www.ziyouz.com kutubxonasi
327
76-bob. Zamzam haqida qanday rivoyatlarni keltirishadi? Anas ibn Molik raziyallohu anhu Abu Zarr raziyallohu anhudan o‘zlari eshitgan quyidagi
hadisni rivoyat qiladirlar: «Men Makkadalig‘imda,- dedilar Janob Rasululloh,- uyimning
tomi ochilib, Jabroil alayhissalom tushdilar. Keyin, ko‘kragimni yorib, zamzam suvi birlan
yuvdilar-da, tilla lagan to‘la hikmat va iymon keltirib, ichiga soldilar. So‘ng, ko‘kragimni
yopib, asliga keltirdilar, keyin qo‘limdan ushlab, osmonning eng pastki qavatiga olib
chiqdilar. Shunda, Jabroil alayhissalom osmonning eng pastki qavati posboniga:
«(Eshikni) ochg‘il!» - dedilar. Posbon: «Bul kimdir?»-dedi. Hazrat Jabroil: «Bul menman,
Jabroilman»,- dedilar».
Ibn Abbos raziyallohu anhu: «Men Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga tik
turganlarida zamzam ichirdim» ,— deydilar. Osim raziyallohu anhu ersa: «Ibn Abbosning
ozod qilingan quli (mavlo) Ikrimaning ont ichib aytishiga qaraganda, o‘shal kuni Janob
Rasululloh faqat tuya minib yurganlar»,- deydilar.
77-bob. Qorin - bir yo‘la haj va umra qiladirgan shaxs nechuk tavof qiladir? Oisha onamiz raziyallohu anho rivoyat qiladirlar: «Hajjat ul-Vido’ kuni Rasululloh
sallallohu alayhi va sallam birlan birga chiqib, umraga ehrom bog‘ladik. Keyin, Janob
Rasululloh: «Kimning jonligi bo‘lsa, bir yo‘la haj ham umraga niyat aylab, ehrom
bog‘lasin, har ikkala udumnk ado etmaguncha ehromini yechmasin!»- dedilar. Men hayz
ko‘rgan holimda Makkaga kelgan erdim. Haj (katta haj) qilib bo‘lganimizda, Janob
Rasululloh meni (ukam) Abdurrahmon birlan birga Tan’imga yubordilar, men umra qilib
qaytdim. Shunda, Janob Rasululloh menga: «Bu (hayz bo‘lib qolib, qilolmagan) umrang
o‘rniga o‘tg‘aydir»,- dedilar. Umraga ehrom bog‘laganlar (Ka’bani) tavof etishgach,
ehromlarini yechishdi. Ammo, bir yo‘la haj ham umraga talbiya aytganlar Ka’bani bir
marta tavof qilishdi».
Nofi’ raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Ibn Umar huzurlariga o‘g‘illari Abdulloh ibn
Abdulloh tuyasini hovlida qoldirib, kirib keldi-da: «Men bu yil odamlar orasida urush
bo‘lmasligiga ishonmasman, Ka’bani tavof qilgani chiqsangiz, yo‘lingizni (kofirlar)
to‘smog‘i mumkin. Bu yil haj qilmay tursangiz bo‘larmi erdi?» - dedi: «Rasululloh
sallallohu alayhi va sallam ham Ka’bani tavof qilgani chiqqanlarida Quraysh kofirlari
yo‘llarini to‘sib, ul kishi birlan Ka’ba oralig‘ida turib olgan erdi, agar menga ham shundoq
qilishsa. unda Janob Rasulullohda sizlar uchun yaxshi ibratlar mavjuddir, deyishadir-ku,
axir!»-dedilar Ibn Umar. Keyin yana: «Sizlarni guvoh qilib ayturmenkim, umra ustiga
albatta haj ham qilg‘ayman!»-deb qo‘shib qo‘ydilar, so‘ng, Ka’baga borib, ikkala haj
uchun bir marta tavof qildilar».