www.ziyouz.com kutubxonasi
70
tayinlashganini men endi tushunib yetdim.
— Odatda, — dedi Palmer, — bu lavozimga huquqshunoslik firmasidagi bank manfaatini ifoda
qiluvchi katta sherikni tayinlaydilar. Sayyoramizning kelajagi huquqshunoslarnikidir.
— Tanlov an’analarga zid ravishda amalga oshirilgan deb hisoblaysizmi? — Virjiniya bir zum jim
qoldi, so‘ng davom ettirdi: — Shubham bor. Meningcha, ularga bank ishiga tug‘ma mayli bor odam
kerak bo‘lgan.
— Ehtimol bu gaplaringizni xushomad deb qabul qilishim kerakdir, — xo‘rsindi Palmer. — Bilasizmi,
mening «Yunayted benk»ka tayinlanishim munosabati bilan juda ko‘p savollar tug‘ilgan edi, ular
xususida hali o‘zim ham qoniqarli javob ololganim yo‘q.
— Aynan qanday savollarga?
Palmer astagina yelkalarini qisib qo‘ydi. — Bu savollar asosan texnik xarakterdadir, — istamaygina
javob berdi u, muhokamaga kirishmoqni istamagan holda. U Virjiniya Kleriga qarab qo‘ydi. Bu borada
u uncha sir boy bermayotir. Aftidan, buning uchun u ancha aqlli ko‘rinadi.
— Agar siz... — deya boshlamoqchi bo‘ldi miss Kleri.
— Darvoqe, shuni esdan chiqarmaslik kerakki, — uning gapini bo‘ldi Palmer, bu mavzuga
qaytmaslikka qat’iy qaror qilib, — biz bank ishi borasida tushunchamizdagi bo‘shliqni to‘ldirish uchun
hali biror qadam qo‘yganimizcha yo‘q.
Miss Kleri taassuflanganday ko‘zlarini kattaroq ochdi.
— Men o‘zimni firma uchun oshiqcha yuk his qila boshladim.
— Bu sohada uncha-muncha narsani bilishingiz sizga dalda bo‘lishi kerak. Bankimizda
ishlayotganlarning ko‘pchiligi o‘z ishini sizchalik tushunmaydi, axir.
— Men foizlar, xususiy qarzlar, amortizatsiyalash hamda Federal zaxira tizimi bilan bog‘liq
masalalarning farqiga boraman, — bidirlab ketdi Virjiniya. — Unda nimani bilmayman o‘zi?
— Sizda umumiy tizim haqida aniq tasavvur yetishmaydi.
Ofitsiant qiz qahva olib keldi. Palmer Virjiniyaning o‘z finjoniga sut qo‘shib, shakar solib
aralashtirganini kuzatib turdi.
— Men hali eslatib o‘tdim, — davom etdi Palmer, — hozirgi zamon kishisi hayotida pul shunaqa
ahamiyat kasb etadiki, u havo va ovqat misoli zarur bo‘lib qoladi. Bu siz yaxshi o‘zlashtirib olishingiz
lozim bo‘lgan sohadir.
— Pulning qanday ahamiyatga ega ekanligini menga tushuntirib o‘tirishning hojati yo‘q.
Ishonavering.
Palmer miss Kleriga o‘qrayib qaradi:
— Siz, aftidan, yana gapni hazilga olib, mavzuga chap berib ketmoqchiga o‘xshaysiz.
— Kechirasiz, bu odat menga onamdan yuqqan. Yo‘q, men chindan ham nima haqida
gapirayotganingizni tushunishni istayman.
— Juda soz. — dedi Palmer, qahvadan ichib. — Shunday qilib, jamiyat tashkilotning
takomillashuviga qarab, pul borgan sari hal qiluvchi omilga aylana boradi... Xullasi kalom, inson pulsiz
munosib ravishda na yashay oladi, na o‘la oladi.
— Sizningcha, shunaqa bo‘lishi kerakmi?
— Ehtimol, yo‘q, — javob berdi Palmer. — Lekin biz faylasuflar emas, bankchilarmiz. Biz eng
qimmatli mulk — pulni ta’minlash, asrash, nazorat qilishni tashkil etamiz.
— Siz eng qimmatli narsa pul deb hisoblaysizmi?
— Sizningcha, eng qimmatli nima?
— Sog‘liq-chi?
— Sog‘liqni pul yordamida saqlaydilar va tiklaydilar.
— Tushunarli. Aytaylik, hm-m, sevgi, nafrat ham pulga olinadimi?
— O’zingiz bir o‘ylab ko‘ring. Hozir biz ikkalamiz falsafiy tadqiqotlar bilan shug‘ullanayotganimiz
yo‘q. Sevgi-muhabbatsiz va nafratsiz ham yashash mumkin. Lekin inson pulsiz yashay olmaydi.
— Ammo bu hayotning bir sohasi, xolos.