www.ziyouz.com kutubxonasi
41
o‘xshardi. — Nyu-Yorkda men haqimda hamma biladi. Hatto men chekayotgan sigareta markasini
ham. Mening hayotim hamma uchun ochiq kitobday. — Palmer chaqmoqni yoqib, uning sigaretasini
o‘t oldirdi-da, so‘zida davom etdi:
— Marhamat qilib ayting-chi, YuBTKning razvedka tizimi yaxshi ishlaydimi?
— Juda yaxshi, — javob berdi xonim.
— Men amaliy xabarlarni nazarda tutayapman, — aniqlik kiritdi Palmer.
Xonim uning sigareta chekishiga qarab turdi.
— Sizning nimani nazarda tutayotganingizni tushunaman, — dedi u ko‘zini Palmerning yozuv
stoliga qaratib. — Sizning razvedka sohasida yangi odam emasligingiz menga yaxshi ma’lum.
— Ha, o‘n besh yil burun bu ishga aloqam bo‘lgan, — deb javob berdi Palmer va birdan to‘xtab
qoldi. — Hujjatlarimda sanalar aniq ko‘rsatilgan.
Xonim tasdiqlaganday bosh irg‘adi va so‘radi:
— Ko‘rishni xohlaysizmi?
Palmer orqasiga suyandi, bir oz yengil tortganday bo‘ldi.
— Boshqa vaqt ko‘rarman, — dedi u. — Qandaydir yomg‘irli oqshomlarda, qiladigan boshqa ish
qolmagach.
— Eng dastlabki yozuv 1945 yilga taalluqli, — xabar qildi miss Kleri.
— Aftidan, siz bu hujjatga yaqinda ko‘z tashlaganga o‘xshaysiz, — dedi Palmer.
— Bugungi tongni men shundan boshladim.
— Ayting-chi, kim oldin telefon qildi? Sizmi yoki Mak Bernsmi?
Xonim yengil jilmaydi. Palmer u jilmayganda og‘zi chiroyli bo‘lib ketishini sezdi.
— Mening YuBTKda ishlayotganimga bir yildan sal oshdi, axir. Meni shu darajada ishdan
chiqarishlariga bu yetarli bo‘lmasa kerak. U menga sim qoqdi.
— Siz uning savollariga javob berdingizmi?
— Albatta, — dedi xonim va sigareta kulini tilloyi kuldonga qoqdi. — Axir u bizlarga ishlayapti.
— Biroq bu hammaga ham ma’lum emas.
— Kimga-kimga-yu, lekin buni men bilishim kerak, shunday emasmi? Men bilmasam, qanday
ma’nisi bor...
— Ayting-chi, — uning gapini bo‘ldi Palmer, yanada ko‘proq bilish maqsadida. — Siz YuBTKga
ishga kirgunga qadar biror gazetada ishlaganmidingiz?
— Ha, «Star»da ishlaganman.
— Moliyaviy masalalar bilan shug‘ullanganmisiz?
— Aniqrog‘i bank ishlari bilan.
— Ungacha nima ish qilardingiz?
— «Tayms»da ishlardim, axborot bo‘limida.
Palmer chimirildi.
— Odatda, kishilar xizmat pog‘onasi bo‘ylab teskari tartibda, qanday aytsam ekan, yuqorilash
tartibida ko‘tariladilar. Siz bo‘lsangiz. «Tayms»dan «Star»ga o‘tibsiz.
— Hammada ham shunday bo‘lavermaydi, — qayd qildi xonim ehtiyotkorona. — «Star»da men
ko‘proq pul olardim. — U bir oz jim qoldi, so‘ng chuqurroq nafas olishga urinayotganday so‘radi: —
Mening ishim haqida tavsiyalar va fikr-mulohazalarni ko‘rib qo‘yishni istamaysizmi?
Yana jimlik cho‘kdi. Go‘yo Palmerning ulkan xonasida bepoyon bo‘shliq mana shu notabiiy sukunat
bilan to‘lib ketganday edi. Nihoyat Palmer jilmaydi va jimlikni buzdi.
— Men yana kerak bo‘lmagan gapni aytdim, to‘g‘rimi?
Bu safar xonim uning tabassumiga javob qaytarmadi.
— Yo‘q, sizda hammasi yaxshi bo‘layapti, — dedi miss Kleri, — Holbuki, siz hech qachon jurnalist
bo‘lmagansiz. Lekin savolni qanday berishni juda yaxshi bilasiz. Ba’zilar bunga erishish uchun yillar
sarflaydilar.
— Bu menda urush davridan qolgan odat, — tushuntirdi u quruq qilib va qo‘shib qo‘ydi. — Bayonot