www.ziyouz.com kutubxonasi
63
— Shu yerdalar, odamingiz qo‘ymayapti, paranjini olasan deydi, — Yo‘lchivoyning gap
ohangidan uning qattiq achchiqlangani sezildi.
Solihov navbatchiga qo‘ng‘iroq qilib, paranjili ayolni o‘tkazib yuborishni buyurdi.
Shundan so‘ng Yo‘lchivoy chiqib, onasini boshlab kirdi.
— Xafa bo‘lmang, opa, ishimiz shunaqa, — dedi Solihov uzr ohangida, — o‘g‘lingiz
ko‘p narsani bilmas ekan. Qaytganlaringizdan so‘ng Yusufxonaga bordinglarmi?
— Dadasi boruvdilar.
— Siz asli Yusufxonadanmisiz?
— Ha.
— Qarindoshlaringiz yo‘qmi u yerda?
— Yo‘q.
— Qirqbelda-chi?
— Yo‘q.
— Qiziq... Hech kimingiz bo‘lmasa ham, yaqinlaringizning qabri bordir. Shuncha yildan
keyin ham ziyoratga o‘tmabsiz-da?
— Dadalari borganlar.
— Qaynotangizning kasb-korlari nima edi?
— Dehqon edilar.
— Boymi, o‘rtaholmi, kambag‘almi?
— Kambag‘al edilar.
«Bu yigit o‘ziga pishiqqina ekan, — deb o‘yladi Solihov, — kela-kelguncha onasini
savol-javobga tayyorlabdi. Bu ayolning ko‘zlarini ko‘rsam edim. Agar yolg‘on
gapirayotgan bo‘lsa, ko‘zlari fosh qilib turardi. Bu yigit shuni bilganmi, shuning uchun
paranjisini oldirmayaptimi? Men ularni cho‘chitib qo‘ydim shekilli? O‘tmishlaridan
cho‘chishmayaptimi? Bu paranji ayol yuzini emas, sir-asror yuzini to‘sib turibdi».
— Opa, o‘tmishni so‘rayotganimdan cho‘chimang. Qaynotangiz boy bo‘lganida ham,
boringki, bosmachi bo‘lganida ham sizlarga zarracha ziyon-zahmat yetmaydi. Men bu
gaplarni sizlarni ayblash uchun surishtirayotganim yo‘q. Mening vazifam sizning
kechmishlaringizni o‘rganish emas, qotilni topish. Qotillikning bir ildizi o‘sha yillarga
borib taqalar balki, deb gumon qilyapmiz. Eringiz bezoriga tasodifan duch kelmagan. U
Daydidaraga aldab yoki majburlab olib borilgan.
Ayol xo‘rsindi. Bu xo‘rsinishda paranji ichidagi vujudning qayg‘u-hasratlari zohir bo‘ldi.
Bu qayg‘u-hasrat tilga ko‘chadimi, aytiladimi noma’lum. Odamni vujudga yashiringan
qayg‘u-hasrat yeydi. Paranji ichidagi ayol bunga yana qancha chidaydi? Ko‘rgan-
kechirganlarini balki o‘zi bilan olib ketar?
— Opa, ism-nasabingizni ayting.
— Xadicha... Sharipova.
— Sharipov — eringizning familiyasi, otangizning ismi nima?
— Rahmonqul...
— Eringizning aka-ukalari bormidi?
— Yo‘q... — ayolning ovozi titradi.
— Eringiz nimaga oqsardi?
— Tug‘ma edi.
Solihov Jahongirning suratini olib Xadichaga uzatdi:
— Bu kishini taniysizmi?
Xadicha jim qoldi. Xo‘rsindi. So‘ng yig‘lamsiragan ovoz bilan:
— Yo‘lchivoy, o‘g‘lim, meni olib ketgin, mazam qochayapti, — dedi.
Solihov savol-javob yozilgan qog‘ozga imzo chekdirib oldi-da, ularga ruxsat berdi.
«Baribir cho‘chishyapti, nimadandir qattiq qo‘rqishyapti. Balki... Uchinchi odamni ular