www.ziyouz.com kutubxonasi
37
Kunning ayni shu paytida bank omma uchun yopilgan edi, shu boisdan u yon tomondagi eshikni
taqillatib, ichkaridagi qorovullardan biriga qo‘l siltadi. U peshonasini tirishtirib qovog‘ini uygancha
eshikka yaqin keldi, hayron bo‘lib Palmerga tikildi — shu zahoti uning yuzini tabassum qopladi.
— Mister Palmer, shunaqami, ser?
Palmer tasdiqlab bosh irg‘adi, birdan «gup» etib miyasiga urildi: uning suratini xuddi qidirilayotgan
jinoyatchiga o‘xshab YuBTK tizimidagi barcha xizmatchilarga tarqatishgan bo‘lishsa-chi?!
— Janob, sizga, albatta, kalit berishlari kerak, — uqtirdi qorovul. Palmerni tanish liftga kuzatib
qo‘yar ekan. — Kalit haqida eslatib qo‘ying, ser, — dedi u xayrlashayotib.
Mana shu «mister» va «ser» degan ehtiromlarga to‘la so‘zlarni qachon to‘xtatib bo‘larkin, deb
o‘ylab borayotgan Palmer shunday xulosaga keldi: u mahalliy axloq qoidalarini buzishga erishguncha
hali ko‘p yillar o‘tsa kerak; o‘sha paytga qadar bu narsalarga shunchalik o‘rganib ketar, ehtimol,
bundan o‘zi ham zavq oladigan bo‘lib qolar. Liftda o‘ta sezgir «YuQ» tugmasiga o‘girilib, Palmer
chiroqcha yonishini kutdi. Keyin mexanik ovoz lift qaerda to‘xtashini xabar qildi. Palmerni birdan
tashvish qamradi. Uning yangi lavozimi va xushomadgo‘ylik, siyosat, Bernsga o‘xshagan odamlar,
matbuot uchun tayyorlangan haligi xabar voqeasi — bularning hammasi ma’lum muddatda uni
sarosimaga soldi va uning bu hissiyotga har qancha qarshilik ko‘rsatishiga qaramay, u tanlagan
yo‘lning to‘g‘riligiga shubha uyg‘otdi.
Lift eshigi ochildi va bir lahzaga Palmerning ko‘zi oynavand shiftdan tushgan yorqin quyosh
nurlaridan qamashdi.
U Misrning toju taxt zallariga eltuvchi ulug‘vor yo‘laklarni eslatuvchi uzun va keng yo‘lak bo‘ylab
yurdi. Faqat Misr xudolari Ra va Oziris tasviri o‘rniga bu yerda moliya xudolari: jamg‘arma timsoli —
chumoli, qadr-qimmat timsolida — pingvin, keyin barqarorlik ramzida fil-ma’bud, yana qandaydir
yiliga olti foizli zayomni ifodalovchi siymo ilib qo‘yilgan bo‘lishi kerak edi.
Baland bo‘yli mallasoch kotibaga yaqinlashganda Palmer fikr-o‘ylarini yig‘ishtirib oldi. Qiz unga
salom berish uchun o‘rnidan turdi:
— Xayrli kun, mister Palmer, — kotiba besh yoki oltita kalitdan iborat bog‘lamni unga uzatdi. —
Kechirasiz, ertalab ularni sizga berishga ulgurmadim, — qo‘shib qo‘ydi u.
Palmerning miyasidan ikki fikr bir paytning o‘zida yalt etib o‘tdi. — Qorovul kalitlar haqida muncha
tez telefon qilib ulgurdi ekan; keyin unga qorovulning «ser» va qizning «mister» deb murojaat qilishi
ularning ijtimoiy ahvolidagi farqni tavsiflaydi. Har holda, sarg‘ish qiz, shubhasiz, ancha yoqimtoy
ekan.
Palmer birdan shuni his etdiki, u qiz qo‘lida uzatayotgan kalitlarga emas, balki ro‘moli yelkasidan
sirg‘alib tushib, sal-pal berkitayotgan bo‘liq ko‘kragiga qarab turardi. Uning nigohidan hech narsa
yashira olmasdi bu do‘mboq... ni. Palmer qizning yuziga qarab, qizarib ketayotganini ko‘rdi.
— Mening xonam qaerdaligini ko‘rsatib berolmaysizmi, men... — Lekin u fikrini tugata olmadi.
Kotiba qiz Berkxardt xonasining tilloyi eshigiga qarab yurdi. — Janob Berkxardt qaytib keldimi? —
so‘radi Palmer.
— Hali kelganicha yo‘q, mister Palmer, — dedi qiz eshikni ocharkan, so‘ng qo‘shib qo‘ydi. — Mister
Berkxardt ushbu xonani sizga berishimizni tayinladilar.
Bu xabardan hayron bo‘lgan Palmer qizning ketidan o‘ziga tanish ulkan zalga kirib bordi. Bir necha
soniyadan so‘ng u stol ortida o‘tirar, qiz esa uning yonida turib ko‘rsatkich barmog‘ining chaqqon
harakatlari bilan tekis silliqlangan stol ustidagi kalitlarni saralardi. Palmer yana tanish atir isini his
etdi: u Edisga bayramda xuddi shunaqasini hadya etgandi.
— Mana bu kalit asosiy eshikniki, mana bunisi esa yon eshikni ochadi, — tushuntirdi qiz. U qolgan
beshta kalitga diqqat bilan qararkan, bir zumga o‘ylab qoldi. Keyin ularni yaxshiroq ko‘rish uchun sal
oldinga engashdi. Shunda uning ko‘kragi Palmerning yelkasiga tegib ketdi.
— Mana bu ehtiyot qism, — dedi qiz. — uning yonidagisi... haligi liftniki. Soat oltidan so‘ng liftni
yopishadi. Mana bu kalit sizning xonangizniki. Mana eng kattasi — bosh idoraniki bo‘lsa kerak. — U
katta kalitni qo‘liga olib unga diqqat bilan qaradi-da, ishonch bilan dedi: — Ha, shunaqa.