www.ziyouz.com kutubxonasi
256
zalning narigi chekkasida, bufetning yonida qizil ko‘ylakni ko‘rdi.
U notanish erkak bilan suhbatlashib turgan Virjiniya tomonga yo‘l oldi. Suhbatdoshlar stol atrofida
aylanib, likoplarini turli taomlar bilan to‘ldirgancha, chamasi, jiddiy bir narsa haqida gaplashishardi.
Palmer yelkasiga turtgach, Virjiniya unga o‘girildi.
— Janob P...! — uning ovozida biroz keskinlik bor edi. — Men siz uyingizga ketdingiz deb
o‘ylabman. — Sid Beron — jamg‘arma banklarining jamoatchilik bilan aloqasi bo‘yicha daho bilan
tanishing.
Palmer erkakning qulini qisdi:
— Bugun xalq kuyi chalinmoqda, Kleri xonim. Sizni taklif etishga ruxsat bering.
Virjiniya chala to‘ldirilgan likopchani biroz yuqori ko‘tardi.
— Umuman men... ovqatlanmoqchi edim...
Palmer uning qo‘lidan likopchani olib, stolga qo‘ydi va Virjiniyani raqs maydoniga yetakladi. Ular bir
maromdagi, vazmin kuy ohangiga moslab, aylana boshladilar.
— U senga nima dedi?
Virjiniya bosh chayqadi:
— Arziydigan gaplar emas, — u Palmerning ko‘zlariga sinchkov tikildi. — Mazang bo‘lmayaptimi?
— Seningcha, o‘zimni yaxshi his qilishim kerakmi?
— Ha. Gaping to‘g‘ri.
— Buning ustiga, yarim kechada Berns bilan uchrashib, unga o‘z qarorimni bildirishim kerak. U esa
menga qandaydir yo‘l-yo‘riqlar bermoqchi.
— U seni rozi bo‘ladi deb taxmin qilayaptimi?
— Eng yomon ishni qilishi uchun unga imkoniyat berdim deb o‘ylayman, — Palmer bu gaplarni
ayolning qulog‘iga aytish uchun uni o‘ziga tortdi. — Men hamma narsadan: ishdan bo‘shab, oilamdan
ajralganimdan keyin, boshqa biror joyda ko‘ngildagidek yashashimga yetadigan pul bilan
qolganimdan so‘ng qanday bo‘lishimni tasavvur qilib ko‘rdim.
— Birorta serquyosh oroldami?
— Shunga o‘xshashroq, — tan oldi u. — Sen bilan birga.
— Ajoyib g‘oya. Ishonchsiz, amalga oshmaydigan...
— Ko‘pchilik ajoyib g‘oyalar hamisha ana shunday bo‘ladi. — Ular bir qancha vaqt musiqaga
moslab jimgina aylandilar. — Nega shunday? — Nihoyat so‘radi Palmer. — Nega bu g‘oya ishonchsiz?
— Uzoq tushuntirishga vaqt sarflamasdan, lo‘nda qilib aytib qo‘ya qolay: chunki sen hech qachon
bunday qila olmaysan...
Musiqa ovozi tindi. Ular raqs maydoni o‘rtasida harakatsiz turib qoldilar. Orkestr yana kuy boshladi.
Palmer bu musiqaga qachondir Virjiniya bilan raqs tushganini esladi.
— Esingdami?
— Jim bo‘l, — o‘ynayotgan Virjiniya uning pinjiga tiqildi. — Vuds, nihoyat u gap boshladi. — Sen
Berkxardtning o‘rniga o‘tsang, nimasi yomon? Sen, axir, eng yuqori malakaga egasan-ku? Bu sen
YuBTK uchun amalga oshirmoqchi bo‘lib yurgan rejalaringni bajarish uchun imkoniyat emasmi?
— “Men bilan bo‘l va sirayam qo‘rqma”, — Palmer takrorladi. U biroz chayqalib ketdi va oyoqlari
o‘ziga unchalik bo‘ysunmayotganini payqadi.
— Vuds!
Ayol to‘xtadi. Palmer jim bo‘ldi.
— Davom etaver, — dedi Palmer hissiz ovozda.
— Shaxsan men uchun hech narsa yo‘q, azizam, — u Bernsga taqlid qilib, jilmaydi. Yo shaxsiy
biror narsa bormi?
Virjiniya o‘girilib, raqs maydonidan chiqib ketdi.