Mahsulot sifati ko’rsatkichlari. Mahsulot xususiyatlari sifati
ko’rsatkichlarida namoyon bo’ladi. Ushdu ko’rsatkichlar yangi mahsulotlarni
rejalashtirish, ularni ishlab chiqarish jarayoniga ta`sir etishining samarali
usullarini aniqlash uchun zarurdir.
Sifat darajasi ko’rsatkichlari, ularni aniqlash usullari va aniqligi
mahsulot turi va uni baholash maqsadidan kelib chiqib tanlanadi. Lekin
ularni ma`lum bir belgilariga ko’ra guruhlash mumkin: texnik-
ekspluatasion, texnologik, estetik, ishonchlilik, chidamlilik, ekologik,
xavsizlik.
Texnik ekspluatasion ko’rsatkichlar ushbu mahsulotni ishlatish
natijasida olinadigan foydali natija bilan xarakterlanadi. Masalan, bug’doy
tarkibida oqsil moddalarning salmog’i, mashina va jihozlar – quvvat,
unumdorlik, yuk ko’tarish qobiliyati, aniqlilik ko’rsatkichlari bilan
baholanadi.
Texnologik ko’rsatkichlar mahsulot ishlab chiqarishda yuqori
unumdorlikka erishishda konstruktorlik-texnologik yechimlar
samaradorligini xarakterlaydi. Texnologik ko’rsatkichlar bo’lib mehnat
sig’imi, material sig’imi, energiya sig’imi kabi ko’rsatkichlar hisoblanadi.
Estetik ko’rsatkichlar iste`molchilarning mahsulot tashqi ko’rinishiga
qo’yadigan talabini, foydalanishda qulayligi, mahsulot shakli, ranglarining
foydalanish sharoitiga mosligi kabi xususiyatlar bilan ifodalanadi.
Ishonchlilik xususiyati mahsulotning boshlang’ich xususiyatlarini
saqlagan holda uzoq muddat davomida ishlash qobiliyati bilan
xarakterlanadi.
Chidamlilik ko’rsatkichlari mahsulotni talab darajasida, maqsadiga
ko’rsa ishlaydigan vaqt bilan o’lchanadi.
Ekologik ko’rsatkichlar – mahsulotni ekspluatasiya qilish va iste`mol
qilish jarayonida paydo bo’ladigan atrof muhitga zararli ta`sir darajasini
ifodalaydi.
Xavfsizlik ko’rsatkichi – mahsulotning iste`molchi va xizmat
ko’rsatuvchi xodimlar xavfsizligini ifodalaydigan xususiyatlarni xarakterlaydi.