148-bob. Makkadan qaytishda Zu Tuvanga tushib o‘tgan kishi haqida Nofi’ raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Ibn Umar raziyallohu anhu Makkaga
kelaetganlarida Zu Tuvanda qo‘nib, tong otgach, shaharga kirar erdilar, bu haqda u
kishidan so‘rashganda «Nabiy sallallohu alayhi va sallam ham shundoq qilar erdilar»,-
deb javob berganlar».
149-bob. Haj mavsumida johiliya bozorlarida savdo-sotiq qilmoq haqida Ibn Abbos raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Zulmajoz va Ukoz johiliya davridagi
odamlar savdo-sotiq qiladirgan joy erdi. Islom davri kelgach, musulmonlar Olloh
taoloning «Ollohdan fazlu karam tilamoq sizlar uchun gunoh ermas» degan oyati
karimasi nozil bo‘lgunga qadar, u yerlarda savdo-sotiq qilmoqni istamadilar».
150-bob. Tun oxirlab qolganda Muhassabdan yo‘lga chiqish haqida Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladirlar: «Muhassabdan yo‘lga chiqadirgan kecha
Safiyya hayz ko‘rib qoldi. Shunda u: «Men sizlarni yo‘ldan qoldiradirganga o‘xshayman»
,— dedi. Nabiy sallallohu alayhi va sallam: «Sen bizlarni yo‘ldan qoldiradirgan bo‘lding,
Nahr kuni tavof qilmaganmi erding?» - dedilar. Safiyya: «Ha, tavof qilgan erdim»,- dedi.
Janob Rasululloh: «Undoq bo‘lsa, yuraverg‘il!»- dedilar».
Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam birlan
birgaliqda hajga chiqdik. Makkaga kelganimizda bizga ehromlarimizni yechmakni
buyurdilar. Yo‘lga chiqadigan kecha Safiyya hayz ko‘rib qolib: «Sizlarning oyog‘ingizga
tushov bo‘lmasam erdi!» - dedi. Nabiy sallallohu alayhi va sallam: «Oyog‘imizga tushov
bo‘lding, Nahr kuni tavofi ifoza qilganmi erding?»-dedilar. Safiyya: «Ha»,- dedi. «Unda,
yuraverg‘il!» - dedilar Janob Rasululloh. «Yo Rasululloh,- dedim men,- Makkaga
kelganimda umra qilmagan erdim». «Undoq bo‘lsa, Tan’imga borib, umra qilg‘il!» -
dedilar Janob Rasululloh. Men ukam birlan birga umra qilgani ketdim. Umra qilib
kelayotganimizda Janob Rasululloh birlan yo‘lda uchrashib qoldik, ul kishi: «Sizlar birlan
falon joyda uchrashg‘aydirmiz»,- dedilar».