www.ziyouz.com kutubxonasi
147
— Jiddiy aytayapman, — dedi Palmer.
— Ishlar qalay, mister Jiddiy? — gap qotdi Jerri. — Sizga mister Shubhani tanishtirishga ruxsat
bering, Mister Shubha, mister Jiddiy bilan tanishing. Mister Jiddiy, tanishing...
— Bas qil-e, — uning gapini bo‘ldi Vudi. — Senga kechroq yotishga ruxsat tegdi, men esa bundan
qiynalishim kerak. — U Palmerga norozi qiyofada qarab qo‘ydi. — Bu adolatdan emas, dada. Siz doim
uning tarafini olasiz.
Palmer o‘g‘liga qaradi; bo‘yi deyarli uning bo‘yi bilan teng — 180 sm. Agar bryunet bo‘lganida,
allaqachon qalinlashib qolgan murtlarini qirdirgan bo‘lardi; ovozi ham otasidek bosiq, salmoqdor bo‘lib
qolgandi. Qiziq, agar peshonasiga yozilgan bo‘lsa, Vudining kap-katta odam bo‘lishi uchun qancha
vaqt kerak bo‘larkan? Shu zahoti u yana noto‘g‘ri yo‘ldan borayotganini anglab qoldi: Jerri aqlli, jasur,
dangalchi edi, Palmer esa o‘g‘lining undan qolishmasligini istaydi, chunki u opasidan uch yosh katta
edi-da. Palmer yana bir karra, o‘g‘lim bilan qizimga bir andazadan qaramasligim kerak, deb eslatib
qo‘ydi.
U o‘g‘liga jilmaydi-da, uning qo‘lidan siladi.
— Men singlingga yarim soat berayotganim sababi shundaki, u baribir bermaganimga qo‘ymaydi.
— Bilaman, — rozi bo‘ldi Vudi. — Nega yangi ko‘ylak kiyib oldingiz?
— Bossnikiga mehmonga ketayapman.
— Anovisi ham top-toza edi-ku?
— Uh, — dedi Jerri, — bunaqa gaplarni eshitgandan ko‘ra borib yotganim afzal.
Bolalari uni eshikkacha kuzatib qo‘yishdi. U yerda Jerri otasini yana bir marta quchoqladi va o‘pish
uchun qoq miyasini tutdi. So‘nggi yillardagidek, Palmer bir tunga Vudini o‘pishga jur’at qilmadi.
Ehtimol, u o‘smirdagi izhor etib bo‘lmas hadikni his qilgani uchundir — birdan u bir kun kelib
parishonxotirlik tufayli uni yosh boladay o‘pib qo‘ysa-chi? Ular qizning boshi osha bir-biriga bosh
irg‘ab qo‘ydilar va Palmer umuman qo‘lidan kelgan darajada o‘zini nosamimiy his qilib, o‘g‘liga ko‘z
qisib qo‘ydi. Bu tuyg‘u o‘rnini qoplash maqsadida u Jerrini yana bir bor mahkam bag‘riga bosdi.
Qiz o‘zini orqaga oldi-da, jilmaydi.
— Bugun sal g‘alatiroqmisiz, — dedi Jerri. — Nima gap? Nima bo‘ldi?
Lift tomon yo‘l olarkan, u soatiga qaradi. Berkxardtnikiga rosa bir soat kechikayapti. Taksida
Palmer baribir omadi kelganini angladi. U o‘zining yangi, bevafo er holatiga ko‘nikishi uchun ortiqcha
vaqtga ega bo‘lgandi. Shuncha ziyrak bo‘lganiga qaramay, Edis bu borada qizi bilan tenglasha
olmasdi. Ziyofat oxiriga kelib, dedi o‘ziga-o‘zi Palmer, Jerri payqagan bu g‘alati ko‘rinishim, hech
shubhasiz, beiz yo‘qoladi.
O’ttizinchi bob
Berkxardtning Sentral-parkdan janubda joylashgan shahar qarorgohi ichki zinapoyali ikki qavatli
odmigina uydan iborat edi. Bino eski va ancha tor edi; unda bir vaqtlar rassomlar va mashshoqlar
studiyasi bo‘lar edi. Bank bu uyni 1939 yillarda, uning sohibi bay puli sotib olish huquqidan mahrum
etilganda olgan edi. Butun qavatni egallagan uzun-uzun xonalar kichik-kichik bo‘laklarga bo‘linib,
qayta ta’mir qilingandi — faqat eng yuqorigi, ikki qavat balandlikdagi, parkka qarab ochiladigan egik
derazalari bo‘lgan xonagina bundan mustasno edi. Avtomatik liftda Palmer pastak, ozg‘in, qorachadan
kelgan 55-57 yoshlardagi bir odam bilan ro‘para bo‘lib qoldi — u qandaydir tanishdek ko‘rindi. Tashqi
ko‘rinishiga qaraganda, bu sochi haddan tashqari qora, egnidagi pidjagi rangi jiletiga sira mos
kelmagan odamning kim bo‘lishidan qat’i nazar, ammo bankir emasligi aniq ko‘rinib turardi:
suvratfurushmi, impressoriomi-ey... Ikkovlari ham yuqorigi qavatdagi xonaga borishayotgani ma’lum
bo‘lgach, ular bir-birlariga bosh irg‘ab qo‘yishdi.
— Mister Palmersiz, shunday emasmi? — so‘radi haligi kishi past ovozda kuchli britan lahjasida.
Uning katta-katta qora ko‘zlari Palmerga odatdan tashqari tikilib qarar edi.