www.ziyouz.com kutubxonasi
158
bilmadim, qanday ahvolga tushasiz?
— Qancha ekan o‘sha pul?
— Sizning o‘zingizni deb men na pul miqdorini, na me’yor foizini sizga ayta olaman.
Tushungandirsiz?
— Ha. Meni o‘zim bilmagan narsa haqida valaqlashda ayblash mumkin emas.
— Hamma gap shunda.
— Unda, sizning Garri Elder bilan qilgan suhbatingizdan kelib chiqadigan bo‘lsak, ular bu zayomni
olishmoqchi emaslar deb o‘ylasam bo‘larkan-da?
— Siz bunga qanday qaragan bo‘lar edingiz?
— Menmi... — Juvon sarosimaga tushganday yigitga qaradi. Uning ko‘zlari asta kengaya borib,
og‘zi yarim ochildi. — Men so‘ragan bo‘lardimki... — Juvon boshini chayqadi: — Yo‘q.
— Davom eting.
— Men o‘z-o‘zimdan Jo Lumis haqida so‘ragan bo‘lardim, — dedi nihoyat Virjiniya hayratli ohangda
baland ovoz bilan. — So‘ragan bo‘lardimki, Lumisning bir vaqtning o‘zida ham Jet-Tex tarafini, ham
omonat banklarning bo‘limlari haqidagi taklif tarafini olishi nimani anglatadi, deb.
— Shunda nima deb javob bergan bo‘lardingiz? — so‘radi Palmer.
— Men... men bilmayman. Haqiqatan ham bilmayman.
— Men ham. — Hayhotday xonada Palmerning ovozi ma’yus jarangladi. U yo‘talib qo‘ydi. —
Hozircha bilmayman, — qo‘shimcha qildi u.
So‘zlar katta xonaning to‘rida bo‘g‘iq aks sado berdi. Uzoq jimlikdan keyin Virjiniya turdi. Uning
yuzida, go‘yo hech gap aytilmaganday, hech qanaqangi ma’no yo‘q edi. Shunday bo‘lsa-da, Palmer
bunda qandaydir boshqa narsani, go‘yo hech narsa bo‘lmaganini namoyishkorona tasdiqlovchi
yasama betaraflikni payqadi. Jarohatga malhamni angladi. U xiyol jilmayib qo‘ydi va bu harakat uning
lablarini deyarli og‘ritib cho‘zgandek bo‘ldi.
— Demak, — dedi u, — shunchaki nimadir aytish joiz bo‘lganidan.
— O’z javoblarim bilan sizga yordam bera olamanmi? — so‘radi juvon.
— Hozircha yo‘q. Siz, harholda, yordam berib bo‘ldingiz.
— Men sizga yordam bermoqchiman.
— Men ham sizdan iltimos qilaman. Xotirjam bo‘ling.
— Ishonsam bo‘ladimi?
— Ha, — qat’iy dedi yigit.
— Unda men mashinkam oldiga qaytay, — dedi juvon. — E, ha...
— Nimaydi?
Juvon qo‘lini o‘z ko‘ylagining yoqasiga suqdi.
— Bu yerda bir nima bor, — dedi u. — Mana. Bu sizniki. — Juvon uning yo‘qolgan to‘g‘nog‘ichini
oldi va yigitga uzatdi.
— Eh xudoyim-ey! — U to‘g‘nog‘ichni oldi. — Rahmat.
Juvon bosh irg‘ab qo‘ydi.
— Men uni o‘zimda olib qolmoqchi bo‘lgan edim.
— Lekin u yerda emas. Biron joyingizga sanchilishi mumkin.
Juvon yana bosh irg‘adi: — Bilaman. — Juvon asta o‘girildi-da, eshik tomon yo‘naldi. — Sanchib
olish mumkin, shunda to‘g‘riroq bo‘ladi. — U eshikni ochdi-da, chiqib ketdi.
Palmerning kotibasi tushga yaqingina oxiri Berkxardtni topishga muvaffaq bo‘ldi.
— Leyn, — dedi Palmer go‘shakka, — keling, birga nonushta qilaylik.
— Men shaharning boshqa chekkasidaman, Vudi.