www.ziyouz.com kutubxonasi
139
— Menga sening jamoling bo‘lsa bo‘lgani, qizaloq.
— O’zingga o‘zing xizmat ko‘rsataver, — dedi juvon. — Ertaga vaqtida kelgin-da, nohaqligingni
bo‘yningga ol. Bu hammamizning ahvolimiz yengillashuviga ancha yordam beradi.
— Sen do‘stim, do‘stginam.
— Yaxshi, ko‘rishguncha.
Virjiniya go‘shakni endi joyiga qo‘ymoqchi bo‘lganida Bernsning zaif ovozi eshitildi.
— Ha, Mak?
— Ikkovingiz mening kvartiramda vaqtni qanday o‘tkazdingiz deb so‘rayapman.
Virjiniya barmog‘i bilan Palmerning chap ko‘kragiga bosdi. — Men senga uning aniq ta’rifini berdim,
— javob berdi juvon. — Sibir.
— Juda yomon.
— Kimga?
— Kimga bo‘lardi? — Berns kuldi. — Palmer mo‘maygina luqmani boy berdi, panja.
— Bu haqda sen nimani ham bilarding, kallavaram?
— Aqlim yetadi. Ertaga rosa to‘qqizda ko‘rishguncha.
— Xayr.
Juvon Palmerning ustidan cho‘zilib, go‘shakni joyiga qo‘ydi. Yuzlari yuzlariga to‘g‘ri kelganda esa
Virjiniya uning pastki labidan asta tishlab qo‘ydi.
— Ixtiyorimizda endi yana ko‘p vaqt bor, — shivirladi juvon. — U nima deganini eshitdingmi?
Palmer bosh irg‘adi:
— Bunaqa suhbatlarda qachon ishtirok etishimga to‘g‘ri kelganini eslay olmayman.
— Bunda aytarlik hech gap bo‘lgani yo‘q, — unga qo‘shildi Virjiniya. Bo‘salardan uning ovozi
yarmigacha bo‘g‘ilib qoldi. Juvon o‘tirib oldi-da, unga diqqat bilan razm soldi.
— Charchaganga o‘xshaysan.
— Ammo baxtliman.
— Ammo charchagansan.
— Qo‘ysang-chi, — javob berdi yigit. — Judayam ishdan chiqib qolgan darajada emasdirman. Lekin
men maxsus mashqdan o‘tmagan edim.
— Bordi-yu, meni uyaltirib qo‘yishga harakat qilganingda ham baribir hech narsa chiqmaydi.
— Ayollar — boshqa gap.
— Sen kuzatuvchansan. — Juvon qo‘lini uning badani bo‘ylab yurgizdi. — Ha, butunlay qo‘lidan ish
kelmaydigan darajadasan deb bo‘lmaydi. — Uning qo‘li quloqqacha yetdi. — Mana shu yerda eng
yaxshi joylar boshlanadi.
— Hammasi yaxshi ovqatlanishdan.
Qo‘l ohista pastga harakat qildi.
— Oliy nav, — dedi Virjiniya bir soniya o‘tgach. Birmuncha vaqt ular jimib qolishdi. Juvon qo‘lini
oldi va uning tomonidagi karavot yonida turgan stolchada yotgan sigaretalarga cho‘zildi.
— Beraymi?
— Ber.
Juvon har ikkala sigaretani tutatdi, o‘zinikidan tutunni ichiga tortdi va uni shiftdagi to‘rtburchak
yog‘duga qarab pufladi.
— Men hech bir odam ko‘zi bilan ko‘rolmaydigan narsani ko‘ra olaman, — dedi juvon.
Palmer bor bo‘yicha karavotga cho‘zilib, qulayroq yotib oldi. U oyoqlarida yengil, yoqimli og‘riq va
qorin mushaklarida charchoq his etdi.
— Aytib ber-chi.
— Bu sen uchun butunlay yangilik ekanini ko‘rib turibman.
— “Bu” deganingni to‘laroq ta’riflab bera olasanmi?
— Bu... vaziyat. Bu... munosabatlar.
— Yangilik emas, — javob berdi Palmer. — G’ayriodatiy.