalgan omonatlaringiz hisobiga semirishiga yo‘l
qo‘ymang.” So‘z boshi. “Sizlar soliqlarni to‘layapsizlar. Shunday ekan, nima uchun jamg‘arma banklar
soliq to‘lashmaydi?” So‘z boshi. “Sizlar pullaringizni Amerika banklariga qo‘yasizlar. Nima uchun
jamg‘arma banklari o‘z pullarini Amerikaga qo‘yishni xohlamaydi?” So‘z boshi. “Sizlar xususiy
tadbirkorlikka ishonasizlar. Nima uchun jamg‘arma banklari unga ishonmasligi kerak?.. So‘z boshi.
“Boshqa davlatlardan kelgan jamg‘arma banklar davlatingiz, xalqingiz qalbini yeyishiga yo‘l
qo‘ymang”. Abzats. Bu mutlaqo rasvo narsa, to‘g‘rimi, Vudi? Mana, oxiri: “Xushyor bo‘linglar va
atrofda nimalar bo‘layotganiga qaranglar. Senatorlaringiz va qonun chiqaruvchi majlis a’zolarini
sudraluvchi sotsializm emas, xususiy tadbirkorlik uchun ovoz berishga undanglar!” So‘z boshi. “Ularni
jamg‘arma banklar haqidagi qonun loyihasiga yo‘q deyishga da’vat etinglar.” Eng oxiriga
“Fuqarolarning xususiy tadbirkorlik bo‘yicha mustaqil qo‘mitasi” degan yozuv qo‘shib qo‘yiladi.
Seshanba kuni birja ochilganda kurs unchalik baland bo‘lmasa-da, bir qadar ko‘tarilgani kuzatildi.
Soat o‘nga borib, Jet-Tex aktsiyalari haqidagi telegraf xabarlari ancha kechikib tusha boshladi. Soat
o‘n birda Palmerning dalloli eng ishonchli manbalar orqali aktsiya 35 gacha, ya’ni o‘z tannarxidan 10
band pasayib ketganini aniqlashga ulgurdi.
Soat o‘n birda, Palmer dallol bilan gaplashayotgan paytda Virjiniya Kleri bo‘limida ishlaydigan qiz
kunduzgi gazetalarning dastlabki nashrlarini olib keldi. “Jornel ameriken” va “Uorld telegram”
Vashingtondan YuPIning Tim Karvi departamentida chaqirilgan matbuot anjumani haqidagi xabarni
chop etgan edilar. Bayonot Palmer kutganidek, vahimali bo‘lmasa ham, masala mohiyatini to‘liq
qamrab olgandi. “Jornel”dagi maqola sarlavhasi bir qadar mavhum chiqqan edi.
Ertalabki o‘ndan boshlab qo‘ng‘iroq tinimsiz jiringlashga tushdi. Palmer kotibasiga faqat
gazetachilar bilangina bog‘lashni tayinladi. Berns uning shaxsiy telefoniga uch marta qo‘ng‘iroq qildi:
dastlab — Fogel bilan o‘rnatilgan aloqa haqida xabar qildi, so‘ng bayonotlar gazetaga yetkazilganini
aytdi. Yana bir marta esa klishe tayyorlangani va bugungi birinchi son uchun ko‘paytirilayotganini
bildirdi.
Soat o‘n birdan keyin Palmerning kotibasi barcha telefon qo‘ng‘iroqlari yozuvini keltirib berdi.
Ularning orasida Berkxardt besh marta qo‘ng‘iroq qilgani ham qayd etilgan edi. U Konnektikutdagi
uyidan telefon qilgandi.
Palmer ensasi qotganicha, interkomdagi “Berkxardt” deb yozilgan tugmachani bosdi. Hech kim
javob bermagach, u Konnektikutdagi raqamlarni terdi. Go‘shakni xizmatkor ayollardan biri ko‘tardi.
— Yo‘q, janob Palmer, u yarim soatcha oldin ketdi. — U go‘shakni qo‘yib ulgurmasdan yana
qo‘ng‘iroq bo‘ldi. U go‘shakni qayta ko‘tardi: — Palmer.
— Jorj Mollett. Sizda ishim bor edi.