www.ziyouz.com kutubxonasi
156
— G’azabga ham kelgandi, kurashni oxiriga yetkazishga ont ham ichgandi, shundaymi?
— Xuddi shunday.
— Bultur partiyaviy yakdillik sari bu g‘alati da’vat e’lon qilinganida YuBTKdan bironta odam nima
uchun qonun chiqaruvchilardan biri butun safarbarlikni barbod etishga to‘satdan jazm qilib qoldi
degan gapni aytmaganmi?
— Menimcha, u g‘irt mast degan yagona fikrga kelishgandi.
— Rostdanmi?
— Uning bay puli qo‘yayotgani kunday ravshan edi. Lekin u bu ishni bunaqa lo‘ttibozlikka yo‘l
qo‘ymasdan ko‘p yillardan beri ado etib kelardi.
— Yana qandaydir taxminlar bormi?
— Biznikilardan biri unga bir dasta pul ko‘rsatganmish.
— Shunday bo‘lishi mumkinmi? — tinib-tinchimasdi Palmer.
— Bilasizmi, men reklama bo‘limining kichik bir odamiman, folbin emasman.
— Men esa sizni chinakam kelt jodugari deb yurardim.
— Faqat qorong‘i tushgandan keyin.
— Ha. Endi esladim.
— M-m...
Ular jimib qolishdi.
— Nima ham derdik, — dedi so‘ngra Palmer. U xo‘rsindi-da, juvonga qarab jilmayib qo‘ydi. —
Kalavaning uchi qo‘limga kirdi desam bo‘laveradi. Bordi-yu, bir siltasam, xuddi ko‘zboylog‘ichning
sehrli tayoqchasiday butun kalavani chiyratib yuboradi.
— Marhamat, maestro.
Yigit ichki aloqa telefoniga uzandi-da, “Elder” tugmachasini bosdi. Bir soniyadan so‘ng interkomda
Garrining xirildoq ovozi yangradi:
— Nima gap, Vudi?
— Tafsilotlarni chetlab o‘tishga majburman, Garri. Kecha tilga olingan ajoyib bitim bizga dastavval
qachon taklif etilganini ayta olasanmi?
— Yigirma yillik...
— Tafsilotlarsiz, — uning so‘zini bo‘ldi Palmer.
— Ha. Yaxshi. O’ylab olishim kerak. Tag‘in kelib-kelib tong sahardan-a.
— Tortinmay o‘ylayver.
— O’ylayapman, o‘yladimam, — tishining orasidan dedi Elder. — Topdim.
— Xo‘sh?
— Bu qaysidir korxonani moliya bilan ta’minlash haqidagi muzokaralarni qayta boshlash
munosabati bilan o‘n sakkiz oylar muqaddam sodir bo‘lgandi-yov. O’shanda, menimcha, hech kim bu
taklifga jiddiy e’tibor bermagandi.
— Leyn Berkxardt hammadan kam qiziqqanmidi?
— Ayniqsa Leyn. U bu taklifni juda ham ahmoqona, bunaqasini umrimda ko‘rmaganman degandi.
— Hamma ham bunga hazilga o‘xshagan bir narsa deb qaraganmidi? — so‘radi Palmer.
— Faqat kechagi uzun sochli do‘stimizdan tashqari hamma.
— Albatta. U bu bitimni hozirgi shaklida qachon taqdim qilgandi?
— Bir yilcha avval. Balki, undan kamroqmi-ey.
— Leyn hamon buni hazil deb yurarmidi?
— Endi unday deb o‘ylamayotgandi, — dedi Elder. — Bundoq o‘ylab qarasaki, bu jiddiy narsa ekan.
Jiddiyligi shunchalikki, u shartta rad etdi uni. Bunk idorasi roziligini olib, albatta.
— Hozir bu taklif yana ko‘tarilayaptimi?
— Barra bodringday beg‘ubor. Faqat bu gal puli ko‘proq.
— Xo‘sh? — Palmer sukutga cho‘mdi. — Ular o‘z takliflarini yangidan barbod bo‘lishiga zamin
tayyorlashmoqchi desa bo‘ladimi?