www.ziyouz.com kutubxonasi
88
ham bo‘lishi mumkin edi, go‘yo bo‘yoq yordamida bu odatdagi qaynatish o‘limdan qiyin bo‘lgan
bo‘tqa ekanligini xaspo‘slash mumkinday.
Palmer ziyofat oxiriga kelib uning uskunasi yonidagi bir gala kumush idishlar ichidan saqlanib
qolgan yagona buyum — to‘rt shirinlik qoshiqchalaridan bittasini tanladi va o‘zini kuch bilan zo‘rlab
ustida bir tomchi sirop qotib qolgan muzqaymoqdan o‘yib oldi. Tatib ko‘rgach, bosh irg‘ab, xuddi
o‘ylaganidek ekanini tasdiqladi. Shundoq bo‘lib chiqdi — ananasli muzqaymoq va yong‘oq siropi. U
idishni nari surib qo‘ydi-da, sigareta tutatdi.
Otelning hayhotday ziyofatlar tanobiysiga har biri o‘n kishilik katta-katta dumaloq stollar qo‘yilgan.
Baland taqasimon balkon tanobiyning har uchala devorini qurshab turadi. U yerga ham stollar
qo‘yilgan, faqat biroz kichikroqlari — to‘rt kishiligidan. Uzoq burchakdagi uncha katta bo‘lmagan
supachalarda besh cholg‘uchidan iborat orkestr ovqatlanayotgan xo‘randalar boshlari uzra kamida ikki
yil oldingi ommabop kuylardan iborat aralash-quralash qorishmani usti-ustiga to‘kkani-to‘kkan.
Ofitsiantlar asosiy taom — chala qovurilgan biqin go‘shtli qovurdoqni torta boshlaganlarida orkestr
“Nazokatli bo‘l” qo‘shig‘idan bir necha bandni ijro etdi, buni, ochig‘i, an’anaviy hazil deb baholash joiz
bo‘lardi. Taklifnomada rasmiy qismdan keyin raqslar boshlanadi va uncha katta bo‘lmagan estrada
sahna tomoshasi namoyish etiladi deb aytilgandi. Konferanse vazifasini shu paytgacha nomi sira
Palmerning qulog‘iga chalinmagan, ammo Virjiniya Klerining so‘zlariga qaraganda, bir vaqtlar
“Tog‘lar”da ancha mashhur bo‘lgan bir qiziqchi bajarishi kerak edi. “Tog‘lar”da? — Palmer hayron
bo‘lib qoshlarini chimirganda Virjiniya Ketskillz yozgi kurorti “Tog‘lar” deb atalishini tushuntirgandi. U
yerga odatda yoz oylarida taniqli qiziqchi aktyorlar va estrada artistlarini taklif etishardi, “o‘lik”
mavsum vaqtida esa ish yo‘qligidan bugungiga o‘xshagan ziyofatlarda tomoshalar ko‘rsatishga
majbur bo‘lishardi.
Virjiniya oltinchi raqamli stolda Garri Elder va bir necha gazeta sharhlovchilari bilan birga o‘tirishi
kerak edi.
Palmer stol raqamlarini qarab chiqishga harakat qildi, biroq hay’atdagi joyidan projektorlarning
charog‘on nuri ostida nimqorong‘i tanobiyda deyarli hech narsani ko‘rib bo‘lmasdi. Ziyofatdagi odam u
Virjiniya bilan juvonning o‘z stoliga qancha kerak bo‘lsa, o‘shancha viski buyurtma qilishiga kelishib
oldi. Palmer ko‘zlarini qisib, ustiga kamida besh-oltita bo‘sh shisha turishi kerak bo‘lgan stolni qidirib
topish niyatida tanobiyni qarab chiqdi, biroq ko‘p o‘tmay qariyb har bir stol uzra butun bir batareya
osilib turganiga amin bo‘ldi.
Boshqa faxrli mehmonlar qatorida Palmerning avval-boshdanoq o‘zgacharoq, ancha shovqinli va
aftidan, ziyofat ishtirokchilarining ancha baxtiyor oilasidan ajratib qo‘yishgan edi, ularni alohida
xonaga o‘tqazishgandi, u yerda ular spirtli ichimliklarga qo‘l urmay, o‘zlarining hay’atdagi stoldan joy
olishlari kerak bo‘lgan daqiqani kutib o‘tirishardi. Ba’zi mulohazalardan keyin Palmer shunday
xulosaga keldiki, bu tahammulga sabab ko‘p sonli diniy nazorat vakillari, siyosiy rahbarlar va boshqa
hurmatli shaxslar kelishi bilan bog‘liq emas ekan. Yo‘q, ularning barchasi ko‘zlariga urib turgan
ayovsiz projektorlar nuri ostida kamida ikki-uch soat o‘tirishlariga to‘g‘ri kelishini juda yaxshi bilardi.
Xohlashsa-xohlashmasa ichmasdan o‘tirishga majbur edilar.
Ular hay’at stoli tomon gurs-gurs bosib yo‘l olganlarida har birlarining miyasidan uncha taskin
bermaydigan birgina fikr kechdi: tanobiyda o‘tirganlarning ulardan boshqa deyarli barchasi g‘irt
shirakayf. Milliy madhiya ovozi ostida boshqalar bilan bir safga borib turarkan, Palmer maktab
ruhoniysi qiroat qilgan qisqagina duoning tugashini kutgancha o‘ziga viski buyurgani nigohi bilan
metrdotel1 ni qidirar edi. Qidirishi behuda ketdi: Palmer bu o‘taketgan og‘ir va uzoq jarayon
so‘ngigacha ortiq bir qultum ham icholmadi. Oddiy mehmonlar esa xohlagancha miriqdilar, biroq
hay’atda tiniq va tik boquvchi ko‘zlarini xiralashtirmagan rahnamolar qadlarini to‘g‘ri tutib,
namoyishkorona o‘tirishlari shart edi.
Palmer xuddi ilma-teshik sharga o‘xshash idish tagiga tobora cho‘kib borayotgan muzqaymoqqa
qarab qo‘ydi va hay’atni qurshab olgan nimqorong‘ilikka ko‘zini o‘rgatib olishga harakat qilgancha
nigohini boshqa yoqqa oldi. Mehmonlardan allakimlar stollaridan turib ketishgandi, buni u payqashga