www.ziyouz.com kutubxonasi
31
Yetishtirdimu chumchuqqa oldirdim. Endi... bilmayman... Mendan gap so‘rama... Agar
o‘tganimni eshitib qolsang, ruhimga duo bag‘ishlasang bas.
— Yozib berganlaringdan birini yodlab o‘qisam o‘qirman, lekin Xudoga ishonmayman-
ku, bu yog‘i qandoq bo‘ladi?
— Ertami-kechmi, baribir ishonasan. Bandaning boshqa yo‘li yo‘q.
U shunday deb fotiha o‘qidiyu turdi. Damin unga qarshilik qilmadi.
Jahongir qabriston tomon yurdi. U shirin uyquday bir o‘limni orzu qilgan edi. Bu
orzuga yetishishi ham gumon bo‘lib qoldi.
Damin so‘nggi diydor kunini, do‘stining so‘nggi gaplarini aytib sukutga toldi. Mayor
Solihov uning singan ruhiga yana azob bermaslik uchun darrov savolga tutmadi.
Jabborov bezovtalanib soatiga qarab qo‘ydi. Uni hozir bu jikkak odamning gaplari
qiziqtirmas, aksincha loy yo‘ldan iziga qaytish tashvishga solayotgan edi. Solihov
hamrohining bezovtaligini sezib, unga norozi qiyofada boqdi.
Solihov Daminning ahvol-ruhiyasiga tushunib turardi, biroq u aytgan gaplar bilan
kifoyalanib chiqib keta olmas, shu uchun sukutga ko‘p erkinlik berolmas ham edi.
— Muhammadrizaev nima uchun qabriston tomonga ketdi?
— Ena-otasi o‘sha yerda.
— Qishloqda boshqa hech kimi yo‘qmi?
— Yo‘q. Akasi qochib ketgan. Opalarini quloq qilgansizlar. Jahon ularni ko‘p qidirdi,
topolmadi.
— «Don yetishtirdimu chumchuqqa oldirdim», deb nimani nazarda tutgan ekan?
— Kim biladi, bu bir mataldir-da.
— «Sharipovni men o‘ldirmoqchi edim, boshqa odam o‘ldirib ketibdi», degan gap
emasmi?
— Bilmadim. Sharipovingizni men tanimasam, Jahon uni menga gapirmagan bo‘lsa.
— Muhammadrizaevning miltig‘i bormidi?
— Miltiq nima qiladi unda? U xudojo‘y odam edi. Odam o‘ldirganiga men
ishonmayman.
— O‘zi bo‘yniga olyapti-ku?
— Sizlarning qo‘llaringizga tushgan odam qotillikni bo‘yniga olish u yoqda tursin,
onasiga uylanishga ham rozi bo‘lib ketadi.
— Damin aka, besh qo‘l barobar emas. Bu gaplaringiz o‘rinsiz. Biz «bo‘yningga ol»,
deb zo‘rlamadik. Uni izlaganimiz ham yo‘q. O‘zi kelib bo‘yniga oldi. Qotillik yuz bergan
joyda etigining izi bor. Bizga bir narsa qorong‘i: u Daydidaraga nima maqsadda borgan?
Agar o‘sha yerda ishi bo‘lsa, nima uchun to‘g‘ri boravermasdan siznikiga keldi? U yerdan
nima uchun yana siznikiga qaytdi?
— Tushunmadingizmi? — dedi Damin zarda bilan. — U meni xudojo‘ylikka burmoqchi
edi. O‘lsa orqasida mendan bo‘lak yaqini yo‘q. Shu gapni aytib qo‘ymoqchi bo‘lgan.
— Marhumni uning akasiga o‘xshatdingiz. Agar shu odam rostdan ham akasi bo‘lsa
buni sizga aytarmidi, «Akamni o‘ldirib ketishibdi», demasmidi?
— Aytish lozim bo‘lganini aytardi, lozimmasini aytmasdi.
Daminning keyingi gapida keskinlik sezildi. Solihov ortiqcha savol-javobga o‘rin
qolmaganini anglab, o‘rnidan turdi.
Ular qishloq soveti idorasiga kirmay izlariga qaytishdi.
— Bu Damin deganlari balki Rizaev bilan birga borgandir Daydidaraga? — dedi
Jabborov.
— Balki borgandir, — dedi Solihov e’tiborsiz ohangda.