Sahihi Buxoriy. 1-jild. Imom Ismoil al-Buxoriy
www.ziyouz.com kutubxonasi
275
91-bob. Mushriklarning bolalari haqida nimalar deyilgan?
Ibn Abbos raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan
mushriklarning bolalari to‘g‘risida so‘rashganda, ul kishi: «Olloh
taolo ularni yaratgan
vaqtda ne qilmoqlari lozimligini aytgan»,- dedilar».
Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va
sallamdan mushriklarning o‘lgan norasida bolalari xususida so‘rashganda, ul kishi:
«Olloh taolo ularning ne qilmoqlarini aytgan erdi»,- dedilar».
Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam:
«Har bir bola tabiatan musulmon bo‘lib tug‘ilg‘aydir, biroq ota-onasi uni, hayvon o‘z
bolasini hayvon qilib tarbiyalagandek, yahudiy yokim nasoro yohud majusiy qilib
tarbiyalag‘aydir. Aytingiz-chi, sizlar hayvon bolasining biror a’zosi (shoxi, burni, qulog‘i)
kesik holda dunyoga kelganini ko‘rganmisizlar?» -dedilar».
92-bob.
Sumra ibn Jundub raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va
sallam namoz o‘qib bo‘lgach, bizga yuzlanib: «Bul kecha kim tush ko‘rdi?»-deb so‘rar
erdilar. Odamlar ko‘rgan tushlarini aytib berishar erdi, Janob Rasululloh ersa, «Olloh
taolo ne xohlasa, o‘sha bo‘lg‘aydir!»-deb ta’bir aytar erdilar. Bir kuni bizdan:
«Birortangiz tush ko‘rdingizmi?» - deb so‘radilar. Biz: «Yo‘q»,- dedik. Shunda Janob
Rasululloh: «Ammo, men bul kecha tush ko‘rdim, tushimda ikki kishi qo‘limdan yetaklab,
meni Bayt ul-Muqaddasga olib borishdi. Qarasam, u yerda bir kishi o‘tiribdir
va bir kishi
tik turibdir. Tik turgan kishi qo‘lidagi (rivoyatning davomini Muso ibn Ismoildan
eshitganmiz, deyishadi ayrim sahobalar) temir changakni o‘tirgan kishining bu lunjiga
tiqib, ikkinchi lunjidan chiqarmakdadir, keyin ikkinchi lunjiga tiqib, bu lunjidan
chiqarmakdadir. Changakni sug‘urib oldi deguncha, lunji tuzalib qolayotir.
Tik turgan
kishi o‘tirgan kishining lunjiga temir changakni shu tariqa to‘xtovsiz tiqib, sug‘urar erdi.
Buni ko‘rib, «Bu ne qilganlaringdir?»-dedim. Ular: «Qani, yurg‘il, ketdik!» - deyishdi. Bir
joyga borsak, bir kishi chalqancha yotibdir, yana bir kishi boshida tik turibdir. Uning
qo‘lida mushtdek tosh bo‘lib, chalqancha yotgan kishining boshiga urmakdadir, tosh
sapchib ketib, nariga borib tushmakdadir. U toshni tag‘in olib kelguncha chalqancha
yotgan kishining boshi tuzalib qolayotir. Shu tariqa tik turgan kishi chalqancha yotgan
kishining boshini qayta-qayta majaqlamoqdadir. Men: «Bu kimdir?»-deb so‘radim. Ular:
«Yurg‘il, ketdik!»- deyishdi.
Bir joyga borsak, tandirga o‘xshash og‘zi tor, tubi keng bir
chuqurlik bor erkan, uning ichidagi alanga kuchayganda odamlar
alanga birlan birga
chuqurdan uchib chiqib ketay deyishayotir, alanga pasayganda ersa, alanga birlan birga
yana chuqur tubiga tushib ketishmakdadir. O’tda kuyayotganlar orasinda qip-yalang‘och
erkaklar ham, ayollar ham bordir. «Bular kimlardir?» - deb so‘radim. Ular: «Yurg‘il,
ketdik!»-deyishdi. Yura-yura qon daryosi bo‘yidan chiqib qoldik. Daryoning qirg‘og‘ida
bir odam, o‘rtasida ersa, boshqa bir odam turibdir. Daryodagi odam qirg‘oqqa
chiqg‘aymen desa, qirg‘oqdagisi uning lunjiga tosh birlan urib, daryoga qaytarib tushirib
yubormakdadir. U yana chiqg‘aymen desa, tag‘in urib tushirib yubormakdadir. «Bu
nedir?»-dedim. Ular: «Yurg‘il, ketdik!» - deyishdi. Biz bu gal yam-yashil bog‘ oldidan
chiqib qoldik. Bog‘da bir azim daraxt bor erkan, uning tagida bir chol va bir to‘da bolalar
o‘tirishibdir. Daraxtga yaqin joyda bir kishi o‘t yoqmakdadir. Sheriklarim meni ko‘tarib
daraxtning ustidagi bir uyga olib kirdilar. Men shul choqqacha
bundoq muhtasham uyni