va suvda to'planib, chorva mollarining suyagini yemiradi. Tadqiqotlar birinchi darajali flyuoroz bilan 36 foiz, ikkinchi darajalisi bilan 40 foiz, uchinchi darajalisi bilan esa 35 foiz chorva mollari kasallanganini tasdiqladi. Ilgari Sariosiyo tumanida yiliga 400 tonnagacha ipak yetishtirilar edi. Ekotizimning
buzilgani oqibatida tumanda ushbu serdaromad soha bilan shug'ullanish imkoni bo'lmay
qoldi. Chunki tut barglari ipak qurti uchun haqiqiy zahri qotilga aylandi. Vaholangki,
atmosfera havosining transchegaraviy ifloslanishi oldini olish borasida 1994 yil 17
noyabrda Toshkent shahrida «O'zbekiston Respublikasi hukumati va Tojikiston
Respublikasi hukumati o'rtasida Tojikiston alyuminiy zavodining salbiy ta`siri
mintaqasidagi ekologik holatni yaxshilashda hamkorlik qilish to'g'risida»gi kelishuv
imzolangan.
Mazkur Kelishuvni rivojlantirish maqsadida 1994-1998 yillar davrida uni amalga oshirish
bo'yicha chora-tadbirlar ishlab chiqilgan bo'lib, o'zaro harakatlar tartibini ishlab chiqish va
ularni muvofiqlashtirish hamda kelishuv ijrosini nazorat qilish bo'yicha ishchi guruhlari
tuzildi.
O'zbekiston Respublikasining sohaga mas`ul xodimlari 1995 yilning iyun oyida Tojikiston
alyuminiy zavodini ko'zdan kechirib chiqib, korxona rahbariyatiga ftorli vodorod
moddasining atmosfera havosiga betartib va ko'p miqdorda tashlanishiga olib keluvchi
alyuminiy ishlab chiqarish texnologiyasidagi bir qator qoidabuzarliklarni aniqlab ko'rsatib
berishdi. 1995-1996 yillarda O'zbekiston Respublikasi va Tojikiston Respublikasi
o'rtasidagi mazkur hujjat ijrosini nazorat qiluvchi hukumatlararo organning ikkita
yig'ilishi o'tkazildi. Kelishuvga binoan ishlarni amalga oshirish uchun tomonlarning
ekolog-olim va mutaxassislaridan iborat guruhlar tuzildi. Ular tomonidan to'rtta ilmiy-
tadqiqot dasturlari ishlab chiqildi. Ammo Tojikiston hukumatining sustkashligi oqibatida
dastur amalga oshirilmay qolib ketdi. Xo'sh, Tojikiston hukumatining 1979 yilda qabul
qilingan BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasining (YeIK) Atmosfera havosining uzoq
masofalarida transchegaraviy ifloslanishi to'g'risidagi konvensiyasi talablariga zid
ravishdagi xatti-harakatlarini qanday baholash mumkin? Yoxud 1992 yil 8 fevralda MDH
davlat rahbarlari imzolagan bitimga muvofiq tuzilgan MDH mamalakatlari Davlatlararo
ekologiya kengashining nizom va dasturlariga amal qilmaslik, o'z manfaatlarini o'ylab,
o'zining hamda qo'shni davlat aholisi sog'ligi va salomatligini hamda o'simlik va hayvonot
dunyosini zaharlayotganini qanday izohlash mumkin?
2010 yil 4 oktyabr kuni Vengriyaning Ayka shahridagi alyuminiy zavodi uchun xomashyo
tayyorlab beruvchi korxonada kuchli portlash yuz berishi oqibatida zaharli chiqindi, «qizil
shlam-quyqa» saqlanadigan rezervuar yorilib ketishi natijasida bir million kubometrga
yaqin toksin moddalar tevarak-atrofga yoyildi. Bu esa inson salomatligiga, atrof tabiiy
muhitga salbiy ta`sir ko'rsatishi bilan birga transchegaraviy daryolardan biri bo'lgan
Dunay daryosi suvlarining ifloslanishiga olib keldi. Mazkur holatdan Tojikiston hukumati
ham tegishli xulosa chiqarib olsa o'zi uchun foydadan xoli bo'lmas edi.