www.ziyouz.com kutubxonasi
87
— Bu bilan nima demoqchisan?
Ikkalasi indamasdan bir-biriga tikildi. Qandilning yuqoridan tushayotgan nuri faqat uning kipriklari
uchlarinigina yoritib turardi, shuning uchun Palmer xotinining ko‘zlariga qaray olmadi. Bunday qiyin
ahvolda o‘zini juda noqulay sezdi. Palmerning dilidan nimalar kechayotgani esa Edisga yaxshiroq
sezilib turardi.
O’n sakkizinchi bob
Undan o‘ng yoqda turgan odam butun ovqatlanish vaqtida churq etmadi va Palmer buning uchun
undan minnatdor bo‘ldi. Ofitsiant Palmerning oldiga tavoze bilan muzqaymoqli idishni qo‘yar ekan, u
uxlab qolmadimi ishqilib, degandek qiziqsinib indamas qo‘shniga asta burilib qarab qo‘ydi. Palmer
bundan hayratlanmasa ham bo‘ladi — tushlik haddan tashqari zerikarli kechdi.
Bu yerda, Nyu-Yorkda ishchan uchrashuvlar bilan to‘lgan qisqa vaqt ichida Palmer kam deganda
mana shunaqa tushliklardan o‘ntachasida bo‘lishiga to‘g‘ri keladi. Ularni ikki-uch toifaga bo‘lish
mumkin. Siyosiy tushliklar deb ataladiganlari mablag‘ yig‘ish uchun, shuningdek, o‘z hissasini
qo‘shganlarga e’tiborni jalb etish uchun uyushtiriladi. Bunday ziyofatlarda shaxsan ishtiroklari bilan bu
odamlar o‘zlarining moyilliklarini namoyish qilar edilar. Biroq respublikachilar partiyasining
dasturxonlarida, ayrim istisnodan tashqari, demokratlar partiyasi ziyofatlaridagi o‘sha ishbilarmonlar
ishtirok etar edilar. Tantanavor to‘y ziyofatlariga kelsak, ularda, o‘z-o‘zidan ma’lum, biron-bir ko‘zga
ko‘ringan shaxs faoliyati sharaflanar va alqanardi, biroq Palmerning tez orada shunga ishonchi komil
bo‘ldiki, ular odatda qandaydir boshqa maqsadda, aksar hollarda pul yig‘ish niyatida tashkil etilardi.
Baribir xayriya ziyofatlari ham muqarrar ravishda qandaydir boshqa, odatda diniy maqsad bilan,
ammo protestant emas, balki katolik dini maqsadi bilan chatishib ketar edi. Protestantlar ham
allaqaerda ularga zarur mablag‘ to‘playotganlari aniq, ammo Nyu-Yorkda diniy ma’nodagi barcha
xayriya faoliyatlar asosan katolik cherkovlariga yoki yahudiy diniy tashkilotlariga yordam uchun goho
bironta jamg‘arma tashkil etishga mo‘ljallangan bo‘lardi.
Bugungi ziyofat ham xayriya ziyofati edi. Palmer xayol surib o‘tirarkan, oldida turgan muzqaymoqli
idishga qarab qo‘yardi. O’z tajribasidan u shu narsaga amin bo‘lgan ediki, rangiga qarab
muzqaymoqning qaymoqlimi, qahvalimi yo mevalimi ekanligini aniqlash mumkin emas. Darvoqe,
hozir bu haqda o‘ylayotgani yo‘q, Nyu-York bazmu ziyofatlarida qanchalik ko‘p bo‘lgan sayin ularning
qaysi toifaga mansubligini aniqlash nega shunchalik qiyinlashib bormoqda?
Loaqal mana bu ziyofatni oling. Rasman u Ist Saydning eng sharti ketib, parti qolgan
mahallalaridan biridagi cherkovga qarashli maktab foydasiga mablag‘ to‘plash uchun tashkil etilgan.
Maktabni allaqanday tariqatdagi rohiblar ta’minlab turardi, aynan qaysi tariqat — bu haqda Palmer
zig‘ircha tasavvurga ega emas. Mak Berns unga, garchi Vik Kalxeyn o‘zi hech qachon bu maktabda
o‘qimagan bo‘lsa-da, maktab uning hududida joylashganini va u maktabga homiylik qilishi ma’lum
ekanligi haqida aytgandi. Shundan keyin Palmer maktabni diniy-xayriya muassasasi sirasiga kiritishga
urinishlariga qaramay, bu barcha sa’y-harakatlardan siyosiy ruh anqib turishini anglab yetgandi.
Garchand ziyofatning faxrli mehmoni bir vaqtlar shu maktabda o‘qigan, keyinchalik esa ko‘chalarni
asfaltlash pudratiga durustgina pul to‘plab olgan bir kimsa bo‘lsa-da, ziyofat boshdan-oyoq,
darhaqiqat, xayriya tadbiridan ko‘ra ko‘proq ushbu faxrli mehmon sharafiga uyushtirilgan marosimni
eslatardi.
Palmer kalavaning uchini topib, qaysi rishta bu chigallik markaziga olib borishini aniqlashga harakat
qilar ekan, zarrin uqali, bashang libosdagi ofitsiant uning boshi uzra chuqur ta’zim bajo keltirdi va
allaqachon eriy boshlagan muzqaymoq ustidan ko‘rinishi ishtahani bo‘g‘uvchi to‘q jigarrang tusli
siropdan naq bir qoshig‘ini quyib yubordi. Bu safar Palmer aldovga uchmadi. To‘q jigarrang shokolad
rangli siropning shokoladli ekanidan zinhor dalolat bermas edi: bu shaharda har qanaqangi qalloblikni
kutish mumkin edi. Bu qahva quyqasi yoki dolchin, muskat yong‘og‘i va boshqa ziravorlar qaynatmasi