153-bob. Namozdan keyin zikr aytmoq Ibn Abbosning ozod qilingan quli Abu Ma’bad: «Menga Ibn Abbos bunday degan
erdilar»,— deydi: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam davrlarida odamlar farz
namozidan so‘ng baland ovoz birlan zikr aytishur erdi, men buni yaxshi eslab
qolganman».
Ibn Abbos: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning namozni tugatganlarini takbir
aytganlaridan bilur erdim»,— deydilar (Namozdan so‘ng «Subhonalloh, Alhamdu lilloh,
Ollohu akbar» deb zikr aytmoq).
Abu Hurayra rivoyat qiladirlar: «Faqirlar Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning
qoshlariga kelib: «Jannatning eng yaxshi joylari ham, dunyoning eng yaxshi ne’matlari
ham boylarga tekkaydir. Biz qanday namoz o‘qisak va ro‘za tutsak, ular ham shunday
namoz o‘qib, ro‘za tutishg‘aydir. Buning ustiga ular mol-dunyoga ham egadirlar. Mol-
dunyolari bo‘lgach, haj qilishg‘aydir va sadaqalar berishg‘aydir»,— deyishdi. Rasululloh
sallallohu alayhi va sallam ularga javoban: «Sizga boylar erishgan martabadan ham
yuksakroq martabaga sazovor etadirgan bir narsani o‘rgatayinmi? Agar (mening
aytganlarimni qilsangiz), sizdan yaxshiroq odam bo‘lmag‘aydir, siz erishgan martabaga
hech kim erisha olmag‘aydir. Quloq solingiz, har bir farz namozidan so‘ng
«Subhonalloh», «Alhamdu lilloh» va «Ollohu akbar» deb 33 martadan aytg‘aysiz»,—
dedilar. Shu onda biz «Subhonalloh — 33 marta, Alhamdu lilloh — 33 marta, Ollohu
akbar — 34 marta» deb o‘zaro tortishib qoldik. Keyin, Rasululloh sallallohu alayhi va
sallamning huzurlariga kirdik. Janob Rasululloh: «Subhonalloh, Alhamdu lilloh va Ollohu
akbarning har birini 33 martadan aytg‘aysen, deb aytdilar»,— deydilar Abu Hurayra».
Mug‘ira Ibn Sho‘‘baning kotibi — Varrod raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Mug‘ira
Muoviyaga atab bunday deb xat yozdirdilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam har
bir farz namozidan so‘ng «Lo iloha illallohu vahdahu, lo shariyka lahu, lahu-l-mulku va
lahu-l-hamdu va huva alo kulli shay’in qadiyr. Ollohumma lo moni’a limo a’tayta va lo
mu’tiya limo mana’ta va lo yanfa’u zo-l-jaddi minka-l-jaddu» deb aytar erdilar».