www.ziyouz.com kutubxonasi
119
Palmer ichida klub joylashgan eski bino vestibyuliga kirib keldi va liftning kashtasimon temir
panjarasi oldiga kelib to‘xtadi. Bunday eski uy allaqachon buzib tashlanishi kerak edi. O’ttizinchi
yillarda uning o‘rnida to‘ybop tortga o‘xshagan didsiz naqshli, granitdan tiklangan hapqat bir inshoot
yoki quruq temir-beton quticha yuzaga kelgan bo‘lardi. Keyingi besh yil davomida esa bu yerda
zamonaviy shisha akvarium-uy barpo etishlari mumkin edi, deb mushohada yuritardi Palmer,
erinchoqlik bilan pastga sho‘ng‘iyotgan lift shovqiniga quloq solgancha; butun bino, aftidan, klubga
kirardi, boshqacha bo‘lishi mumkin emasdi. Faqat klub a’zolarining urinib-chiranishlari tufayligina bu
uy taraqqiyotning qaqshatqich hujumlariga qarshi turib bera olardi. Hozir ham o‘z umrini yashab
bo‘lgan davrda o‘ziga xos bir yodgorlikka aylangandi.
Daqqiyunusdan qolgan qulf bilan birmuncha olishuvdan keyin kamida yetmishni urib qo‘ygan liftchi
chol nihoyat lift eshigini ochdi va Palmer xonachaga kirdi.
— Klubga, iltimos.
Palmer liftchining oppoq ko‘rkam soqoliga razm soldi. Eshik yopildi va lift qandaydir jangir-jungur
va qulq-qulq qilgan ovozlarga jo‘r bo‘lib tepaga ko‘tarila boshladi. Palmer qoshini chimirdi: nahotki, bu
bino shu qadar eski bo‘lsaki, undagi lift hali ham suv bosqoni bilan ishlasa?
— Qulqullayotgan nima? — so‘radi u liftchi choldan.
Chol asta burilib, unga qulog‘ini tutdi:
— Kechirasiz, bir nima dedingizmi?
— Yo‘q, hech nima.
Ular tantanavor sukut saqlab asta ko‘tarilib borar edilar, go‘yo lojada filarmoniya joylashgan-u, ular
lift shovqinini emas, simfonik kuy tinglayotganday.
O’n ikkinchi qavatda liftchi liftni vaqtidan oldin to‘xtatdi, keyin ular kerakli holatdan tepaga o‘tib
ketishdi va chol bir qancha shunaqangi murakkab va shovqinli urinishlar qilishiga to‘g‘ri keldiki, butun
kabina silkinib ketib, Palmerning hatto biroz kayfi ham uchdi.
— Mijozlar o‘zlarining kelganlarini metrdotelga xabar qiladilar, — g‘udrandi liftchi chol nihoyat lift
eshigini ocharkan.
Metrdotel joyida yo‘q edi va Palmer baland .stolda turgan qo‘ng‘iroqchani chaldi. U bong ovoziday
bo‘g‘iq va cho‘ziq sado berdi. Vaqt o‘tib borardi. Palmer u yoq-bu yoqqa qaradi. Ha, hozir bunaqa qilib
qurishmaydi. Shiftlarning balandligi kamida o‘n besh fut kelardi. Devorlari mum surtib yaltiratilgan
dub baget qoplamasi va usti yashil shishasimon yuqorigi qismi kulrang tusda. Devor yoniga qo‘yilgan
o‘rindiqlar oq dubdan yasalgan bo‘lib, yon suyanchiqlari g‘oyat zalvorli. Suyanchig‘i va o‘tirg‘ich
qismlariga qora charm qoplangan. Palmer o‘rindiqlardan birini ko‘tarib ko‘rdi: u manavi yerda ellik
funt kelardi. Qiziq, bu buyumlar qachon yasalgan bo‘lsa? Yarim asr oldinmi yo yetmish yilmi?
Bundaylarga o‘xshaganini yasattirish uchun hozirgi narxlarda odamning aqli bovar qilmaydi. Darvoqe,
bunday o‘rindiqlar sinmaydi ham, shu bois ular hech qachon ta’mir ham talab etmaydi.
— Ser?
U o‘girilib qaradi va och ko‘krang shim va qora sarg‘ish pidjakdagi yoshi katta kishini ko‘rdi.
— Vude Palmer. Mister Lumis huzuriga.
— Ha, mister Palmer. Mister Lumis sizga muntazirlar. Bu yoqqa marhamat etsinlar.
Palmer xiyla ensiz va haddan tashqari uzun yo‘lakdan unga ergashdi: deyarli uyning yarmini yurib
o‘tishga to‘g‘ri keldi, nihoyat ular ichiga taxminan yigirmatacha dumaloq stol terib qo‘yilgan keng
tanobiy xona eshigi oldida paydo bo‘lishdi. Kun yorug‘i bu yerga ko‘chaga ochiluvchi ko‘tarma
derazalardan tushar edi. Bir vaqtlar derazalardan daryo manzarasi ko‘rinib turardi, ammo hozir
ko‘chaning narigi tomonida oyna va alyumindan tiklangan ko‘p qavatli binolar bo‘y cho‘zib, daryoni
deyarli butunlay to‘sib qo‘ygandi. Uning bostirib kelganini bu yerda qanchalik yoqtirmay qarshi
olishlarini tasavvur qilib, Palmer bilinar-bilinmas jilmayib qo‘ydi.
Palmer tanobiyning to‘riga, boshqalardan sal narida turgan bir dumaloq stol oldiga borib to‘xtadi va
stolda o‘tirgan qotmagina keksa odamga odob bilan ta’zim qildi.
— Mister Lumismisiz?