www.ziyouz.com kutubxonasi
114
— Hozir siz bilan ikki qirg‘oqqa o‘tirib olib bahslashishga fursat yo‘q. Tavakkal qilamiz:
qotil kimning yaqini bo‘lishidan qat’i nazar Muhammadrizaevni o‘ldirishga harakat qiladi.
Uning boshqa chorasi yo‘q.
— Muhammadrizaevni qurbon qilib, og‘zimizni ochib qolmaymizmi?
Solihov okapitanni chuqur mulohaza yuritgani uchun yaxshi ko‘rardi. Mulohaza degani
haddan ziyod chuqurlashib ketsa ham bo‘lmas ekan — Solihov qo‘pol tarzda javob
qaytarganini o‘zi ham sezmay qoldi:
— Og‘iz ochib, chapak chalib qolmaslik uchun kamroq gapirib, ko‘proq o‘ylash kerak.
Kapitanga bu gap g‘oyat malol keldi. «Men bilan bunday muomala qilmang»,
demoqchi bo‘ldi-yu, gap chuvalashib ketishi mumkinligini fahmlab tilini tiydi.
Osoyishtalikning yagona yo‘li ham shu — bir tomon jirillaganida ikkinchi tomon og‘irlikni
bo‘yniga olmog‘i darkor.
Solihov marhumning uyiga hozir borsammi yo tong sahardami, deb ikkilandi. Oxiri,
kech bo‘lsa ham hozir borish shart, degan qarorga kelib, o‘rnidan turdi. Ko‘chaga chiqib
«kazbeg»ini tutatayotgan Ramazonovni ko‘rdi-da, unga yaqinlashdi.
— Bizning ishimizda shunaqa nohaqliklar ham bo‘lib turadi, mendan ranjimang, — deb
xayrlashdi-da, eski shahar tomon yurdi.
Darvozaning taqillashidan cho‘chib uyg‘ongan Yo‘lchivoy Solihovning ovozini eshitib,
ham ajablandi, ham xavotirlandi. Mayor darvozaxonaga o‘tib, ichkari kirishga unamadi.
— Bemahalda bezovta qilishimning sababi bor. Ish tezlashib ketdi, — dedi u uzrli
ohangda. — Masalani tez yechmasak, otangiz qora kursiga o‘tiradi. Siz bugun Murodilla
Rahmatullaevni shifoxonaga boshlab boribsiz. Uni siz taklif qildingizmi yo o‘zi borib
ko‘rishni ixtiyor qildimi? Har bir gapni yaxshilab eslab, aniq javob bering.
Nogahoniy tashrifdan va mayorning gapidan gangigan Yo‘lchivoy o‘ychanlik bilan gap
boshladi:
— Ayam betoblar. Murodilla amakim ertalab xabar olgani chiquvdilar. Dadamni
yo‘qlaganimni aytdim.
— U odamning yangilikdan xabari bormi?
— Ha.
— Qachon xabar topgan?
— Ayam betoblangan kuni... Siz Safarqul akani boshlab kelgandingiz.
— Muhammadrizaevning qotillikni bo‘yniga olayotganini bilarmidi?
— Bilardilar.
— Aybi isbotlanmay, ochiqlikka chiqqanini bilganidan keyin nima dedi?
— Siz Murodilla amakimdan gumonsirayapsizmi?
— Savol bermay, javob qaytaring. Nima ish qilishni biz o‘zimiz yaxshi bilamiz. Demak,
nima dedi?
Yo‘lchivoy o‘ylanib, yelka qisdi.
— «Otang xasta bo‘lsa, borib ko‘rib qo‘yaymi», dedilar, xolos. Xo‘p, dedim, olib
bordim.
— Siz bu odamni necha yildan beri taniysiz?
— Esimni taniganimdan beri.
— Bugun otangizga yaqinlashmabdilar, eshitdim. Ertaga yana olib borish kerak.
— Nimaga?
— Shunday qilish kerak. Mening kelganimni, ayniqsa, taklifimni bildirmang.
Otangizning sihatidan bezovta ekaningizni ayting. Keyin... gap orasida «Otam qotilni
ko‘rib qolgan ekanlar», deng.
— Rostdanam Murodilla amakimdan shubhalanyapsizmi?