www.ziyouz.com kutubxonasi
242
— Quymoq uchun rahmat, dadajon, — jo‘r bo‘ldi Tom.
Jerri o‘y surgancha kavshanardi. Shu tariqa luqmani obdon yanchib, u og‘zidagi borini yutib
yubordi, odob bilan sharbatdan bir ho‘pladi-da, salfetkani labiga tekizdi.
— Men suyukli ota-onamning har ikkaloviga ham, — gap boshladi u, — chuqur minnatdorchilik
izhor etaman, ayniqsa, menga mahorat bilan ovqat suzib bergan...
Tom kumush qahva choynagidagi o‘z aksini o‘ychan tomosha qilardi. U ijirg‘anib yuqori labi
chekkasini xiyol ko‘tardi. So‘ng ko‘zlarini qisdi-da, nigohini u yerdan uzdi.
— Tom, — dedi Palmer odatdagi otalarcha hukmfarmolik bilan, — ovqatingni ye.
Kenja o‘g‘il ovqat yeya boshladi, Palmer ham.
Quymoqning birinchi ulushi mazasi o‘rtacha edi. U nafis, yupqa quymoqni xush ko‘rardi. Biroq bu
tongda uning g‘ovak namchilligi birdan Palmerning ko‘nglini behuzur qilib yubordi. U Jerri tomonga
o‘girildi:
— Maktabda ishlar qalay?
— O’sha-o‘sha — bosh og‘rig‘i.
Palmer hozirgina u kashf etgan chalg‘ituvchi harakatni chuqurlashtirishga tayyorlanib, sanchqini
qo‘ydi. Farzandlar keksayganingda tayanch bo‘lishlari kerak va bo‘lganlar, o‘yladi u.
Ellik uchinchi bob
O’sha haftada juma kuni Linkolnning tug‘ilgan kuni bayram qilindi. Bunday bayram uik-endga
to‘g‘ri kelmaganda ishbilarmonlar doirasida seziladigan qariyb ilg‘ab bo‘lmas odatdagi tazyiq bank
sohasida bilinmayotgan edi. Boshqa idoralar tazyiqqa bardosh berolmay, bugun ishlamasliklari
mumkin edi, o‘yladi Palmer 8.45 da o‘z kabinetiga kirib kelar ekan, biroq banklar Linkolnning tug‘ilgan
kunini o‘z bayramlari deb tan olmasdilar. Janubda uni bayram qilmaganlari bois shimoliy banklar agar
janubiy shtatlardan Nyu-Yorkka qandaydir muxbirlik ishlari kelib turgan holda ochiq qolaverishlari
kerak edi.
Garchand Palmer bankka yo‘l olganda “Tayms”ni mashinada o‘qib chiqqan bo‘lsa-da, u gazetani
o‘zi bilan kabinetiga olib kelgandi — Olbani xabarlarini yana bir karra ko‘zdan o‘tkazmasa bo‘lmasdi,
Shtatning qonun chiqaruvchi muassasalari jon talvasasida bugungi tonggi qisqagina dastlabki
sessiyani rejalashtirdilar, u senatorlar va qonun chiqaruvchi yig‘ilish a’zolariga odatdagidan ancha
uzoqroq uik-endga uylariga jo‘nashlariga imkon berishi kerak edi. Kun tartibining bugungi tongga
qoldirilgan ikki banddan bittasi, Palmer ko‘rganidek, g‘ayrioddiy qo‘shimchani — omonat banklari
haqidagi qonun loyihasiga tuzatishlarni muhokama qilish uchun banklar qo‘mitasi majlisi edi. Bunday
tuzatish kiritish g‘oyasi Bernsdan chiqqan bo‘lib, u uni bir necha kun avval bayon qilgan edi. Hozir
Palmer Bernsning fikrlari ish berishiga unchalik ko‘zi yetmayotgandi, lekin tagidan qaraganda g‘oya
yaxshiday ko‘rinardi.
Omonat banklari birligini sindirib, Berns kiritilgan tuzatishga nisbatan har qanday mo‘ljalli muxolifni
zaiflashtirishni tushunardi. Bordi-yu, tuzatish kiritilgudek bo‘lsa, bu tijorat banki mustahkamligidan
guvohlik beradi. Olbanida va umuman hayotda esa kuch guvohliklari boshga balodir.
Palmer yozuv stoli oldiga qaytdi va bugungi sanani ochib, taqvim varaqlarini og‘dirdi. Varaqda
nimadir tirnab o‘chirilgan edi. Bir daqiqa Palmer o‘zining shoshib yozgan xatini o‘qishga tirishib,
yozuvga sinchiklab qaradi. U taxminan bunday edi: “2 hft sqlvlar yig‘il”. U satrni yanada diqqat bilan
o‘rgandi va dastlabki ikki so‘z “Ikki hafta” degan qarorga keldi. Shunda u butun yozuvning ma’nosini
tushundi: “YuBTK aktsiyalarni saqlovchilarning yillik yig‘ilishi ikki haftadan keyin bo‘ladi”. O’zini
tekshirish uchun u taqvimni yana ag‘dara ketdi va “juma” varag‘ida, ikki haftadan keyin, “sqlv bld”
degan yozuvni uchratdi.
Voqealar juda tez quyuqlashib borardi. Do Jons ko‘rsatgichlari pastlashish tomon ketayotganini
aniqlagan bir hafta ichida YuBTK aktsiyalari yana bir band ko‘tarilgan edi.