www.ziyouz.com kutubxonasi
57
BMT binosi tomon intilardi. Erkak qo‘li bilan o‘ng tomonni ko‘rsatib, o‘jarlik bilan o‘sha yoqqa yurardi.
«Mana oilaviy qalblar mushtarakligi», — o‘ylardi Palmer ular ketidan qarab. Ular o‘zaro bahslashib
va imo-ishora qilgancha ko‘zdan g‘oyib bo‘ldilar. Faqat qizchaning qichqiriqlarigina ancha vaqt eshitilib
turdi. Ular sayyohlar to‘dasiga aralashib, butunlay ko‘rinmay ketdilar...
Palmer o‘girildi-da, nigohini daryoga qaratdi. Shatakchi kemaning ko‘pikli izi hanuz tarqalmagan va
daryo yuzida qalqib turardi.
Manfaatlar mushtarakligi, birdamlik, o‘yladi yana Palmer. Oddiy hayvoniy hirs, arzimas unsurdan
biror arzigulik narsa yaratishga intilish. Bizni o‘rab turgan hamma narsa ikkinchi darajali unsurga
aylanadi, kundan-kunga yomonlashib boradi. Bu qanchalik tez yuz berayotganini hech kim sezmaydi
ham, o‘ylardi Palmer. Mahsulotlar sifati tushib ketyapti, arzonroq bo‘lsa bo‘lgani, tezroq sotilsa bas.
Ajablanarlisi shundaki, bundan hech kim shikoyat qilmaydi. Buni hech kim sezmayotganga o‘xshaydi.
Odamlar televizorlarini qanday sozlashlarini kuzatishning o‘zi kifoya, fikr yuritardi Palmer.
Televizordagi ko‘plab quloqlar nimaga xizmat qilishini hech kim o‘ylab ko‘rmaydi. Shuning uchun ham
televizor ekranidagi tasvirlar qing‘ir-qiyshiq, goh yorug‘, goh qorong‘i ko‘rinadi. Ana shu quloqlar
yordamida biror narsa qilish mumkin, lekin sozlay boshlasang, haligi yomon va xira tasvirlar ham
o‘chib qo‘ya qoladi. Yaxshisi, unga tegmagan, qulog‘ini buramagan ma’qul. Baribir, bir yildan so‘ng
televizorning yangi rusumdagilari chiqadi, yangi, «aqlli» antennalar paydo bo‘ladi. Tashvishlanish
shartmi?
Palmer cho‘ntagidan sigareta olib, maza qilib chekdi, uni o‘rab turgan toza havoga tamaki tutunini
purkadi. Biroq yengil shabada shu zahotiyoq uni tarqatib yubordi.
Kayfiyatni sozlab olish kerak, o‘yladi Palmer. Kayfiyatga berilib ketsa bo‘lmaydi. U o‘rnidan turdi,
sigaretani yerga tashladi, poshnasi bilan bosib o‘chirdi-da, Birinchi avenyu bo‘ylab shaharning
ishbilarmonlar mahallasiga qarab yurdi. Berkxardt bilan uchrashuvgacha hali ikki soatcha bor edi.
Bemalol shaharni sayr qilib, istagan narsasini ko‘rishga vaqt yetarli.
Shunday qilish o‘rniga, Palmer BMT binosiga borib, avtomat telefondan bankka sim qoqdi.
— Mister Palmer, biz anchadan beri sizni izlayapmiz, — javob berdi mallasoch kotiba. Uning
ovozida ehtirom bilan birga g‘azablanish ohangi ham bor edi.
Uni eshita turib, Palmer o‘ziga shaxsiy kotiba yollash kerak, degan qarorga keldi. Qandaydir ellik
yoshlardagi oilali ayol bo‘lgani ma’qul. U mening manfaatlarimni himoya qilishi mumkin.
— Men bo‘limlarimiz ishini tekshirgani borgandim, — javob berdi Palmer va shu zahotiyoq
aldashimga hojat bormidi o‘zi, deb hayron bo‘ldi.
— Shunaqami, kechirasiz, — dedi kotiba qiz. Uning javobi ohangidan Palmer shuni tushundiki,
uning yo‘qligiga zarur sabab borligidan kotiba xursand bo‘ldi. — Janob Berns besh marta telefon qildi,
— davom etdi kotiba, «besh» so‘ziga urg‘u berib.
— Uning o‘zi telefon qildimi?
— Ha, shaxsan o‘zi besh marta telefon qildi, — dedi kotiba qiz.
— Agar u yana telefon qilsa, unga tushuntiringlar, men hozir bandman. Yo‘l-yo‘lakay u bilan
bog‘lanaman. Soat beshlarda yoki yaxshisi beshu o‘n beshlarda meni «Yunion lig» klubidan topishlari
mumkin.
— Mister Berkxardt bilan birgami, — qo‘shimcha qildi kotiba, — Sizga mashinangiz kerak
bo‘lmaydimi?
— Yo‘q, yana qanaqa gaplar?
— Kunduzgi ikkinchi va uchinchi pochtalar olindi.
— Jiddiy gap bormi?
— Men pochtani ochganim yo‘q, mister Palmer.
— Mayli. Yana nima?
— Qandaydir mister Lumis qo‘ng‘iroq qildi.
— Jozef Lumismi?
— Uning kotibi. U keyinroq yana telefon qilaman, dedi.