Saylanma.
Abdulla Oripov
www.ziyouz.com kutubxonasi
115
Bilsang, u men uchun ming darsdan afzal,
Dunyo hikmatlarin timsoli erur.
Bir
kuni qutulib zulmat-soyadan
Omad narvonida ko‘targaysan qad.
Lekin bu omonat pillapoyadan
Balki yiqitgaydir seni ham hasad.
Shunda tashlab qochar ne-ne do‘st, yoron,
Axir ular uchun so‘ngan yorug‘ing.
Og‘zi qulog‘iga yetgancha shodon,
Seni kutib olar o‘shal chorig‘ing.
1996
IKKI KALAMUSH
Kalamushlar,
kalamushlik ishi qolib,
Talashardi uyasidan chiqib olib.
Men adirning bu yog‘idan, derdi biri,
Men adirning u yog‘idan, derdi biri.
Ikkisi ham qo‘ymadi hech kerilarin,
Bir kun ovchi shilib ketdi terilarin.
Aytganlarim hikmat emas,
masal emas,
Har kimga ham yoqadigan asal emas.
Ochiq gap shul: ajratmangiz yeringizni,
Toki shilib ketmasinlar teringizni.
1996
(Turkum)
XALQARO ANJUMAN
Mana, o‘tsa hamki necha zamonlar,
Bu yerda yig‘ilar siyosatdonlar.
Afriqolik habash, bolqonlik bulg‘or,
O’risu Rumo Chin - bunda bari bor.
Biri muslim bo‘lsa, biri butparast,
Biri nasoron-u, biri o‘tparast.
Biri tund,
birovin nazari issiq,
Biri menga o‘xshar - ko‘zlari qisiq.
Sariyga o‘ralgan birin sumbati,
Birovin boshida tustovuq pati.
Saylanma. Abdulla Oripov
www.ziyouz.com kutubxonasi
116
Turfa tillar bunda boshlasa bozor,
Xudodan boshqaning farqlashi dushvo
Bu yerda o‘tgaydir na pul, na savlat,
Bu yerda o‘z so‘zin aytar har davlat.
Notiqlar va’zlarin
toki boshlaydi,
Muhtasham gaplarni qalab tashlaydi.
Goho qay birovi qizishgani dam,
Sipqoraman deydi ummonlarni ham.
Tunu kun bahs qilib bo‘ylashar ular,
Dunyoning taqdirin o‘ylashar ular.
Qo‘shni fin so‘raydi sekin, aylab noz:
Janob, Siz kim uchun bergaysiz ovoz?
Men ham esnayman-u, ko‘krak keraman:
O’zbekiston uchun ovoz beraman!
1996
JENEVA
Jeneva,
Jeneva,
Necha kunlarim
Sening iliqqina bag‘ringda o‘tdi.
Tashvishli
damlarni yurak unutdi,
Moviy bo‘shliqlarga singdi unlarim.
Zangori ko‘l uzra chayqalar oqqush,
Mayin patlariga to‘lqin yuqmaydi.
Yiroqda Monblan tog‘i uxlaydi,
Oppoq qor choyshabin tagida behush.
Yashil maysazorning ipak qatiga
Ninachi shabnamdan qadaydi durlar.
Quyuq daralarda potrar qarqurlar,
Jar
solib tevarak, mamlakatiga.
Cho‘qqilar ortidan o‘rmalar bulut,
Birdan tinib qolar o‘tloqdagi toy.
Shivalab o‘tadi yomg‘ir, hoynahoy,
Borliqqa cho‘kadi novvotrang sukut.
Jeneva tin olar ma’sum va yovvosh,
Billur tomchilarda nozik yaltirar.
Zum o‘tmay yana sho‘x barglar qaltirar,
Yana ko‘rinadi jilmaygan quyosh.
Jeneva,
Jeneva
Ilhom yulduzi,