Palmer bankni Berns bilan uchrashuvga yigirma daqiqa kechikishni mo‘ljallab tark etdi. U Beshinchi
avenyu bo‘ylab dadil odimlar bilan yurib borardi. Kuz quyoshining yengil nurlari siyraklashgan kashtan
barglari orasidan o‘tib yerga yoyilardi. Kun kutilmaganda iliq keldi. Palmer paltosi bilan shlyapasini ish
stoli ortidagi maxfiy javonda qoldirdi. U erkalovchi yengil havodan chuqur nafas olib borardi.
Yo‘l bo‘ylab unga duch kelayotgan barcha qizlar unga xushro‘y bo‘lib ko‘rinar, ularning yengil odim
tashlashlari ko‘zni quvnatib, dilni yayratardi. Do‘konlarning ko‘rgazma oynalarida hafsala bilan
joylashtirilgan bashang buyumlar o‘zlarini ko‘z-ko‘z qilardi. Palmer odatdagidan tezroq yurib Ellik
birinchi ko‘chaga burildi-da, ko‘zi bilan Nyu-Yorkning mashhur restorani «Yigirma bir»ning lavhasini
qidira boshladi. U Oltinchi avenyuga yaqinlashganda birdan restoran Ellik ikkinchi ko‘chada
joylashganini esladi. U to‘xtab o‘yladi, bu xato — o‘ziga xos ogohlantirish bo‘lsa kerak, Palmer qo‘pol
xatoga yo‘l qo‘yayotganga o‘xshaydi.
Oltinchi avenyu muyulishida turib, o‘tgan-ketganlarga qararkan, Palmer bu ko‘chadagi ayollar bir
mahalla narida ko‘rgan xonimlardan qanchalik farq qilishi haqida o‘yladi. Lekin kayfiyati nega
birdaniga o‘zgarib qolganiga tushunmasdi.
Uning kayfiyati tez-tez o‘zgarib turishi avvaldan ma’lum edi. Uning asosiy kamchiliklaridan biri shu
edi. Bundan qutulish kerak deb otasi ham ta’kidlagandi.
Palmer endi Oltinchi avenyu bo‘ylab sekin, shoshmasdan yurib borardi. Bu yerdagi do‘konlarning
uniqqan ko‘rgazma oynalarida turib qolgan buyumlar ko‘zga tashlanardi. Devorlarda: «Shoshilinch,
arzon sotiladi» degan yozuvlar ko‘zga tashlanadi.
Otasining cheklanganligi Palmerning hamisha g‘ashiga tegsa-da, oxir-oqibat u shunday xulosaga
keldiki, otasiga uni o‘rab turgan dunyo bilan tabiiy muomala usuli bo‘lib xizmat qilayotgan muhrlar
to‘plami yordamida haqiqatni tiklash chindan ham ancha oson bo‘larkan.
Ellik ikkinchi ko‘cha muyulishida Palmer qadamini sekinlatdi va atrofga alangladi. Bu yerdagi
mo‘‘jazgina do‘koncha vaqtincha saylov mavsumi idorasiga aylantirilgan edi. Unda shahar
mahkamalariga navbatdagi saylovga tayyorgarlik boshlab yuborilgandi. Do‘konning devorlariga