SIZDAN NIMA KETDI
Garchi, yashamadim beiqbol, nigun,
Garchi, davralarim nurlik, otashlik,
Nega, mening dilim, titraysan nechun,
Nechun yuragimni tirnaysan, g‘ashlik.
Ne bu, erta ketgan yoshligimmi bu,
Yoki do‘stlarimdan orttirgan hasrat?
Ne bu, qandayin his, qandayin tuyg‘u,
Qanday nomsiz mehr, ismsiz nafrat?
Qirq yil ham o‘tibdi misli bir damdek,
Qolgani ne kechar - menga noayon.
Vayrona tagida majruh odamdek
Tirmashib yashayman hayotga tomon.
Sizdan nima ketdi, ey do‘sti aziz,
Sog‘inmang menga har bir zum yomonlik.
Mendan nima ketdi, sizga ham cheksiz
Saodat tilayin, tilay omonlik.
1983
BAHOR TILAKLARI
Nechun ko‘klam madhi tushmas g‘azaldan,
Shoirlar bahorni kuylar azaldan?
Oshiqlar zangori kenglikka boqib,
Qo‘shiqlar aytadi bag‘rini yoqib.
Tabarruk chollarning chakkasida gul,
Momolar o‘yida bahordir nuqul.
Bir lahza yasharar qarri qo‘rg‘onlar,
Ajib dilbar bo‘lib qolar insonlar.
Ha, bahor misrasi menda ham talay,
Bu holning boisi bordir harqalay.
Azizim, g‘unchaga nazar sol bir on,
Bag‘rida hozircha turfa hol pinhon.
Ranglar yashar unda balki pushti, oq,
Ajab, tikoni ham hozircha yumshoq.
Saylanma. Abdulla Oripov
www.ziyouz.com kutubxonasi
20
Tong chog‘i shabboda ko‘taradi bosh,
Oh, nechog‘ latifu nechog‘lik yovvosh.
Asli qahratonning nabirasi u,
Nash’u namolari hozircha ezgu.
Inson fe’li qiziq, yashagay hurkib,
Shervachchani silab, sherdan-chi, qo‘rqib.
Bahor norasida go‘dakday shirin,
Qo‘ynida ezgulik armon yashirin.
Nashtar bo‘lmasidan g‘unchaning xori
Shirin tuyuladi uning diydori.
Bo‘ronga aylanmay shabboda - go‘dak
Ozurda dillarni yayratar beshak.
Odam bolasiga doim umid yor,
Shul sabab bahorga tilagi bisyor:
Olamga qabohat zahrin sochmasa,
Mas’um yuraklarda yara ochmasa.
Qoplamasa basdur yeru samoni
Mudhish qirg‘inlarning qora to‘zoni.
1983
* * *
Yashasang dunyoda yorug‘ yuz bilan,
Hurmat ko‘rguzsang va bo‘lsa izzating!
Ketsang, eslasalar shirin so‘z bilan,
Yaxshi noming qolsa, qolsa xizmating.
G‘anim nafratingga kelolmasa bas,
Kulsang, sidqidildan yayrab kulolsang.
Dilda g‘ashlik bo‘lmay yashasang, xullas,
Baxtli odamlarday baxtli bo‘lolsang.
1983
BOBUR
Men-ku, oddiy odam,
Shundoq bo‘lsa ham
Shukr, bas, degancha g‘animlarim bor.
Shart emas ularga ta’rif chinakam,
Biri jununsifat, birovi hushyor.
Saylanma. Abdulla Oripov
Dostları ilə paylaş: |