So’nggi o’q (qissa).
Tohir Malik
www.ziyouz.com kutubxonasi
62
Hushidan ketgan Jahongirni olib chiqishgach, Solihov joyiga o‘tirdi. Kutilmagan bu
voqeadan sarosimaga tushgan Yo‘lchivoy umidvor odamning ko‘zi bilan mayorga qaradi.
— Dadamni... shu kishi... — dedi biroz duduqlanib. «O‘ldirganmi?» deyishga tili
bormadi.
— Yo‘q, bu odam emas.
— Unda nimaga ro‘para qildingiz?
— Demak,
shunday qilish lozim edi, — Solihov qo‘pol ohangda gaplashayotganini
o‘zim ham sezib, grafindagi suvdan quyib ichdi. — Siz... Qirqbel degan qishloqni
eshitganmisiz?
— Yo‘q... — Yo‘lchivoy shunday deb ko‘zini olib qochdi.
— Qirqbel otangiz o‘ldirilgan Daydidaraga yaqin. Demak, otangizning tanishlari
Qirqbelda bo‘lishi mumkin, — dedi Solihov undagi o‘zgarishni sezmaganga olib. — Bu
yerga kelganlaringdan so‘ng hech Yusufxonaga bordinglarmi?
— Dadam rahmatli bordilar.
— Borib kelib nima devdilar? Balki eski tanishlarini uchratganlarini aytgandirlar?
— Esimda yo‘q.
— Bobongiz haqida hech gapirganmilar? Kim bo‘lgan bobongiz?
— Bobom... dehqon bo‘lganlar.
—
Boy dehqonmi, o‘rtaholmi yo kambag‘almi?
— Buni so‘ramaganman. Nimaga meni so‘roq qilyapsiz? Axir jabrni biz ko‘rgan
bo‘lsak, qotilni topish o‘rniga...
— Qotilni topish uchun ham so‘rayapman. Siz ko‘p narsani bilmaydiganga o‘xshaysiz
yo bilsangiz ham aytgingiz kelmayapti. Men onangiz bilan gaplashishim kerak.
— Mumkin emas, siz nomahramsiz.
— Bu gaplarni qo‘ying, yigit, boshqalarga mumkinmasdir, menga mumkin.
— Sizni uyga kiritmayman.
— Uyingizga borish niyatim yo‘q. Hozir borib, onangizni shu yerga olib kelasiz. Yo‘q
desangiz, militsioner yuborib oldirib kelaman. Menga shunday huquq berilgan.
Yo‘lchivoy ilojsiz bir ahvolda o‘rnidan turdi.
U chiqib ketgach, mayor telefon trubkasini
ko‘tardi. Solihovga kapitan Ramazonov kerak edi, xayriyat, xonasida ekan.
— Kapitan, bir ishni xom qilibmiz. Menga 1955 yilda Xitoydan o‘tib
kelgan
Sharipovlarning ro‘yxati kerak.
— Siddiq Sharipovga aloqadorlarmi? — deb so‘radi kapitan.
— Yo‘q, umuman Sharipovlarning hammasi kerak. Nazarimda bular boshqa odamning
familiyasiga o‘tishgan. Kechgacha aniqlab bering, men ertaga Yusufxonaga borib
kelaman.
Solihovga kalavaning uchi ko‘rinib qolganday edi. Lekin bu kalava
uchi uni qotil tomon
boshlamay, boshqa bir sir sandig‘i sari yetaklayotgan edi. «Balki Sharipov chindan
Muhammadrizaevning akasidir. Balki boshqa familiyada qaytgandir. Balki yigirma
ikkinchi yilda bir jinoyat qilib qochgandir. Xo‘sh, shunday bo‘lgan ham deylik. Aka-uka
orasidan nima gap o‘tgan? Aka-uka mojarosini uchinchi odam hal qilganmi?
Kim u
uchinchi odam? Bu savolga Muhammadrizaev javob berishi mumkin. Lekin u aytmaydi.
Balki... u uchinchi odamni ko‘rmagandir. U kelganda akasi o‘lib yotgandir. Akasini saqlab
qololmagani uchun o‘zini-o‘zi la’natlab, ayblab jazo olmoqchidir. Harholda, aka-uka nima
uchun aynan Daydidarada uchrashadi?».
Yo‘lchivoy hayallamadi. Solihov bugungi so‘roq
natijalarini yozib, rasmiylashtirguncha
keldi.
— Onangiz qanilar? — dedi u Yo‘lchivoyning yolg‘iz kirganini ko‘rib.