84-bob. Odamlarning mayyitni madh etishlari haqida Abdulloh ibn Suhayb: «Anas ibn Molik raziyallohu anhudan bunday deb eshitdim»,—
deydilar: «Bir kishini tobutda olib o‘tdilar. Odamlar uni maqtab, yaxshi so‘zlar aytishdi.
Shunda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Vojib bo‘ldi»,— dedilar. Keyin, boshqa
bir mayyitni olib o‘tishdi. Odamlar uning sha’niga yomon so‘zlar aytdilar. Janob
Rasululloh bu gal ham: «Vojib bo‘ldi»,— dedilar. Umar ibn Xattob ajablanib: «Ne vojib
bo‘ldi?» —dedilar. Janob Rasululloh: «Bu bandaga yaxshilig‘ni ravo ko‘rib,
maqtadingizlar, demak unga jannat vojib bo‘ldi, keyingisiga ersa, yomonlig‘ni ravo
ko‘rib, yomonladingizlar, demak unga do‘zax vojib bo‘ldi. Sizlar Olloh taoloning yer
yuzidagi guvohlaridirsiz!»— dedilar».
Abu ul-Asvad rivoyat qiladirlar: «Men Madinaga kelsam, shahar ahli bir kasallikka
mubtalo bo‘lgan erkan. Shunda Umar ibn Xattobning yonlarida o‘tirgan erdim. Nogahon,
bir mayyitni tobutda ko‘tarib o‘tib qoldilar, odamlar uning sha’niga yaxshi so‘zlar
aytishdi. Hazrat Umar raziyallohu anhu: «Vojib bo‘ldi»,— dedilar. Keyin, yana bir
mayyitni olib o‘tdilar, odamlar uning sha’niga ham yaxshi so‘zlar aytishdi. Hazrat Umar
tag‘in: «Vojib bo‘ldi»,— dedilar. Undan so‘ng, uchinchi bir mayyitni olib o‘tdilar, odamlar
bu gal uning sha’niga yomon so‘zlar aytishdi. Hazrat Umar yana: «Vojib bo‘ldi»,—
dedilar. Men ajablanib: «Yo Amir al-mu’miniyn, ne vojib bo‘ldi?» — deb so‘radim.
Hazrat Umar bunday dedilar: «Men Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning aytgan
so‘zlarini qaytardim, xolos. Janob Rasululloh bizga: «Qaysi bir musulmonga to‘rt kishi
yaxshi deb guvohlik bersa, uni Olloh taolo jannatga kiritg‘aydir»,— deganlar. Biz ul
kishidan: «Agar guvoh uchta bo‘lsa-chi-?»—deb so‘radik. «Uchta bo‘lsa ham, bo‘lur»,—
dedilar. «Ikkita bo‘lsa-chi?» —dedik, «Ikkita bo‘lsa ham, bo‘lur»,— dedilar. Keyin,
bizning ul kishidan: «Guvoh bitta bo‘lsa-chi?» — deb so‘ragimiz kelmadi».