Sahihi Buxoriy. 1-jild. Imom Ismoil al-Buxoriy
www.ziyouz.com kutubxonasi
372
8-bob. Madinaning qo‘rg‘onlari haqida
Usoma raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam Madina
qo‘rg‘onlaridan biriga chiqib, balanddan pastga qaradilar-da: «Bilurmisiz, nelarni
ko‘rmakdamen? Men xonadonlaringiz o‘rtasida bo‘lajak fitnalarni shaffof suv tomchisi
ostidagi narsani ko‘rgandek aniq ko‘rib turibdirmen»,- dedilar.
9-bob. Madinaga Dajjol kirmaydir
Abu Bakr raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam: «Dajjol
Madinaga xavf sololmag‘aydir, o‘shal kuni Madinaning yetti qopqasidan har birini
ikkitadan farishta qo‘riqlab turg‘aydir»,- dedilar».
Nu’aym ibn Abdulloh Mujmir Abu Hurayra raziyallohu anhudan eshitib rivoyat qiladirlar:
«Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Madinaga kiraverishda farishtalar mavjud
bo‘lib, unga vabo ham, Dajjol ham boshini suqolmag‘aydir»,-dedilar».
Ishoq ibn Abdulloh ibn Abu Talha raziyallohu anhu Anas ibn Molik raziyallohu anhudan
eshitib rivoyat qiladirlar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam: «Madinadan bo‘lak Dajjol
bosib olmagan birorta ham shahar qolmag‘aydir, Madinaga olib boradirgan barcha
yo‘llarni farishtalar saf-saf bo‘lib himoya qilib turgaydirlar. Keyin, Madina uch marotaba
silking‘aydir, Olloh uning aholisi orasidagi barcha kofir va munofiqlarni itqitib
tashlag‘aydir»,- dedilar».
Abu Sa’id Xudriy raziyallohu anxu rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va
sallam bizga Dajjol xususida ancha gaplarni aytib berdilar. Xususan, bunday dedilar:
«Dajjol Madinaga kirolmag‘aydir, chunkim ul Madinaga olib boradirgan yo‘llarga qadam
qo‘ymoq imkonidan mahrum bo‘lib, shahar tashqarisidagi tuzloq yerga kelib tushg‘aydir.
O’shal kuni shaharning eng fozil kishisi Dajjolga: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam
o‘z hadislarida aytgan o‘shal Dajjol erkanlig‘ingni ko‘rib turibdirman»,- deydir. Dajjol:
«Aytg‘il-chi, agar mana bul kishini o‘ldirib, keyin qayta tiriltirsam, mening ishim haq
erkanlig‘iga shubha qilmasmisizlar?»-deydir. Odamlar: «Yo‘q»,- deyishg‘aydir. Dajjol o‘zi
ko‘rsatgan kishini o‘ldirib, keyin qayta tiriltirg‘aydir, Shunda qayta tirilgan odam: «Xudo
haqqi, men sening to‘g‘ringdagi so‘zlarga endi ishondim»,- der. Dajjol boyagi (fozil)
kishini ham o‘ldirmoqchi bo‘lur, ammo harchand urinmasin, baribir o‘ldira olmag‘aydir».
Dostları ilə paylaş: