www.ziyouz.com kutubxonasi
31
— Mendan Katta Vikka salom deb qo‘y, — dedi u chiqib keta turib.
— Mana, bugungi ish ham bitdi. — to‘ng‘illadi uning orqasidan qarab qolarkan Berns. Keyin
Palmerga burildi-da:
— Juda soz, — deb qo‘ydi.
— Ha, mayli, u mening chikagolik bankir ekanimni bildi, deb taxmin qilaylik, siz shuni
hohlagandingiz. Lekin mening YuBTKda ishlashim unga hali ma’lum emas-ku.
Berns qoshlarini chimirdi:
— Nima balo, matbuotga mo‘ljallangan axborotimizni Leyn sizga ko‘rsatmadimi? — U pidjagining
ichki cho‘ntagini kovlashtirib bir varaq buklangan qog‘ozni oldi.
— Ushbu axborot bugun kurerimiz bilan gazetalar tahririyatlariga va telegraf agentliklariga
yuborildi, — dedi u.
Palmer qog‘ozni yoydi. U «Yunayted benk» blanki bo‘lib, matn oltin harflar bilan yozilgan edi.
Rotoprintda ko‘paytirilgan xabarning sarlavhasida «Palmer omonat banklariga qarshi kurashish uchun
kompaniyaga ishga o‘tdi» deyilardi.
Palmer hayron bo‘lib Bernsga qaradi:
— Bu haqda men bilan hech kim kelishib olgani yo‘q. Men rasmiy ravishda faqat bir oydan keyin
ishga tushaman.
— Vudi, biz bitta qayiqda suzayapmiz, axir. Men ushbu nusxani yuqori qavatdagi eshik oldida
o‘tirgan baland bo‘yli mallasoch qiz stolidan olganman.
— Lekin siz reklama masalalari bo‘yicha YuBTK maslahatchisisiz, axir? — qiziqib so‘radi Palmer. —
Axir, bunday materiallar sizning imzoingizsiz tarqatilmaydi.
— Bu mening vazifamga kirishini hech kim bilmaydi. Xuddi shu boisdan ham Len Bekkon
ikkalamizni birgalikda ko‘rishi shunchalar muhim edi.
— Unda bu xabarni kim tarqatdi, axir, jin ursin? Reklama bo‘limimi? — so‘radi Palmer g‘azablanib.
— Ha-da, boshqa kim yuborardi!
— Hatto oldindan men bilan kelishmay turib-a? Bu qanday surbetlik, jin ursin.
Berns qo‘llarini yoydi, kaftlarini yuqori qaratib ko‘targani uchun kuylagining tugmasi solinmagan
yenglari qanotlarga o‘xshab shalpayib pastga tushdi.
— Nima bu xabarda sizga biror narsa yoqmayaptimi? — so‘radi u.
— Bilmayman, — to‘ng‘illadi Palmer va xabar mazmunini hali o‘qib chiqmaganini eslab, unga ko‘z
yugurtirdi:
«Eng yirik Amerika banki — YuBTK prezidenti va boshqaruv raisi Leyn Berkxardt bugun shuni e’lon
qildiki, chikagolik taniqli bankir, Vuds Palmer-kenja, sobiq prezident...».
Berns tirsagi yonidagi telefon yana sekin, ammo qat’iyat bilan jiringladi. Palmer o‘qishdan to‘xtadi.
— Ehtimol, Karakasdir, — dedi aybdor ovoz bilan Berns. — Allo? — uning ovozi birdan yumshadi.
— Sizni chaqirishyapti, — deb go‘shakni Palmerga tutqazdi.
— Allo?
— Janob Palmerni, marhamat, — dedi telefonchi qiz.
— Palmer eshitayapti.
— Sizni shaharlararo stantsiya so‘rayapti, kutib turing, iltimos.
Palmer kutib turdi. U yoqdan javob bo‘lmagach:
— Gapirsangiz-chi, — dedi Palmer.
— Vuds? — Edisning hayajonlangan ovozi eshitildi. — Allo, Vuds...
— Edis, qaerdan gapirayapsan?
— Men dala hovlidan sim qoqayapman. Tinimsiz telefon qilishyapti, gazetalar bilishni istaydi,
Vuds...
— Ha, ha, men eshitayapman.
— Vuds, shu rostmi?
Uellsli kollejda unga singdirilgan so‘zlash ohangi har qanday ichki hayajonini ishonch bilan