Saylanma. Abdulla Oripov
www.ziyouz.com kutubxonasi
107
Badavlat kimsaga berdilar savol,
Dedilar: Nima bor kuchliroq puldan?
U javob qaytardi: - Qo‘rqaman alhol,
Adolat axtargan o‘sha yo‘qsildan.
1994
XALQ
Hamma narsa o‘tadi, mansab, shonu shavkat ham,
Shirindan
shirin qolur, talxdan esa qolur talx.
Bir kuni tuproq bo‘lur, tengsiz shamsi tal’at ham,
Faqatgina xalq yashar, faqatgina qolur xalq.
Gohida ko‘zda yoshu gohida xandon bo‘ldik,
Gohida bolg‘a bo‘lsak, gohida sandon bo‘ldik,
Axiyri kulib tole, sohibi davron bo‘ldik,
Faqatgina xalq yashar, faqatgina qolur xalq.
Nomingni qaro degan - paxtaginam, senmisan,
Lo‘ppi deya yutganim - laxtaginam, senmisan,
Avaxtada
bosh urgan taxtaginam, senmisan?!
Faqatgina xalq yashar, faqatgina qolur xalq.
O’zbekning peshonasin po‘latdan yaratmishdir,
Yumushini malomat, zahmatdan yaratmishdir,
Bir so‘z bilan aytganda - mehnatdan yaratmishdir,
Faqatgina xalq yashar, faqatgina qolur xalq.
Tinglasang tuganmaslik afsonasi bor bu el,
Sarkardasi, shoiri,
taronasi bor bu el,
Ming oqilga arzirlik devonasi bor bu el,
Faqatgina xalq yashar, faqatgina qolur xalq.
Farishta emasdirmiz, ushbu gapim sir emas,
Har uchragan eshonu,
har sallalik pir emas,
Lekin dasturxon haqqi, ko‘nglimiz hech kir emas,
Faqatgina xalq yashar, faqatgina qolur xalq.
Janggohlarda jon bergan bobolarni unutmang,
Moshoq terib non bergan momolarni unutmang.
E’tiqod, iymon bergan duolarni unutmang,
Faqatgina xalq yashar, faqatgina qolur xalq.
Amalparast, lo‘ttiboz bo‘lmagan
qachon axir,
Sak bir nima yemasa og‘zi bo‘larmish taxir,
Bizning barchamiz shohmiz, bizning barchamiz faqir!
Faqatgina xalq yashar, faqatgina qolur xalq.